Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Yahova yo‘limni ko‘rsatdi

Yahova yo‘limni ko‘rsatdi

MEN 16 yoshimda o‘zim uchun bir yo‘lni tanladim, ya’ni bu dunyoda martaba orttirishni maqsad qilib qo‘ydim. Ammo Yahova saxiylik ila: «Senga aql-idrok ato etib, yuradigan yo‘lingni ko‘rsataman»,— deb menga boshqa yo‘lni tanlashni taklif qildi. (Zab. 32:8) Yahova yo‘limni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yganim uchun hayotimni Unga xizmat qilishga bag‘ishlay oldim va mo‘l-ko‘l barakalarga ega bo‘ldim. Buning ustiga Afrikada 52-yil davomida xizmat qildim.

QORA TUTUNDAN YORQIN QUYOSH TOMON

Men 1935-yili Darlaston shahrida tug‘ilganman. Bu shahar Angliyaning Qora mamlakat deb nomlangan hududiga kiradi. U ko‘plab zavodlardan chiqayotgan qora tutun tufayli bu nomga ega edi. Taxminan to‘rt yoshligimda ota-onam Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladi. O‘smirlik pallasida bu haqiqat ekaniga amin bo‘ldim va 1952-yili 16 yoshda suvga cho‘mdim.

Deyarli o‘sha paytlarda mashinalar uchun qo‘l asboblar va boshqa qismlar ishlab chiqaradigan katta zavodda kotib bo‘lib ishga kirdim. Bu kasbga o‘rgandim va ishim menga juda yoqardi.

Bir tuman noziri men yashagan Uillenxolldagi jamoatda hafta o‘rtasida jamoat kitob tadqiqini o‘tkazishga taklif qildi. Bu borada qaror chiqarish oson emas edi. Chunki ikkita jamoatga qatnardim. Ishim uyimdan taxminan 32 kilometr uzoqlikda, Bromsgrouv shahrida edi. Hafta o‘rtasida u yerdagi jamoatga borardim. Dam olish kunlari esa uyimga, Uillenxollga qaytib, u yerdagi jamoatga qatnardim.

Ishimni juda yaxshi ko‘rgan bo‘lsam ham, Yahovaning tashkilotini qo‘llab-quvvatlashni istaganim uchun tuman nozirining taklifini qabul qildim. Yahova hayotimni yo‘naltirishiga yo‘l qo‘yganimdan hech qachon afsuslanmaganman. Chunki bu tufayli mazmunli hayot kechirdim.

Bromsgrouv jamoatida bo‘lganimda, bor diqqatini Yahovaga xizmat qilishga qaratgan Anna ismli chiroyli singlimiz bilan tanishdim. 1957-yili turmush qurdik. Anna bilan birga doimiy va maxsus kashshof bo‘lishdan, tuman nozirlik va Baytil xizmatida ishtirok etishdan xursand bo‘lganmiz. Butun hayotim davomida Anna quvonchim manbai bo‘lib kelyapti.

1966-yili Gilad maktabining 42- sinfida o‘qiganimizdan nihoyatda xursand edik. Bizni Malaviga tayinlashdi. Bu mamlakatdagi odamlar juda mehribon va mehmondo‘st bo‘lgani uchun ko‘plar u yerni Afrikaning qaynoq nuqtasi deb aytardi. Lekin u yerda bunchalik kam qolamiz deb o‘ylamagandik.

MALAVIDAGI HAYAJONLI PAYTDA XIZMAT QILISH

Malavida tuman nozirlik ishida foydalangan «Kaiser Jeep» rusumli mashinamiz

Malaviga 1967-yili 1-fevralda keldik. Birinchi oy davomida asosan til o‘rgandik, keyin esa tuman nozirlik xizmatini boshladik. «Kaiser Jeep» (kayzer jip) rusumli mashinada hamma joyga, hatto daryolar kechib bora olamiz deb o‘ylardik. Ammo bu biz xohlagandek bo‘lmadi. Sababi bu mashinada faqat eng sayoz joydan o‘ta olardik, xolos. Gohida yomg‘irli mavsumda loydan yasalgan kulbalarda tunardik. Ularning tomi ostida brezent tutilgan bo‘lardi. Bularning bari to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylik xizmatimizni boshlashdan oldin biz uchun oz-moz qiyinchilik tug‘dirdi. Bunga qaramay xizmatimizni juda yaxshi ko‘rardik.

