Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Yahova bilan birga qadam qo‘yganman

Yahova bilan birga qadam qo‘yganman

BIZ Karakasda (Venesuela) o‘ziga to‘q odamlar yashaydigan hududda turardik. 1984-yili, bir kuni ertalab shinamgina uyimizdan ishga ketayotgandim. Yo‘lda «Qo‘riqchi minorasi» jurnalidagi yaqinda chiqqan bir maqola ustida mulohaza yuritayotgandim. U boshqalar biz haqimizda qanday fikrda ekani to‘g‘risida edi. Atrofimdagi uylarga qarab, shunday o‘ylanib qoldim: «Qo‘shnilarim meni shunchaki muvaffaqiyatli bank xodimi, deb biladimi? Yoki oilasini ta’minlash uchun bankda ishlaydigan Xudoning xizmatchisi, deb biladimi?» Shunda, qo‘shnilarim meni shunchaki bank xodimi deb bilishlarini tan oldim va bu menga oz-moz yoqmadi. Shuning uchun, hayotimga o‘zgarishlar kiritishga qaror qildim.

Men 1940-yili 19-mayda Livanning Amyun shahrida tug‘ildim. Yahovani tanib-biladigan va Uni sevadigan baxtli va mehribon oilada ulg‘aydim. Bir necha yildan keyin oilamiz bilan Tripoli shahriga ko‘chdik. Biz oilada beshta farzandmiz: uchta qiz va ikkita o‘g‘il. Men eng kenjasiman. Pul topish ota-onam uchun eng muhimi bo‘lmagan. Butun diqqat-e’tiborimiz Muqaddas Kitobni tadqiq qilish, yig‘ilishlarga borish hamda boshqalarga Xudoni tanib-bilishga ko‘maklashish bo‘lgan.

Jamoatimizda bir nechta moylangan masihiy bor edi. Ulardan biri Maykl Ebout. U kitob tadqiqi deb nomlangan qismni o‘tkazardi. U haqiqatni Nyu-Yorkda bilgan va 1921-yili Livanda xushxabarni e’lon qila boshlagan. U, ayniqsa, Giladni bitirgan ikkita yosh imondoshimiz Anna va Gven Biverni hurmat qilganini va ularga yordam berganini eslayman. Ular bilan ajoyib do‘stlarga aylandik. Ko‘p yillar o‘tgach, Qo‘shma Shtatlarda Annani uchratganimdan rosa xursand bo‘ldim. Biroz vaqt o‘tib, Gvenni uchratdim. U Vilfred Gox ismli birodarga turmushga chiqqandi va Londondagi (Angliya) Baytilda xizmat qilardi.

LIVANDAGI XIZMAT

Yoshligimda Livanda bir nechta Yahovaning Shohidi bor edi. Biroq Muqaddas Kitobdan bilib olganlarimizni g‘ayrat ila boshqalarga aytardik. Ba’zi din rahbarlarining qarshiliklariga qaramay bunday qilardik. Muayyan voqealar hanuzgacha yodimda.

Bir kuni Sana opam bilan ko‘p qavatli binoda Muqaddas Kitobdagi xabarni boshqalar bilan bo‘lishayotgandik. Uy egasi bilan gaplashayotganimizda, biz turgan qavatga bir ruhoniy keldi. Kimdir uni chaqirganga o‘xshaydi. Ruhoniy opamni kamsita boshladi va g‘azabga berilib uni zinadan itarib yubordi va u jarohatlandi. Kimdir politsiyaga qo‘ng‘iroq qildi va Sanaga g‘amxo‘rlik qilishga yordam berdi. Politsiya xodimlari kelib, ruhoniyni mahkamaga olib ketdi va uning to‘pponchasi borligi aniqlandi. Politsiya boshlig‘i undan: «Kimsiz o‘zi? Xudo to‘g‘risida o‘rgatasizmi yoki zo‘ravonlik qilishgami?» — deb so‘radi.

