Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Fikrlash tarzingizni kim shakllantiryapti?

Fikrlash tarzingizni kim shakllantiryapti?

Ushbu zamonga uyg‘unlashmanglar. RIM. 12:2

QO‘SHIQLAR: 11, 22

1, 2. a) Iso Butrusning taklifiga qanday munosabat ko‘rsatgan? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.) b) Nima uchun u bunday javob bergan?

ISONING shogirdlari eshitganlaridan hayratda edi. Chunki ular Iso Isroil shohligini qayta tiklaydi deb o‘ylashgan, lekin u ularga yaqinda azob chekib, o‘lishini aytgan. Havoriy Butrus unga birinchi bo‘lib shunday degan: «O‘zingizga rahm qiling, Hazratim. Bu ko‘rgiliklar zinhor boshingizga tushmasin». Iso esa: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton! Sen menga to‘sqinlik qilib, Xudo kabi emas, insonlarday fikr yurityapsan»,— deb javob bergan. (Mat. 16:21–23; Havor. 1:6)

2 Bu so‘zlar bilan Iso Xudoning fikrlash tarzi va bu dunyoni boshqarayotgan Shaytonning g‘oyalari orasida katta farq borligini aniq ko‘rsatgan. (1 Yuhan. 5:19) Butrus Isoni bu dunyoning fikrlash tarziga ega bo‘lishga chorlagan. Ammo Iso Otasining fikrlash tarzi umuman boshqacha ekanini bilgan. U Xudo uning azob chekib, yaqinda o‘lishga tayyor bo‘lishini xohlayotganini tushungan. Butrusga javob berib, Iso bu dunyoning emas, Yahovaning fikrlash tarzi u uchun muhim ekanini ko‘rsatgan.

3. Nega bu dunyodagi odamlarday fikr yuritish qiyin emas?

3 Biz haqimizda nima desa bo‘ladi? Yahova kabi fikr yurityapmizmi yoki bu dunyodagi odamlardaymi? Allohning talablariga yarasha yo‘l tutish uchun jon kuydirayotgandirmiz. Biroq fikrlash tarzimiz-chi? Fikrlash tarzimiz Yahovaniki bilan uyg‘un bo‘lishi uchun harakat qilyapmizmi? Buning uchun ancha ter to‘kish kerak. Lekin urinmay turib ham bu dunyodagilarday fikr yurita boshlashimiz hech gap emas. Chunki dunyoning ruhiyati bizni qoplab olgan. (Efes. 2:2) Qolaversa, ko‘pincha bu dunyoda odamlar faqat o‘zini o‘ylashga undaladi, shu bois bu bizga ham ta’sir qilishi mumkin. Ha, Yahova kabi fikrlash qiyin, bu dunyodagilarday o‘ylash esa juda oson.

4. a) Fikrlash tarzimizni bu dunyo shakllantirishiga yo‘l qo‘ysak nima yuz beradi? b) Ushbu maqolada nimalarni bilib olamiz?

4 Agar fikrlash tarzimizni bu dunyo shakllantirishiga yo‘l qo‘ysak, xudbin va nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekanini o‘zimiz hal qiladigan bo‘lib qolamiz. (Mark 7:21, 22) Shu bois insonlarday emas, «Xudo kabi» fikr yuritishga o‘rganishimiz lozim. Bu maqola bunda bizga qo‘l keladi. Fikrlash tarzimizni Yahovaniki bilan uyg‘unlashtirish bizni kishanlashini emas, aksincha foyda keltirishini bilib olamiz. Shuningdek, bu dunyo bizni shakllantirishiga yo‘l qo‘ymasligimiz uchun nima qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Kelasi maqolada esa, muayyan masalalarda Yahovaning fikrlash tarzi qanday ekani va biz U kabi o‘ylashimizga nima yordam berishi haqida gap yuritamiz.

YAHOVANING FIKRLASH TARZI MUNOSIB VA FOYDALIDIR

5. Nega ba’zilar fikrlash tarziga hech kim ta’sir qilishini xohlamaydi?

5 Ba’zi odamlar ularning fikrlash tarziga hech kim ta’sir qilishini xohlamaydi. Ular: «Nima qilishni o‘zim bilaman»,— deydi. Bu so‘zlar bilan ular o‘zlari qaror chiqara olishini va bunga haqqi bor deb ta’kidlashar. Boshqalar ularni nazorat qilishini yoki atrofdagilarday yo‘l tutishga majburlashini istamaydi *.