Aprelda, ba’zi muammolarga duch kelishimiz mumkinligini tushundim. Bir safar Malavi prezidenti Xastings Bandaning nutqini radiodan tinglab qoldim. U: «Yahovaning Shohidlari soliqlar to‘lamaydi va hukumatga turli muammolar tug‘diradi»,— deb aytdi. Albatta, bu ayblovlarning barchasi yolg‘on edi. Aslida hamma gap, bizning betarafligimizda va ayniqsa siyosiy partiya guvohnomasini sotib olishdan bosh tortganimizda edi.

Sentyabrda, prezident birodarlarimizni ayblayotganini gazetada o‘qib qoldik. Bir majlisda u Yahova Shohidlarining faoliyatini tez orada man etish qarori chiqarilishini e’lon qildi. 1967-yili 20-oktabrda bu yuz berdi. Ko‘p o‘tmay, politsiya va muhojirlik xizmati xodimlari filialimizni yopish va to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarni mamlakatdan haydash uchun u yerga keldi.

Bizni to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lgan Jek va Linda Yoxansen bilan birga 1967-yili Malavidan deportatsiya qilishyapti

Uch kun qamoqda bo‘lganimizdan keyin bizni Buyuk Britaniyaning qaramog‘ida bo‘lgan Mavrikiyga deportatsiya qilishdi. Lekin Mavrikiy hukumati to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar sifatida qolishimizga ruxsat bermadi. Shuning uchun, bizni Rodeziyaga (hozir Zimbabve deb ataladi) tayinlashdi. U yerga yetib borganimizda muhojirlik xizmati xodimi mamlakatga kirishimizga qarshilik qilib, bizga shunday dedi: «Malavidan haydaldingiz, Mavrikiyda qolishingizga ruxsat berishmadi. Endi, qulay bo‘lgani uchun bu yerga keldingizmi?» Shunda Anna yig‘lab yubordi. Hech kim bizni qabul qilishni istamayotganday edi. O‘shanda hammasini qoldirib uyga, Angliyaga qaytib ketishni xohladim. Oxiri ular faqat bir kechaga filialda qolishimizga ruxsat berishdi va ertasi kuni bu haqda ularning boshliqlariga hisobot berishimiz kerak edi. Nihoyatda charchagan edik va hammasini Yahovaning qo‘liga topshirdik. Ertasi kuni kutilmaganda mehmonlar sifatida Zimbabveda qolishimizga ruxsat berishdi. O‘sha kuni nimalarni his qilganimni hech qachon unutmayman. Yo‘limizni Yahova boshqarganiga aminman.

ZIMBABVEDA TURIB MALAVIDA XIZMAT QILISH

Zimbabvedagi Baytilda Anna bilan birga, 1968-yili

Zimbabvedagi filialda Xizmat bo‘limiga tayinlandim. Menga Malavi va Mozambik hududi topshirilgan edi. U yerdagi birodarlar shiddatli quvg‘unlarga duch kelayotgandi. Vazifamga Malavidagi tuman nozirlari yuborgan xabarlarni tarjima qilish kirardi. Bir kuni kechgacha ishlab o‘tirdim va imondoshlarimiz dahshatli zo‘ravonliklarni boshdan kechirayotganini o‘qib rosa yig‘ladim *. Ammo ularning sadoqati, imoni va sabr-bardoshi menga dalda berdi. (2 Kor. 6:4, 5)

Malavidagi va ta’qiblar dastidan Mozambikka qochib ketgan imondoshlarimizga ma’naviy ozuqani yetkazish uchun qo‘limizdan kelganini qilardik. Malavida keng tarqalgan chicheva tiliga tarjima qiladigan guruh Zimbabvedagi birodarimizning katta fermasiga ko‘chib o‘tdi. Birodarimiz jon deb ularga uylar hamda ofis qurib berdi. Tarjimonlar u yerda Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni tarjima qilishdek muhim ishni davom ettira olishdi.

Malavidagi tuman nozirlari har yili Zimbabveda chicheva tilida o‘tgan viloyat anjumaniga kelishlariga g‘amxo‘rlik qilardik. Ushbu anjumanda ular nutqlar bilan chiqishardi. Keyin esa Malaviga qaytib, anjumandagi fikrlarni imondoshlar bilan bo‘lishishardi. Bunday tashriflarning birida o‘sha jasoratli tuman nozirlarining imonini mustahkamlash maqsadida Mas’uliyatli birodarlar uchun maxsus ta’lim dasturini uyushtirdik.

