Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

42-TADQIQ MAQOLASI

Tangri Yahova kim bo‘lishingizni xohlaydi?

Tangri Yahova kim bo‘lishingizni xohlaydi?

Tangri... sizlarda istak uyg‘otib, kuch ato etadi. FILIP. 2:13

104-QO‘SHIQ Allohning muqaddas ruh hadyasi

BU MAQOLADA *

1. Yahova maqsadiga erishish uchun nima qila oladi?

YAHOVA maqsadiga erishish uchun kim bo‘lishi kerak bo‘lsa, O‘sha bo‘ladi. Masalan, Yahova Ustoz, tasalli beruvchi va xushxabar Voizi bo‘lishi mumkin. Bu atigi bir nechta misol, xolos. (Ishayo 48:17; 2 Kor. 7:6; Galat. 3:8) Shu bilan birga, U niyatini amalga oshirish uchun ko‘pincha odamlardan foydalanadi. (Mat. 24:14; 28:19, 20; 2 Kor. 1:3, 4) Shuningdek, Yahova Uning irodasini bajarishimiz uchun biz muhtoj bo‘lgan donolik va kuchni har birimizga berishi mumkin. Ko‘p ilohiyotshunoslarning fikricha, bularning barchasi Xudoning ismi nimani anglatishining turli qirralaridir.

2. a) Nega gohida Yahova mendan foydalanyaptimikin, degan shubhalarga borishimiz mumkin? b) Ushbu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

2 Barchamiz Yahova bizdan foydalanishini istaymiz, ammo ba’zilar Yahova mendan foydalanyaptimi, degan shubhalarga borishi mumkin. Nega? Masalan, ular yoshi, vaziyati yoki qobiliyatlari tufayli Yahovaga istaganimday ko‘p xizmat qila olmayapman, deb o‘ylaydi. Boshqalar esa, qilayotgan xizmati bilan qoniqib, ko‘proq qilish imkoniyatlarini e’tibordan chetda qoldirishi mumkin. Bu maqolada Yahova Uning irodasini bajarishimiz uchun har birimizga qanday yordam berishi mumkinligini bilib olamiz. Bundan tashqari, Yahova xizmatchilariga — erkag-u ayollarga — harakat qilishlari uchun qay yo‘sin ham istak, ham kuch bergani to‘g‘risidagi misollarni ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, Yahova bizdan foydalanishiga qanday yo‘l qo‘yishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

QAY YO‘SIN YAHOVA BIZ MUHTOJ BO‘LGAN NARSALARNI BERADI?

3. Filippiliklarga 2:13 ga ko‘ra, qay yo‘sin Yahova bizda istak uyg‘ota oladi?

3 Filippiliklarga 2:13 ni o‘qing *. Yahova harakat qilishimiz uchun bizda istak uyg‘ota oladi. U buni qay yo‘sin qilishi mumkin? Ehtimol, jamoatda kimgadir yordam kerakligi yoki qandaydir ish bajarilishi zarurligi to‘g‘risida xabar topamiz. Yoki oqsoqollar filialdan kelgan maktubni o‘qib, boshqa jamoatdagilar yordamga muhtoj ekanini aytadi. Shunda o‘zingizdan: «Men qanday yordam bera olaman?» — deb so‘rashingiz mumkin. Yo bo‘lmasa, sizga qiyin vazifa topshirishdi va buni uddalay olarmikinman, deb o‘ylarsiz. Yoki Xudoning Kalomidagi ba’zi oyatlarni o‘qib, shunday mulohaza yuritishingiz mumkin: «Boshqalarga yordam berish uchun bu fikrlarni qanday qo‘llasam bo‘ladi?» Yahova bizni biron ish qilishga majburlamaydi. Ammo U nima qila olishimiz to‘g‘risida o‘ylaganimizni ko‘rib, bunga muvofiq yo‘l tutishimiz uchun bizda istak uyg‘otishi mumkin.