6. a) Yahova bizga qanday erkinlik ato etgan? b) Erkinligimiz chegaralanganmi?

6 Albattaki, fikrlash tarzimizni Yahovaniki bilan uyg‘unlashtirish shaxsiy nuqtai nazarga ega bo‘lmaslik kerak degani emas. 2 Korinfliklarga 3:17 da aytilganiday, «qayerda Yahovaning muqaddas ruhi bor bo‘lsa, o‘sha yerda erkinlik bo‘ladi». Qanday inson bo‘lishimizni o‘zimiz tanlaymiz. Har birimizda o‘zimiz yoqtiradigan narsa va qiziqishlar bor. Darhaqiqat, Yahova bizni shu tarzda yaratgan. Lekin erkinligimizdan cheklovsiz foydalana olmaymiz. (1 Butrus 2:16 ni o‘qing.) Nima to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini hal qilishimiz kerak bo‘lganda, Yahova Uning fikrlash tarzini bilishimiz uchun Kalomidan foydalanishimizni istaydi. Xo‘sh, bu foydalimi yoki biror narsani yo‘qotyapmizmi?

7, 8. Nega muayyan masalalarda Yahova kabi fikrlash kishanga olinishni anglatmaydi? Misol keltiring.

7 Bitta misolga e’tibor beraylik. Ota-onalar bolalarini yaxshi inson qilib tarbiyalashga intiladi. Ularni rostgo‘ylikka, mehnatkash bo‘lishga va boshqalar haqida o‘ylashga o‘rgatadi. Bu cheklov emas-ku. Aksincha, ular farzandi butun umr baxtiyor bo‘lib yashashini xohlaydi. Bola ulg‘ayib, uyini tark etgach, o‘zi qaror chiqarishda erkin bo‘ladi. Agar ota-onasi o‘rgatganday hayot kechirsa, keyinchalik afsuslanishiga sabab bo‘lmaydigan qarorlar chiqarishi mumkin. Natijada ko‘pgina muammo-yu tashvishlardan yiroqda bo‘ladi.

8 G‘amxo‘r ota-ona kabi, Yahova ham biz mazmunli hayot kechirishimizni xohlaydi. (Ishayo 48:17, 18) Shuning uchun, U axloq borasida va boshqalar bilan munosabat qilishimizda asqatadigan asosiy prinsiplarni taqdim etmoqda. Shu kabi masalalarda Xudo bizni Uning fikrlash tarziga ega bo‘lib, shunga yarasha yashashga chorlamoqda. Bu biz uchun kishan emas, balki fikrlash tarzimizni rivojlantirish, charxlash va kengaytirish demakdir. (Zab. 92:5; Hik. 2:1–5; Ishayo 55:9) Bu shaxs sifatida rivojlanishimizga hissa qo‘shib, baxt keltiradigan qarorlar chiqarishimizga yordam beradi. (Zab. 1:2, 3) Ha, Yahova kabi fikrlash tarziga ega bo‘lish munosib va foydalidir!

YAHOVANING FIKRLASH TARZI ENG A’LOSIDIR

9, 10. Yahovaning fikrlash tarzi eng a’losi ekanini nima tasdiqlayapti?

9 Fikrlash tarzimizni Yahovanikiga uyg‘unlashtirishimizning yana bir sababi, Uning fikrlash tarzi eng a’losidir. Bu dunyo bizga axloq, oila, ish va hokazolar borasida maslahatlar taqdim etadi. Ularning aksariyati Yahovaning fikrlash tarziga umuman zid. Masalan, ko‘pincha odamlar o‘z manfaatlarini ustun qo‘yishga chorlanadi. Bundan tashqari, jinsiy axloqsizlikka ko‘z yumilmoqda. Ba’zida, alohida yashash va arzimas sababga ko‘ra ajralish baxtliroq qiladi deb maslahat beriladi. Bu Muqaddas Yozuvlarga zid. Xo‘sh, hozirgi paytda Muqaddas Kitobdagi maslahat amaliymi yoki bu dunyonikimi?