Yana bir voqeani hanuzgacha eslayman. Uzoq bir shaharchada va’z qilish uchun jamoatimiz avtobusni ijaraga oldi. Vaqtni juda ham yaxshi o‘tkazayotgan edik. Lekin mahalliy ruhoniy nima qilayotganimizdan xabar topib, bizga qarshilik ko‘rsatish uchun xaloyiqni yig‘ib kelgandi. Ular bizga do‘q-po‘pisa qilishdi, hatto tosh otishdi. Shunda otam jarohat oldi. Uning yuzi qonga belangandi. U onam bilan avtobusga qarab ketdi va biz ham xavotirlanib orqasidan bordik. O‘shanda onam otamning yuzini artib, nima deganini aslo unutmayman. U: «Yahova, iltimos, ularni kechir. Ular nima qilayotganini bilmaydi»,— degandi.

Yana bir safar shahardagi qarindoshlarimiznikiga borgan edik. Buvamning uyida yepiskop unvonidagi taniqli din rahbarini uchratdik. U ota-onam Yahovaning Shohidlari ekanini bilardi. Olti yoshda bo‘lishimga qaramay, u meni chaqirib: «Ey, nega suvga cho‘mmagansan?» — deb aytdi. Unga javoban hali kichkinaligimni hamda suvga cho‘mish uchun Muqaddas Kitobdan ko‘proq bilishim va imonimni mustahkamlashim kerakligini aytdim. Javobim unga yoqmadi va u buvamga meni odobsiz deb aytdi.

Xayriyat, bunday salbiy voqealar ko‘p bo‘lmagan. Umuman olganda, Livandagi odamlar samimiy va mehmondo‘st. U yerda Muqaddas Kitob asosida qiziqarli suhbatlar qurganmiz va ko‘pgina insonlar bilan Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazganmiz.

OILAMIZ BOSHQA YURTGA KO‘CHDI

Maktabda o‘qiyotganimda Venesueladan Livanga yosh birodarimiz keldi. U yig‘ilishlarimizga qatnaydigan bo‘ldi va Vafa opam bilan uchrasha boshladi. Vaqt o‘tgach, ular oila qurdi va Venesuelaga ko‘chib ketdi. Xatlar yozganda, opam doim otamni butun oilamiz bilan Venesuelaga ko‘chishga undardi. U bizni qattiq sog‘ingani uchun shunday qilardi. Oxiri opam bizni u yerga ko‘chishga ko‘ndirdi.

1953-yili Venesuelaga ko‘chdik va Karakasda prezident yashaydigan hududning yaqinida yashay boshladik. O‘shanda yosh bola edim va gohida qimmatbaho mashinada prezident o‘tib ketayotganini qiziqib tomosha qilardim. Ammo yangi mamlakat, til, madaniyat, oziq-ovqat va iqlimga ko‘nikish ota-onam uchun oson kechmadi. Ular endigina yangi sharoitga moslashdik deganda, noxush voqea ro‘y berdi.

Otam. Onam. Men, 1953-yili Venesuelaga ko‘chganimizda

NOXUSH VOQEA

Otam o‘zini yomon his eta boshladi. Bundan juda hayron qoldik, sababi u kuchli va sog‘lom inson edi. Otam qachon oxirgi marta kasal bo‘lganini hatto eslay olmasdik. Unga oshqozon osti saratoni tashxisi qo‘yildi va u operatsiya qilindi. Afsuski, u bir haftadan keyin vafot etdi.

O‘shanda bizga qanchalar og‘ir bo‘lganini so‘z bilan ta’riflash qiyin. Atigi 13 yoshda edim. O‘zimizni juda yomon his qilgandik va hayotimiz go‘yoki chilparchin bo‘lganday edi. Muayyan vaqt davomida onamga endi turmush o‘rtog‘i yonida emasligini qabul qilish og‘ir bo‘ldi. Ammo hayot davom etishi kerakligini tushundik va Yahovaning yordami bilan sabr-bardoshli bo‘la oldik. 16 yoshimda Karakasdagi maktabni bitirdim va oilamni moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatlashni juda ham istardim.

Sana opam va Ruben ma’nan o‘sishimga kuchli ta’sir qilgan

Vaqt o‘tgach, Sana opam Ruben Arajio ismli birodarga turmushga chiqdi. O‘sha birodar Gilad maktabini bitirib, Venesuelaga qaytib kelgandi. Ular Nyu-Yorkka ko‘chishga qaror qildi. Oilam universitetda o‘qishimni hamda u yerga ko‘chib borib, opamnikida turishimni hal qildi. Opam va pochcham bilan birga yashaganimda ular ma’nan o‘sishimga yordam berdi. Qolaversa, Bruklindagi ispan tilidagi jamoatda juda ko‘p ma’nan yetuk birodarlar bor edi. Misol uchun, Bruklindagi Baytilda xizmat qilgan Milton Xenshel va Frederik Frens bilan yaqinroq tanishganimdan baxtiyorman.