4. Harakat qilishimiz uchun qanday qilib Yahova kuch ato etishi mumkin?

4 Shuningdek, Yahova harakat qilishimiz uchun bizga kuch ato etishi mumkin. (Ishayo 40:29) U muqaddas ruhi yordamida bizda bor qobiliyatlarni yanada yaxshilay oladi. (Chiq. 35:30–35) Yahova tashkiloti orqali muayyan vazifalarni qanday bajarishni o‘rgatishi mumkin. Vazifangizni qay yo‘sin bajarishni bilmasangiz, yordam so‘rang. Qolaversa, saxiy samoviy Otamizga bemalol ibodat qilib, «insonlarnikidan ustun turgan kuch» so‘rang. (2 Kor. 4:7; Luqo 11:13) Yahova erkag-u ayollarga ular muhtoj bo‘lgan narsani berib, harakat qilishlari uchun ularda istak uyg‘otgani va kuch ato etgani to‘g‘risida Muqaddas Kitobda ko‘pgina misollar bor. Ularning ba’zilariga diqqat qaratar ekanmiz, siz ham shunga o‘xshab, Yahovaga qay yo‘sin xizmat qila olishingiz borasida o‘ylab ko‘ring.

YAHOVANING YORDAMINI OLGAN ERKAKLAR

5. Yahova xalqini qutqarish uchun Musodan qay yo‘sin va qachon foydalanganidan nimalarni bilib olyapmiz?

5 Yahovaning yordami bilan Muso Isroil xalqining qutqaruvchisi bo‘ldi. Xo‘sh, Yahova undan qachon foydalandi? Muso «misrliklarning bor hikmatini» o‘rgangach, o‘zini bu vazifaga tayyor ekanini his etganidami? (Havor. 7:22–25) Yo‘q, Yahova Musoni shakllantirgan va u kamtarin hamda muloyim kishi bo‘lganidan keyingina undan foydalangan. (Havor. 7:30, 34–36) Muso Misrdagi eng qudratli boshqaruvchiga gapira olishi uchun Yahova unga jasorat bergan. (Chiq. 9:13–19) Yahova Musodan qay yo‘sin va qachon foydalanganidan nimalarni bilib olyapmiz? Yahova Uning fazilatlariga taqlid qilishga intilganlardan va kuch so‘rab Unga tayanganlardan foydalanadi. (Filip. 4:13)

6. Shoh Dovudga yordam berish uchun Yahova Borzulaydan foydalanganidan qanday saboq olyapmiz?

6 Asrlar o‘tgach, Yahova shoh Dovudga yordam berish maqsadida Borzulaydan foydalangan. Dovud odamlari bilan o‘g‘li Absalomdan qochganida, «och qolib, holdan toyishgan va chanqab qolishgan». O‘shanda yoshi o‘tib qolgan Borzulay boshqalar bilan birgalikda Dovudga hamda uning odamlariga yordam berish uchun hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Borzulay keksa bo‘lganim uchun Yahova mendan foydalanmaydi, degan fikrga bormagan. Aksincha, Xudoning muhtojlikda bo‘lgan xizmatchilariga yordam berish uchun saxiylik ila qo‘lida bori bilan bo‘lishgan. (2 Shoh. 17:27–29) Bundan qanday saboq? Yoshimiz nechada bo‘lmasin, asosiy ehtiyojlarini qondira olmayotgan xoh mahalliy, xoh o‘zga yurtdagi imondoshlarga yordam berish uchun Yahova bizdan foydalanishi mumkin. (Hik. 3:27, 28; 19:17) Hatto ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam bera olmasak-da umumjahon voizlik faoliyatiga ehson qilib, kerak bo‘lganda yordam taqdim eta olinishi uchun hissamizni qo‘shsak bo‘ladi. (2 Kor. 8:14, 15; 9:11)

7. Yahova Shimo‘ndan qay yo‘sin foydalangan va buni bilish bizga qanday dalda berishi mumkin?

7 Quddusda yoshi ulug‘ Shimo‘n ismli sadoqatli kishi yashar edi. Yahova unga Masihni ko‘rmagunicha, hayotdan ko‘z yummasligini va’da qilgan. Bu va’da Shimo‘nga dalda bergani aniq, axir u Masih kelishini ko‘p yillardan beri kutayotgan edi! Ha, u imoni va sabr-bardoshi uchun mukofotlandi! Bir kuni «muqaddas ruh boshqaruvi bilan u ma’badga keldi». U yerda esa, bir chaqaloqni ko‘rdi. Bu Iso edi. Yahova Shimo‘n orqali bu bola Masih bo‘lishini bashorat qildi. (Luqo 2:25–35) Ehtimol, Shimo‘n Isoning yer yuzidagi xizmatini ko‘rishga ulgurmagandir, ammo Yahova undan shu tariqa foydalangani uchun u minnatdor edi. Oldinda Shimo‘nni ko‘p barakalar kutmoqda! Yangi dunyoda bu sadoqatli kishi Isoning boshqaruvi yer yuzidagi hamma insonlar uchun baraka bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi. (Ibt. 22:18) Biz ham Yahova Unga xizmat qilishimiz uchun bergan har qanday sharafni qadrlashimiz kerak.

