Mo‘l-ko‘l hosil!
ISO oxirzamonda izdoshlari hosil mo‘lligidan quvonishlarini bashorat qilgan. (Mat. 9:37; 24:14) Ukrainaning Zakarpatye viloyatida uning so‘zlari o‘zgacha tarzda amalga oshganiga diqqat qarating. Bu viloyatdagi faqatgina uchta qo‘shni shaharning o‘zida 50 ta jamoat va 5 400 dan oshiq va’zgo‘y bor *. Ha, mazkur uchta shaharning aholisini umumiy hisoblaganda, har to‘rt kishining biri Yahovaning Shohidi.
Bu hududda qanday odamlar yashaydi? «Bu yerdagi odamlar Muqaddas Kitobni hurmat qiladi, adolatni qadrlaydi, mustahkam oilaviy rishtalarga ega va samimiyat bilan bir-biriga yordam berishga harakat qiladi»,— deb bo‘lishdi shu yerda yashovchi Vasile birodarimiz. U davom etib: «Ular doim ham bizning e’tiqodimizga qo‘shilishmasa-da, Muqaddas Kitobdan biror narsa o‘qib bersak, diqqat bilan tinglashadi»,— dedi.
Xushxabarni e’lon qilish kerak bo‘lgan odamlarga nisbatan va’zgo‘ylar soni yuqori bo‘lgani uchun bu hududdagi imondoshlarimiz xizmatda o‘zgacha qiyinchilikka duch kelmoqda. Masalan, bir jamoatda 134 ta va’zgo‘y bor va ularning hududida bor-yo‘g‘i 50 ta uy bor! Xo‘sh, qanday qilib va’zgo‘ylar bu vaziyatga moslashyapti?
Ko‘p imondoshlarimiz ehtiyoj katta bo‘lgan hududlarda xizmat qilishga xohish bildirdi. Misol uchun, yoshi 90 da bo‘lgan Yonash birodarimiz shunday deydi: «Jamoatimiz hududidagi 1 ta uyga 2 ta va’zgo‘y to‘g‘ri kelyapti. Men qishloqda va’z qilaman, ammo sog‘ligim yomonlashguniga qadar, deyarli 160 km uzoqlikda joylashgan tayinlanmagan hududga borib, venger tilida va’z qilardim». Boshqa hududlarda yordam berish uchun va’zgo‘ylar qurbonliklarga borishadi. Yonash birodarimiz yana shularni qo‘shimcha qildi: «Poyezdga ulgurish uchun sahar 4 da turardim va u kechki 6 da ortga qaytgunigacha va’z qilardim. Men buni haftada ikki-uch marta qilardim». U qilgan mehnatlarini arzigulik deb biladimi? U: «Men bu xizmatda ko‘p quvonch topdim. Olis hududda yashovchi oilaga haqiqatni o‘rganishiga hissa qo‘shganimdan juda mamnunman»,— deb aytdi.
Albatta, bu hududdagi jamoatlarda bo‘lganlarning hammasi ham uzoq joylarga bora olmaydi. Lekin barcha, jumladan, yoshi ulug‘ va’zgo‘ylar ham mahalliy hududda keng shohidlik berish uchun jon kuydirmoqda. Natijada, 2017-yili Qutlug‘ Kechlik marosimiga va’zgo‘ylar sonidan deyarli ikki barobar ko‘p odam yoki bu uchta shahar aholisining yarmi tashrif buyurdi. Shubhasizki, qayerda xizmat qilmaylik «doimo Rabbimizning ishi bilan band bo‘lishimiz» mumkin. (1 Kor. 15:58)
^ 2- x.b. Bu shaharlarning nomi Glubokiy Potok, Srednye Vodyanoye va Nijnya Apsha.