Suvga cho‘mganimda, 1957-yil

Universitetda bir yil o‘qigach, o‘zi nimalar bilan bandman, deb o‘ylanib qoldim. «Qo‘riqchi minorasi»da masihiylar arzigulik maqsadlar qo‘yayotgani haqidagi mavzularni o‘qib, ustida jiddiy mulohaza yuritgandim. Jamoatimizdagi kashshoflar hamda baytilchilar qanchalar baxtiyor ekanini ko‘rardim va ularga o‘xshashni istardim. Lekin Yahovaning Shohidi sifatida hali suvga cho‘mmagandim. Ko‘p o‘tmay, hayotimni Yahovaga bag‘ishlash muhim ekanini tushundim va shunday qildim. 1957-yili 30-martda suvga cho‘mdim.

MUHIM QARORLAR

So‘ng yana bir muhim qadamni qo‘yish istagim to‘g‘risida o‘ylay boshladim. Bu to‘la vaqtli xizmatni boshlash edi. Kashshof bo‘lishni juda ham istardim, biroq bu qadamni qo‘yish oson kechmasligini tushunardim. Qanday qilib ham xizmatni, ham universitetdagi o‘qishimni eplay olardim? Nyu-Yorkdagi o‘qishimni to‘xtatish va Venesuelaga qaytib, kashshof bo‘lish qarorim borasida oilam bilan bir-birimizga rosa ko‘p xat yozdik.

1957-yili iyunda Karakasga qaytdim. Ammo oilamning sharoitlari uncha yaxshi emasligini ko‘rdim. Oilada yana kimdir pul topishi kerak edi. Qanday qilib yordam berishim mumkin edi? Menga bankdan ish taklif qilishdi. Biroq kashshof bo‘lishni juda istardim. Axir aynan shu maqsadda qaytib kelgan edim. Oxiri ham ishlashga, ham kashshof bo‘lishga qaror qildim. Bir necha yil davomida bankda to‘liq ish jadvali bo‘yicha ishladim va shu bilan birga kashshoflik qildim. Men hech qachon shunchalik band va shunchalik baxtiyor bo‘lmaganman.

Shuningdek, Yahovani juda yaxshi ko‘rgan germaniyalik Silviya ismli chiroyli singlimiz bilan tanishib, oila qurdik. U ota-onasi bilan Venesuelaga ko‘chib kelgan edi. Vaqt o‘tgach, ikkita farzandli bo‘ldik. O‘g‘limizning ismi Maykl (Mayk) va qizimiz Samira. Qolaversa, onamga ham g‘amxo‘rlik qilardim. U biz bilan yashardi. Garchi oilamga g‘amxo‘rlik qilish uchun kashshoflikni to‘xtatgan bo‘lsam ham, va’zgo‘ylikda g‘ayratimni so‘ndirmasdim. Ta’til paytida Silviya ikkimiz ko‘makchi kashshof bo‘lib xizmat qilardik.

YANA BIR MUHIM QADAM

Ushbu maqolaning boshida aytilgan vaziyatga duch kelganimda, bolalarimiz hali maktabda o‘qirdi. Shuni tan olishim kerakki, juda yaxshi yashardik. Ishda ham meni hurmat qilishardi. Lekin birinchi navbatda Xudoning xizmatchisi sifatida bilishlarini istardim. O‘sha kungi fikrlar meni tark etmadi. Shunda xotinim bilan o‘tirib, kirim-chiqimimizni muhokama qildik. Bankdagi ishimdan bo‘shasam, maoshimning bir qismi sifatida menga ancha miqdorda haq to‘lanardi. Qarzimiz yo‘q edi, agar hayotimizni soddalashtirsak, o‘sha pul ancha vaqt davomida ro‘zg‘or tebratishimizga yetadi, deb o‘yladik.

Bu qadam oson bo‘lmadi, ammo aziz rafiqam va onam meni qo‘llab-quvvatladi. Yana kashshoflikni boshlamoqchi bo‘ldim. Juda baxtiyor edim. Hammasi yaxshi tuyulayotgandi. Lekin hammamizni hayratga solgan bir xabarni oldik.