8. Qay yo‘sin Yahova Barnabodan foydalangani kabi, bizdan ham foydalanishi mumkin?

8 Milodiy birinchi asrda Yusuf ismli saxiy bir kishi Yahova undan foydalanishi uchun o‘zini taqdim etgan. (Havor. 4:36, 37) Balki Yusuf boshqalarga tasalli berishda mahoratli bo‘lgani uchun havoriylar uni Barnabo deb atashgandir. Uning ma’nosi «tasalli o‘g‘li». Misol uchun, Shoul masihiy bo‘lganida, ko‘p birodarlar undan qo‘rqqan. Chunki oldin u jamoatdagilarni quvg‘un qilgandi. Lekin Barnabo unga tasalli va yordam bergan. Shoul uning bunday mehribonligi uchun juda minnatdor bo‘lgani aniq. (Havor. 9:21, 26–28) Keyinchalik Quddusdagi oqsoqollar olisda joylashgan Suriyaning Antioxiya shahridagi imondoshlarga dalda berish kerakligini tushunishgan. Xo‘sh, ular kimni yuborishdi? Barnaboni! Bu to‘g‘ri qaror edi. Muqaddas Kitobdan Barnabo «hammani Hazratimiz yo‘lida barqaror yurishga undagani» haqida o‘qiymiz. (Havor. 11:22–24) Bugungi kunda ham Yahova birodar-u opa-singillarimizga tasalli berishimizga yordam bera oladi. Masalan, yaqinini yo‘qotgan insonga taskin berish uchun U bizdan foydalanishi mumkin. Yo bo‘lmasa, kasal yoki tushkunlikda bo‘lgan insonni yo‘qlab borishga yo unga qo‘ng‘iroq qilib ikki og‘iz shirin so‘z aytishga bizni undar. Yahova Barnabodan foydalangani kabi, sizdan ham shunday foydalanishiga yo‘l qo‘yasizmi? (1 Salon. 5:14)

9. Yahova Vasiliyga yaxshi oqsoqol bo‘lishiga yordam berganidan qanday saboq olyapmiz?

9 Tangri Yahova Vasiliy ismli birodarga qobiliyatli oqsoqol bo‘lishiga yordam berdi. U oqsoqol bo‘lib tayinlanganida 26 yoshda edi va imondoshlariga, ayniqsa, qiyinchiliklar bilan kurashayotganlarga yordam bera olmaslikdan qo‘rqqan. Ammo Mas’uliyatli birodarlar uchun maxsus ta’lim dasturi orqali tajribali oqsoqollardan ajoyib ta’lim olgan. Vasiliy o‘z ustida ko‘p ishlagan. Masalan, u oldiga kichik maqsadlar qo‘ygan. Birin-ketin ularga erishgani sayin, asta-sekin qo‘rquvlarini yenggan. U quyidagicha dedi: «Oldin meni qo‘rqitgan narsalar hozir ulkan quvonch keltiryapti. Yahova jamoatdagi imondoshimga tasalli berishim uchun o‘rinli oyatni topishga yordamlashganda, bu menga ulkan mamnuniyat baxsh etadi». Birodarlar, Vasiliy singari siz ham o‘zingizni taqdim etib, Yahova sizdan foydalanishiga yo‘l qo‘ysangiz, jamoatda ko‘proq vazifalarni bajarishingiz uchun U sizga qobiliyat bera oladi.