Chichevada (Zimbabve) chicheva/shona tilidagi anjumanda nutq aytyapman

1975-yili fevralda Malavidan Mozambikdagi lagerlarga qochib kelgan imondoshlar bilan ko‘rishdim. U yerdagi birodarlar Yahovaning tashkiloti taqdim etgan so‘nggi ko‘rsatmalarga, jumladan, oqsoqollar kengashi bo‘lishiga oid yangi yo‘l-yo‘riqqa amal qilishgan. Yaqinda tayinlangan oqsoqollar ma’naviy tadbirlar uyushtirishgan, ommaviy nutqlar aytishgan, kunlik oyatni va «Qo‘riqchi minorasi»ni muhokama qilishgan, hatto anjumanlar o‘tkazishgan. Ular lagerlarda xuddi anjumandagiday tozalash, oziq-ovqat tarqatish va xavfsizlik bo‘limlarini tashkillashtirishgan. O‘sha sodiq birodarlarimiz Yahovaning ko‘magi bilan anchagina ishlarni amalga oshirishgan. Ularnikiga tashrif buyurganimdan rosa dalda olganman.

1970-yillarning oxirida Malavi Zambiyadagi filial nazorati ostiga o‘tdi. Lekin men u yerdagi imondoshlar haqida tez-tez o‘ylardim va ular uchun ibodat qilishda davom etardim. Ko‘pchilik shunday qilardi. Men Zimbabve filial qo‘mitasi a’zosi sifatida xalqaro bosh idora vakillari, Malavi, Janubiy Afrika va Zambiyadagi mas’uliyatli birodarlar bilan bir necha marta ko‘rishdim. Har safar: «Qanday qilib Malavidagi imondoshlarga ko‘proq yordam bera olamiz?» — degan savolni muhokama qilardik.

Bora-bora ta’qiblar kamaydi. Boshqa mamlakatga qochib ketgan imondoshlarimiz Malaviga qayta boshlashdi. U yerda qolgan imondoshlarimizni asta-sekin quvg‘un qilmay qo‘yishdi. Qo‘shni mamlakatlarda Yahovaning Shohidlariga va’z qilishga, birgalikda yig‘ilishga ruxsat berildi va ta’qiblar bekor qilindi. 1991-yilda Mozambikda ham shunday bo‘ldi. Lekin bizni bir narsa o‘ylantirardi: «Malavidagi Yahovaning Shohidlariga erkinlik qachon beriladi?»

MALAVIGA QAYTISH

Vaqt o‘tgach, Malavida vaziyat o‘zgardi. 1993-yili hukumat tomonidan Yahovaning Shohidlari erkinlikka ega bo‘ldi. Sal keyinroq bitta to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y menga: «Malaviga qaytasizmi?» — deb savol berdi. Men o‘shanda 59 yoshda edim, shuning uchun: «Yo‘q, yoshim anchaga borib qoldi»,— deb javob berdim. Ammo o‘sha kunning o‘zida Yetakchi kengashdan Malaviga qaytish taklifini oldik.

Zimbabvedagi xizmatimizni juda yaxshi ko‘rganimiz uchun qaror chiqarish qiyin bo‘ldi. Biz u yerda baxtli edik va yaqin do‘stlarimiz bor edi. Lekin Yetakchi kengash mehribonlik ila agar xohlasak Zimbabveda qolishimiz mumkinligini aytdi. Ha, o‘z yo‘limizni tanlab Zimbabveda qolib ketsak bo‘lardi. Ammo Ibrohim va Soraning misoli haqida fikr yuritdim. Ular keksaligiga qaramay, Yahovaning ko‘rsatmasiga bo‘ysunish uchun qulay hayotdan voz kechgan. (Ibt. 12:1–5)

Tashkilotimizning taklifini qabul qildik va 1995-yili 1-fevralda Malaviga qaytdik. O‘sha kuni Malaviga ilk bor kelganimizga roppa-rosa 28-yil bo‘lgandi. Filial qo‘mitasi tashkil qilindi, u yerda men va ikkita birodar xizmat qilib, Yahova Shohidlarining faoliyatini tiklashga kirishdik.

YAHOVA O‘STIRADI

Yahova faoliyatimizga baraka berganini ko‘rish quvonchli edi. Va’zgo‘ylarning soni tezda oshib bordi. 1993-yili taxminan 30 000 ta va’zgo‘y bor edi, 1998-yili esa ularning soni 42 000 dan oshib ketdi *. Yetakchi kengash buni inobatga olib, yangi filial bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘p rejalarimizni ma’qulladi. Misol uchun, Lilongve shahrida 12 gektar yer sotib olindi va men qurilish qo‘mitasiga tayinlandim.