10 Iso: «Odamning donoligi adolatli ishlaridan ko‘rinadi»,— deb aytgan. (Mat. 11:19) Garchi hozirgi zamonda texnologiya sohasi juda rivojlangan bo‘lsa-da, baxtli yashashimizga to‘sqinlik qilayotgan urush, irqchilik va zo‘ravonlik kabi jiddiy muammolarni hal qilib bo‘lmayapti. Buning ustiga, jinsiy axloqsizlik oddiy holga aylangan. Lekin ko‘plar buning dastidan oilalar barbod bo‘layotganini, kasalliklar va boshqa muammolar paydo bo‘layotganini tan olmoqda. Yahovaning maslahati haqida nima desa bo‘ladi? Uning fikrlash tarziga ega bo‘lgan kishilar oila rishtalarini mustahkamlab, axloqan pok hayot kechirayotganidan foyda ko‘rishyapti va butun dunyo bo‘ylab ular o‘zaro tinch munosabatlardan xursand bo‘lib yashamoqda. (Ishayo 2:4; Havor. 10:34, 35; 1 Kor. 6:9–11) Nahotki bu Yahovaning fikrlash tarzi eng a’losi ekanini tasdiqlamasa?!

11. Muso Kimning fikrlash tarzi bo‘yicha yo‘l tutgan va buning natijasi qanday bo‘lgan?

11 Qadimda ham sadoqatli xizmatchilar Yahovaning fikrlash tarzi eng a’losi ekanini tan olgan. Misol uchun, Musoga «misrliklarning bor hikmati o‘rgatilgan» bo‘lsa ham, «dono qalbga ega bo‘lish» uchun Xudoga ko‘z tikardi. (Havor. 7:22; Zab. 90:12) Shuningdek, u Yahovaga: «Menga O‘z yo‘llaringni ochib ber»,— deb iltijo qilgan. (Chiq. 33:13) Muso Yahovaning fikrlash tarzi bo‘yicha yo‘l tutgani uchun, U O‘z niyatini amalga oshirish maqsadida undan ajoyib tarzda foydalangan. Qolaversa, u Muqaddas Yozuvlarda imoni kuchli inson sifatida tilga olingan. (Ibron. 11:24–27)

12. Pavlus nima asosida qarorlar chiqargan?

12 Havoriy Pavlus o‘qimishli, esli inson bo‘lib, ibroniy va yunon tillarini bilgan. (Havor. 5:34; 21:37, 39; 22:2, 3) Ammo prinsip bo‘yicha yo‘l tutish kerak bo‘lganda, dunyoning donoligini rad etgan. U Muqaddas Yozuvlar asosida qarorlar chiqargan. (Havoriylar 17:2; 1 Korinfliklarga 2:6, 7, 13 ni o‘qing.) Buning natijasida Pavlus zavq ila xizmat qilib, abadiy mukofotga ko‘z tikkan. (2 Tim. 4:8)

13. Fikrlash tarzimizni Yahovanikiga uyg‘unlashtirish uchun kim mas’uliyatli?

13 Shubhasizki, Allohning fikrlash tarzi eng a’losidir. Uning me’yorlari bo‘yicha yashasak, hayotimiz chinakamiga baxtli va mazmunli bo‘ladi. Lekin Yahova bizni Uning fikrlash tarziga ega bo‘lishga majburlamaydi. «Ishonchli va aqlli xizmatkor» ham, oqsoqollar ham fikrlash tarzimizni nazorat qilmaydi. (Mat. 24:45; 2 Kor. 1:24) Negaki, har birimiz fikrlash tarzimizni Yahovanikiga uyg‘unlashtirish mas’uliyatiga egamiz. Xo‘sh, buni qanday qilib amalga oshira olamiz?

USHBU ZAMONGA UYG‘UNLASHMANG

14, 15. a) Yahova kabi fikrlash tarziga ega bo‘lish uchun nimalar ustida mulohaza yuritishimiz kerak? b) Rimliklarga 12:2 ga ko‘ra nega bu dunyoning g‘oyalari ongimizni zaharlashiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim? Misol keltiring.