YAHOVANING YORDAMINI OLGAN AYOLLAR

10. Obigayl nima qildi va uning misolidan qanday saboq olyapmiz?

10 Dovud odamlari bilan shoh Shouldan qochib yurganida, yordamga muhtoj bo‘lgan. Dovudning odamlari boy kishi bo‘lgan isroillik Navoldan ularga ozgina ovqat berishini so‘rashgan. Ular sahroda Navolning podalariga g‘amxo‘rlik qilishgani uchun, bu haqida so‘rashga o‘zlarini haqli deb bilishgan. Lekin xudbin Navol ularga hech nima bermaydi. Bundan Dovudning g‘azabi qaynab, Navol va uning xonadonini o‘ldirmoqchi bo‘ladi. (1 Shoh. 25:3–13, 22) Biroq Navolning go‘zal xotini Obigayl mulohazakor ayol edi. U jasoratga to‘lib, Dovudning oyoqlariga yiqilib, uni qon to‘kib, qasos olmaslikka undaydi. U muloyimlik ila bu masalani Yahovaga topshirishni aytadi. Obigaylning kamtarinlik ila aytgan so‘zlari va mulohazakorlik ila tutgan yo‘li Dovudning qalbiga ta’sir qiladi. U Obigaylni Yahova yuborganini tushunadi. (1 Shoh. 25:23–28, 32–34) Obigaylda ajoyib fazilatlar bo‘lgani uchun Yahova undan foydalana olgan. Shunga o‘xshab, opa-singillarimiz muloyim va mulohazakor bo‘lsa, Yahova oila rishtalarini va jamoatni mustahkamlashda ulardan foydalanishi mumkin. (Hik. 24:3; Titus. 2:3–5)

11. Shallumning qizlari nima qilgan va bugungi kunda ularga kimlar taqlid qilyapti?

11 Ko‘p asrlar o‘tgach, Yahova Quddus devorlarini ta’mirlash ishlarida foydalangan insonlar orasida Shallumning qizlari ham bor edi. (Naxim. 2:20; 3:12) Ularning otasi boshqaruvchi bo‘lgan bo‘lsa-da, bu qizlar qiyin va xavfli hisoblangan ishni qilishga tayyor bo‘lishgan. (Naxim. 4:15–18) Ularning o‘rnagi o‘zlarini muhim deb bilgan va «xizmat qilish uchun bo‘yin egmagan» taxuvaliklardan qanchalar farq qilgan-a?! (Naxim. 3:5) Loyiha atigi 52 kunda bitganida, Shallumning qizlari qanchalar quvonganini bir tasavvur qiling! (Naxim. 6:15) Hozirgi paytda esa, Yahovaga bag‘ishlangan binolarni qurish va ta’mirlash kabi muqaddas xizmatning o‘zgacha turida opa-singillarimiz tayyorlik va quvonch bilan yordam beradi. Ularning qobiliyatlari, g‘ayrati va sadoqati bu ish muvaffaqiyat qozonishi uchun muhimdir.

12. Yahova Tavitadan foydalangani kabi, bizdan qay yo‘sin foydalanishi mumkin?

12 Yahova Tavitani, ayniqsa, bevalarga «ko‘p ezgu ishlar qilib, xayr-sadaqa berishga» undagan. (Havor. 9:36) U juda saxiy va mehribon edi va hayotdan ko‘z yumganida ko‘plar yig‘lagan. Lekin havoriy Butrus uni tiriltirganida ular rosa quvonishgan. (Havor. 9:39–41) Tavitadan qanday saboq olyapmiz? Yosh-u qari, erkag-u ayol — barchamiz birodar-u opa-singillarga amaliy yordam bera olamiz. (Ibron. 13:16)

13. Yahova Rut ismli imondoshimizdan qanday foydalangan va u qanday xulosaga kelgan?

13 Rut ismli imondoshimiz uyatchan bo‘lib, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lishni orzu qilgan. U yoshligida uyma-uy xizmat qilib, buklamalarni qoldirardi-yu tezda ketib qolardi. U quyidagicha degandi: «Bu ish jon-u dilim edi». Ammo eshik oldida gapirish va Xudoning Shohligi to‘g‘risida aytish u uchun qiyin bo‘lgan. Uyatchan bo‘lishiga qaramay, Rut 18 yoshida kashshof bo‘ldi. 1946-yili Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabida o‘qidi va keyinchalik Gavayi oroli hamda Yaponiyada xizmat qildi. Xushxabar u yerlarda ham yoyilishi uchun Yahova undan ko‘p foydalandi. Deyarli 80 yil xizmat qilgach, Rut shunday xulosaga kelgandi: «Yahova doim meni mustahkamlab kelgan. U uyatchanligimni yengishga yordam berdi. Aminmanki, Yahova Unga ishongan har qanday kishidan foydalana oladi».