KUTILMAGAN YOQIMLI YANGILIK

Uchinchi farzandimiz Gabriel kutilmagan sovg‘a bo‘ldi

Shifokorimiz Silviya homilador ekanini aytdi. Bu ikkalamiz uchun ham kutilmagan yangilik bo‘ldi. Rosa xursand edik, lekin qo‘ymoqchi bo‘lgan qadamim, ya’ni kashshof bo‘lish qarorim to‘g‘risida o‘yladim. Bu kashshof bo‘lish qarorimga ta’sir qilmasmikin? Tez orada bu vaziyatga ham aqlan, ham hissan moslashib, oilamizning yangi a’zosini intiqib kuta boshladik. Lekin kashshof bo‘lish qarorim bilan nima bo‘lar ekan, deb o‘ylardim.

Maqsadlarimiz haqida gaplashgach, bu qarordan qaytmaslikni hal qildik. 1985-yili aprelda o‘g‘limiz Gabriel tug‘ildi. Men nafaqaga chiqdim va o‘sha yili iyunda doimiy kashshoflikni boshladim. Vaqt o‘tib, Filial qo‘mitasi a’zosi bo‘lib tayinlandim. Lekin filial Karakasda emas edi. U uyimizdan taxminan 80 kilometr uzoqlikda edi. Filialga haftada ikki yoki uch marta borib kelardim.

YANA BIR KO‘CHISH

Filial La-Viktoriya shaharchasida joylashgan edi. Shu tufayli, Baytilga yaqinroq bo‘lish uchun oilamiz bilan u yerga ko‘chishga qaror qildik. Bu barchamiz uchun katta o‘zgarish bo‘ldi. Oila a’zolarim bunda meni qo‘llab-quvvatlagani uchun ulardan juda ham minnatdorman. Ularning nuqtai nazari anchagina yordam bo‘ldi. Baxe opam onamizga g‘amxo‘rlik qiladigan bo‘ldi. Mayk uylandi, ammo Samira va Gabriel biz bilan yashardi. La-Viktoriyaga ko‘chish farzandlarimiz uchun Karakasdagi do‘stlarini qoldirishni anglatgan. Bundan tashqari, azizam Silviya gullab-yashnayotgan poytaxtni qoldirib, kichik shaharchadagi hayotga ko‘nikishiga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, barchamiz kichikroq uyda yashashga o‘rganishimiz kerak bo‘ldi. Ha, Karakasdan La-Viktoriyaga ko‘chish uchun anchagina qadamlar qo‘ydik.

Biroq yana o‘zgarishlar yuz berdi. Gabriel uylandi va Samira alohida yashay boshladi. 2007-yili Silviya va meni Baytilga xizmat qilishga taklif qilishdi va hozir ham u yerdamiz. To‘ng‘ich o‘g‘limiz Mayk oqsoqol va xotini Monika bilan kashshoflik qiladi. Gabriel ham oqsoqol, xotini Ambra bilan Italiyada xizmat qiladi. Samira kashshof va masofaviy ixtiyoriy xizmatchi.

Rafiqam Silviya bilan Venesuela filialida. Katta o‘g‘limiz Mayk va Monika. Qizimiz Samira. O‘g‘limiz Gabriel va Ambra

YANA XUDDI SHUNDAY QARORLAR CHIQARGAN BO‘LARDIM

Ha, hayotim davomida anchagina muhim qadamlar qo‘ydim. Biroq hech biridan afsuslanmayman. Yana bir bor xuddi shunday qarorlar chiqargan bo‘lardim. Yahovaga xizmat qilish davomida ega bo‘lgan barcha sharafli vazifalarim uchun nihoyatda minnatdorman. Yillar davomida shuni tushundimki, Yahova bilan qalin do‘st bo‘lish juda muhim. Qo‘yadigan qadamlarimiz xoh kichik, xoh katta bo‘lsin, U «har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan» tinchlikni bera oladi. (Filip. 4:6, 7) Silviya ikkimiz Baytilda muqaddas xizmatni bajarishdan xursandmiz. Yahova chiqargan qarorlarimizga baraka berganini his etyapmiz. Boisi, doim Yahova bilan birga qadam qo‘yganmiz.