14 Rimliklarga 12:2 da quyidagi maslahat yozilgan: «Ushbu zamonga uyg‘unlashmanglar, aksincha, Tangrining yaxshi, maqbul, komil irodasi nimada ekanini aniqlash uchun ongingizni yangilab, o‘zingizni o‘zgartiringlar». Ushbu ilhomlantirilgan so‘zlardan ko‘ryapmizki, haqiqatni bilishimizdan avval fikrlash tarzimizni nima shakllantirgan bo‘lsa ham, uni Yahovaniki bilan uyg‘unlashtirish mumkin. Gap shundaki, fikrlash tarzimizga irsiy omillar va o‘tmishimizdagi voqealar ta’sir qilgandir. Biroq ongimiz moslashuvchan bo‘lib, o‘zgara oladi. Buning uchun ongimizni nima shakllantirishiga yo‘l qo‘yayotganimiz va nimalar haqida o‘ylayotganimiz diqqatga sazovor. Yahovaning fikrlash tarzi ustida mulohaza yuritsak, Uning nuqtai nazari doim to‘g‘ri ekanini o‘zimiz uchun isbotlaymiz. Keyinchalik, fikrlash tarzimiz Uniki bilan uyg‘un bo‘lishi biz uchun tabiiy istakka aylanadi.

15 Shunisi ahamiyatliki, Yahova kabi fikrlash tarziga ega bo‘lish uchun «ushbu zamonga uyg‘unlashmaslik» kerak. Bu degani, Allohga xush kelmaydigan har qanday g‘oya yoki nuqtai nazarni olg‘a suradigan narsalar ongimizni zaharlashiga chek qo‘yishimiz lozim. Buni yaxshiroq anglash uchun, keling, bir misolga e’tibor qarataylik. Sog‘ligi yaxshi bo‘lishini xohlagan kishi foydali oziq-ovqatni iste’mol qiladi. Lekin u shu bilan birga zararli yegulikni ham muntazam ravishda iste’mol qilsa, bu unga foyda keltiradimi? Shu singari, bu dunyoning g‘oyalari ongimizni zaharlashiga yo‘l qo‘ysak, Yahovaning nuqtai nazariga ega bo‘lish uchun qilayotgan urinishlarimiz behuda bo‘ladi.

16. O‘zimizni nimalardan himoya qilishimiz kerak?

16 Xo‘sh, bu dunyoning fikrlash tarzidan butunlayin yiroqlasha olamizmi? Yo‘q, tarki dunyo qila olmaymiz. Ushbu fikrlash tarzi qaysidir jihatdan bizga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. (1 Kor. 5:9, 10) Hatto va’zgo‘ylikda ham odamlar noto‘g‘ri fikr va soxta ta’limotlar aytishganini eshitamiz. Shunday bo‘lsa-da, ular haqida haddan ortiq o‘ylamaymiz va ularni qabul qilmaymiz. Isoga o‘xshab biz ham Shayton olg‘a surayotgan g‘oyalarni darrov rad etishimiz kerak. Demak, bu dunyoning bo‘lmag‘ur g‘oyalaridan o‘zimizni himoya qila olamiz. (Hikmatlar 4:23 ni o‘qing.)

17. Bu dunyoning fikrlash tarzi bizga yuqmasligi uchun qanday yo‘l tutishimiz lozim?

17 Masalan, do‘st tanlayotganda ehtiyot bo‘lishimiz lozim. Muqaddas Kitobda aytilishicha, agar Yahovaga topinmaydigan insonlar bilan yaqindan muloqot qilsak, ularning fikrlash tarzi bizga ham yuqishi hech gap emas. (Hik. 13:20; 1 Kor. 15:12, 32, 33) O‘yin-kulgi turini tanlayotganda ham donolik ila yondashishimiz darkor. Evolyutsiya nazariyasi, zo‘ravonlik yoki axloqsizlikni o‘z ichiga olgan vaqtichog‘lik turlaridan bosh tortamiz, chunki bunday qilib «Alloh to‘g‘risidagi bilimga qarshi» g‘oyalar fikrlash tarzimizni zaharlashining oldini olamiz. (2 Kor. 10:5)

Farzandlarimizga dunyoning fikrlash tarzini rad etishga ko‘maklashyapmizmi? (18-, 19- xatboshilariga qarang.)