YAHOVA SIZDAN FOYDALANISHIGA YO‘L QO‘YING

14. Kolosaliklarga 1:29 ga binoan, Yahova bizdan foydalanishini istasak, nima qilishimiz kerak?

14 Tarix mobaynida Tangri Yahova niyatini amalga oshirish uchun turli yo‘llar orqali xizmatchilaridan foydalangan. U sizdan qay yo‘sin foydalanishi mumkin? Ko‘p narsa qanchalar fidoyilikka borishga tayyor ekaningizga bog‘liq. (Kolosaliklarga 1:29 ni o‘qing.) O‘zingizni taqdim etsangiz, Yahova sizdan foydalanadi. Shunda xushxabarning g‘ayratli voizi bo‘lishingiz, yaxshi ta’lim berishingiz, mahorat bilan tasalli baxsh etishingiz, mohir ishchi va qo‘ldosh do‘st yoki Xudoning irodasini bajarish uchun yana boshqa asbob bo‘lishingiz mumkin.

15. Timo‘tiyga birinchi maktub 4:12, 15 da keltirilganiday, yosh birodarlar Yahovadan nima haqida yolvorib so‘rashi kerak?

15 Katta hayotga qadam qo‘yayotgan yosh birodarlar haqida nima desa bo‘ladi? Qo‘shimcha vazifalar olib, jamoat xizmatkorlari bo‘la oladigan g‘ayratli birodarlarga ehtiyoj katta. Ko‘p jamoatlarda oqsoqollar jamoat xizmatkorlariga qaraganda ko‘proq. Yosh birodarlardan ba’zilari jamoatda qo‘shimcha vazifalarni olish istagini rivojlantira oladimi? Gohida ayrim birodarlar: «Shunchaki va’zgo‘y ekanimdan xursandman»,— deb aytadi. Sizning vaziyatingizda ham shunday bo‘lsa, Yahovaga iltijo qilib, jamoat xizmatkori bo‘lish talablariga mos kelish istagini uyg‘otishini va Unga qo‘lingizdan kelganicha xizmat qilish uchun kuch berishini so‘rang. (Voiz 12:1) Aziz birodarlar, yordamingizga muhtojmiz! (1 Timo‘tiyga 4:12, 15 ni o‘qing.)

16. Yahovadan nima haqida so‘rashimiz kerak va nega?

16 Yahova irodasini bajarish uchun kim bo‘lishingizni istasa, sizni o‘sha qilishi mumkin. Shu bois, Uning ishini qilish uchun istak uyg‘otishini va siz muhtoj bo‘lgan kuchni berishini so‘rang. Yoshingiz nechada bo‘lsa ham, vaqtingiz, kuchingiz mol-mulkingizdan foydalanib, Yahovani hozirdan sharaflang. (Voiz 9:10) Qo‘rquv yoki o‘zingizni qobiliyatsiz his etish kabi tuyg‘ular Yahovaga xizmat qilish yo‘lidagi bebaho imkoniyatlarni qo‘ldan boy berishingizga sabab bo‘lmasin. Hamd-u sanolarga loyiq bo‘lgan sevgiga to‘la Otamizga har qanday yo‘l orqali xizmat qilish sharafdir!

127-QO‘SHIQ Qay inson bo‘lay men?

^ 5- x.b. Yahovaga ko‘proq xizmat qilishni xohlaysizmi? U mendan hozir ham foydalana olarmikin, deb o‘ylayapsizmi? Yoki Yahovaga yetarlicha xizmat qilyapman, deb xulosa qilyapsizmi? Ushbu maqolada Yahova Uning irodasini bajarishingiz uchun sizdan qay yo‘sin foydalanmoqchi bo‘lsa, buning uchun ham istak, ham kuch bera olishini muhokama qilamiz.

^ 3- x.b. Pavlus bu maktubni birinchi asrdagi masihiylarga yozgan bo‘lsa-da, aslida, u yerdagi fikrlar Yahovaning barcha xizmatchilariga tegishlidir.