Yetakchi kengash a’zosi birodar Gay Pirs 2001-yili mayda yangi binolarning bag‘ishlash marosimida nutq aytdi. Ikki mingdan oshiq mahalliy Shohidlar bu marosimga tashrif buyurdi. Ularning aksariyati 40-yildan ko‘proq vaqt oldin suvga cho‘mgandi. Ushbu sadoqatli birodar-u opa-singillar taqiq paytida shiddatli quvg‘unlarga bardosh qilgandi. Ular jismoniy jihatdan boy bo‘lmasa-da, ma’naviy jihatdan boy edi. Yangi Baytilning ekskursiyasiga tashrif buyurishdan ular juda baxtiyor edi. Baytilning qayerida yurmasin, ular jo‘r bo‘lib afrikancha uslubda hamd-u sano qo‘shiqlarini kuylardi. Bu juda ta’sirli edi. Hayotimda bunaqasini ko‘rmagandim. Ha, Yahova sinovlarda sadoqatli qolayotganlarga mo‘l-ko‘l baraka ato etadi.

Filial qurilishi tugagach, Yig‘ilish zalini bag‘ishlash marosimlarida qatnashish vazifasi topshirilganidan nihoyatda xursand edim. Malavidagi jamoatlar mablag‘i cheklangan mamlakatlarda yashovchi imondoshlarimiz uchun Yig‘ilish zallarini qurish bo‘yicha tezlashtirilgan dasturdan foyda olishdi. Oldinlari ba’zi jamoatlar evkalipt daraxtidan qurilgan kulbalarda yig‘ilishardi. Ular tomlarni qamish bilan yopishardi va loydan yasalgan uzun o‘rindiqlarda o‘tirishardi. Vaqt o‘tib, birodarlar o‘zlari qurgan pechlarda g‘isht pishirishgan va ular yordamida yig‘ilish uchun chiroyli joylarni qurishgan. Lekin birodarlar loydan yasalgan uzun o‘rindiqlarni qoldirishni afzalroq deb topishdi, chunki ularga ko‘proq odam o‘tirishi mumkin edi.

Yahova O‘z xalqiga ma’nan o‘sishga yordam berganini ko‘rishdan quvonardim. Ayniqsa afrikalik yosh birodarlarga qoyil qolardim. Chunki ular o‘z yordamini taklif qilib, Yahovaning tashkiloti taqdim etgan ko‘p narsalarga darrov o‘rganib ketardi. Natijada ular Baytilda va jamoatlarda anchagina mas’uliyatli vazifalarni bajara olgandi. Shuningdek, tuman noziri etib tayinlangan mahalliy birodarlar jamoatlarni mustahkamlardi. Ularning ko‘pi uylangan edi. O‘sha juftliklar aksariyat odamlarning va hatto qarindoshlarining farzand ko‘rish bosimiga qaramay, hozircha bola ko‘rmay Yahovaga ko‘proq xizmat qilishni tanlagandi.

CHIQARGAN QARORLARIMDAN MAMNUNMAN

Anna bilan birga Buyuk Britaniyadagi Baytilda

Afrikada o‘tkazgan 52-yildan so‘ng menda ba’zi sog‘lik muammolari paydo bo‘ldi. Yetakchi kengash bizni Buyuk Britaniyaga tayinlash borasidagi Malavidagi filial qo‘mitasining taklifini ma’qulladi. Yaxshi ko‘rgan xizmatimizni qoldirish oson emas edi. Hozir qarigan chog‘imizda Buyuk Britaniyadagi Baytil oilasi bizga juda yaxshi g‘amxo‘rlik qilyapti.

Hayotimni Yahova yo‘naltirishiga yo‘l qo‘yish eng to‘g‘ri qaror bo‘lganiga aminman. Agar o‘zimga tayanganimda, kim biladi hozir hayotim qanday bo‘lardi. Yo‘llarimni ravon qilish uchun menga nima kerakligini Yahova doim bilgan. (Hik. 3:5, 6) Yoshligimda katta kompaniyada ish o‘rganish menga juda yoqardi. Lekin Yahovaning umumjahon tashkilotida bajargan ma’naviy vazifalarim menga undan-da ko‘proq zavq keltirdi. Yahovaga xizmat qilish men uchun eng mazmunli hayot bo‘lib kelmoqda!

^ Malavidagi Yahova Shohidlarining tarixi haqida 1999-yilgi «Yahova Shohidlarining yilnomasi»ning (rus) 148–223-sahifalarida yozilgan.

^ Hozir Malavida va’zgo‘ylarning soni 100 000 dan ziyod.