18, 19. a) Nega ko‘zga uncha tashlanmaydigan sohalarda bu dunyoga xos fikrlash tarzidan ehtiyot bo‘lishimiz kerak? b) O‘zimizga qanday savollarni berib ko‘rsak yaxshi bo‘lardi va nima uchun?

18 Ko‘zga uncha tashlanmaydigan sohalarda ham bu dunyoga xos fikrlash tarzidan ehtiyot bo‘lishimiz oqilonadir. Misol uchun, yangiliklarda biror siyosatchining nuqtai nazari foyda keltiradiganday ko‘rsatilishi mumkin. Ayrimlar kimdir bu dunyoda erishgan yutuqlari va maqsadlari haqida qiziqarli hikoyalar aytib beradi. Ba’zi film va kitoblar orqali «birinchi navbatda men», «birinchi o‘rinda oilam» degan falsafaga oid g‘oyalar singdirilib, bu dono, munosib va hatto to‘g‘riday ko‘rsatiladi. Bunday qarashlar Muqaddas Kitobga umuman qarshi, boisi unga ko‘ra birinchi navbatda Yahovani yaxshi ko‘rsak, oilamiz bilan chinakam baxtiyorlikka erisha olamiz. (Mat. 22:36–39) Bundan tashqari, ba’zi ertaklar ham, garchi aksariyati o‘z-o‘zidan yomon bo‘lmasa-da, bolalar axloqsiz ishlarga qo‘l urishiga sabab bo‘lishi mumkin.

19 Foydali o‘yin-kulgi turlarini tanlashning hech yomon joyi yo‘q. Shuning uchun, o‘zimizga quyidagi savollarni berib ko‘rsak yaxshi bo‘lardi: «Bu dunyoning g‘oyalari hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri olg‘a surilmaganda ham, ularni farqlay olyapmanmi? Televideniyedagi muayyan dastur yoki o‘qiladigan ma’lumotga kelganda, bolamni va hatto o‘zimni ham himoya qilyapmanmi? Bolam eshitayotgan yoki ko‘rayotgan narsalari tufayli bu dunyoning g‘oyalari bilan zaharlanmasligi uchun, unga Yahovaning nuqtai nazariga ega bo‘lishga yordam beryapmanmi?» Xudoning va bu dunyoning fikrlash tarzi orasidagi farqni ko‘ra olish, «ushbu zamonga uyg‘unlashmaslikka» ko‘maklashadi.

FIKRLASH TARZINGIZNI HOZIR KIM SHAKLLANTIRYAPTI?

20. Fikrlash tarzingizni kim shakllantirishi nimaga bog‘liq?

20 Unutmangki, ikkita ma’lumot manbai bor, ya’ni Yahova hamda Shayton boshqarayotgan bu dunyo. Xo‘sh, qaysi biri bizni shakllantiryapti? Javobi oddiy, qaysi manbadan foydalanayotgan bo‘lsak, o‘sha bizni shakllantiradi. Agar bu dunyoning g‘oyalarini qabul qilsak, ular fikrlash tarzimizni shakllantiradi va aksariyat odamlarday o‘ylab, yo‘l tutamiz.

21. Keyingi maqolada qaysi muhim narsa haqida gap boradi?

21 Yuqorida aytilganidek, Yahova kabi fikr yuritish uchun yomon fikrlardan xoli bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Ongimizni Xudoning fikrlari bilan oziqlantirib, Uning nuqtai nazarini o‘zlashtirishimiz zarur. Navbatdagi maqolada buni qay yo‘sin amalga oshirish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

^ 5- x.b. Aslini olganda, hatto eng mustaqil kishiga ham boshqalar ta’sir qiladi. Masalan, bu dunyoning yaratilishi bo‘ladimi yoki kiyinishmi, boshqalar bizga qaysidir darajada ta’sir qiladi. Shunday bo‘lsa-da, kim bizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yish o‘zimizning ixtiyorimizda.