Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

30-TADQIQ MAQOLASI

Qadimgi bashoratning siz uchun ahamiyati

Qadimgi bashoratning siz uchun ahamiyati

Sen bilan ayol orasiga... adovat solaman. IBT. 3:15

15-QO‘SHIQ Yahovaning O‘g‘lini madh eting!

BU MAQOLADA *

1. Odamato va Momohavo gunoh qilganidan ko‘p o‘tmay Yahova nima qilgan? (Ibtido 3:15)

 ODAMATO va Momohavo gunoh qilganidan ko‘p o‘tmay Yahova muhim bir bashoratni aytib, ularning avlodlariga umid baxsh etgan. U nima deganini Ibtido 3:15 dan (o‘qing) topishimiz mumkin.

2. Nega bu bashorat muhim?

2 Bu bashorat Muqaddas Yozuvlarning ilk kitobida yozilgan bo‘lib, u yerdagi barcha kitoblar bilan qaysidir jihatdan bog‘liq. Masalan, bir kitobning tikilgan joyi sahifalarini o‘zaro bog‘lab turganidek, Ibtido 3:15 dagi so‘zlar ham Muqaddas Yozuvlardagi barcha kitoblarni o‘zaro bog‘lab, bitta xabarga yo‘naltiradi. Bu xabar Xudo Iblisni va barcha yovuz tarafdorlarini yo‘q qiladigan Najotkorni yuborishidan iborat *. Yahovani sevadiganlar uchun bu katta baraka bo‘ladi.

3. Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

3 Bu maqolada quyidagi savollarga javob olamiz: Ibtido 3:15 dagi bashoratda kimlar nazarda tutilgan? U qay yo‘sin amalga oshyapti? Bu bashoratdan qanday foyda olishimiz mumkin?

BASHORATDA KIMLAR NAZARDA TUTILGAN?

4. «Ilon» kimni bildiradi va buni qayerdan bilamiz?

4 Ibtido 3:14, 15 da «ilon», «ilonning zurriyoti», «ayol» va «ayolning zurriyoti» haqida aytilgan. Muqaddas Kitob har biri kimni bildirishini aniqlashga yordam beradi *. Keling, «ilondan» boshlaymiz. Tom ma’nodagi ilon Yahova Adan bog‘ida aytgan so‘zlarni tushuna olmasdi. Demak, Yahova ongli mavjudotga hukm chiqargan. Xo‘sh, u kim edi? Vahiy 12:9 vaziyatga oydinlik kiritishga yordam beradi. Unga ko‘ra, «almisoq ilon» bu Shayton Iblis. Qiziq, unda ilonning zurriyoti kim ekan?

ILON

Vahiy 12:9 dan Shayton Iblis «almisoq ilon» ekanini bilib olyapmiz (4-xatboshiga qarang.)

5. Ilonning zurriyotiga kimlar kiradi?

5 Muqaddas Kitobda zurriyot so‘zi majoziy ma’noda ishlatilganda, u ramziy otasi kabi fikrlaydigan va harakat qiladigan shaxslarga ishora qiladi. Shu singari, ilonning zurriyoti ruhiy shaxslar va odamlarni anglatadi. Ular ham Shayton kabi Tangri Yahova hamda Uning xalqiga qarshilik qilishyapti. Bu Nuh davrida osmondagi vazifalarini qoldirib ketgan isyonkor farishtalarni hamda otasi Iblis kabi yo‘l tutayotgan yovuz insonlarni o‘z ichiga oladi. (Ibt. 6:1, 2; Yuhan. 8:44; 1 Yuhan. 5:19; Yahd. 6)

ILONNING ZURRIYOTI

Tangri Yahova hamda Uning xalqiga qarshi chiqayotgan yovuz ruhiy mavjudotlar va odamlar (5-xatboshiga qarang.)

6. Nega «ayol» Momohavo emas deb ayta olamiz?

6 Endi «ayol» kimligini bilib olaylik. U Momohavo emas. Nima uchun? Buning bir sababiga nazar solaylik. Ushbu bashoratda ayolning zurriyoti ilonning boshini «ezib tashlaydi» deb aytilgan. Hozir ilon yovuz farishta Shaytonni anglatishini bilib oldik. Momohavoning nomukammal avlodlaridan hech biri uni ezib tashlash qobiliyatiga ega emas. Xo‘sh, unda kim Shaytonni yo‘q qila oladi?

7. Ibtido 3:15 dagi ayol kimni bildiradi? (Vahiy 12:1, 2, 5, 10)

7 Ibtido 3:15 dagi ayol kimligini Muqaddas Yozuvlarning oxirgi kitobidan bilib olyapmiz. (Vahiy 12:1, 2, 5, 10 ni o‘qing.) U oddiy ayol emas. Uning oyoqlari ostida oy, boshida esa 12 yulduzli toji bor. U o‘zgacha o‘g‘il ko‘rdi — Xudoning Shohligi. Bu Shohlik osmonda, demak, ayol ham osmonda bo‘lishi kerak. Ayol sadoqatli farishtalardan iborat Yahova tashkilotining samodagi qismini bildiradi. (Galat. 4:26)

AYOL

Sadoqatli farishtalardan iborat Yahova tashkilotining samodagi qismi (7-xatboshiga qarang.)

8. Ayol zurriyotining asosiy qismi kimni bildiradi va u qachon asosiy qismga aylandi? (Ibtido 22:15–18)

8 Xudoning Kalomi yordamida ayol zurriyotining asosiy qismini ham aniqlay olamiz. U Ibrohim Xalilullohning avlodidan dunyoga kelishi kerak edi. (Ibtido 22:15–18 ni o‘qing.) Bashorat qilinganidek, Iso Masih to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu sadoqatli insondan kelib chiqdi. (Luqo 3:23, 34) Lekin ushbu zurriyot Shayton Iblisni ezib tashlash uchun oddiy insonga qaraganda qudratliroq bo‘lishi lozim edi. Iso taxminan 30 yoshda bo‘lganida Xudo uni muqaddas ruh bilan moyladi. Shu yo‘sin, u ayol zurriyotining asosiy qismiga aylandi. (Galat. 3:16) Iso Masih o‘lganidan va tirilganidan keyin Alloh «shon-sharaf va ulug‘vorlikni unga toj qilib kiygizdi» va «yer-u osmondagi butun hokimiyatni», jumladan, «Iblisning ishlarini barbod qilish» vakolatini topshirdi. (Ibron. 2:7; Mat. 28:18; 1 Yuhan. 3:8)

AYOLNING ZURRIYOTI

Iso Masih hamda u bilan birga boshqaradigan 144 000 moylangan masihiylar (8-, 9-xatboshilariga qarang.)

9, 10. a) Ayol zurriyotining ikkinchi qismi kimlardan iborat va ular qachon ikkinchi qismga aylandi? b) Hozir nimalarni ko‘rib chiqamiz?

9 Lekin zurriyotning ikkinchi qismi ham bor. Havoriy Pavlus yahudiy hamda o‘zga xalq vakillari bo‘lgan moylangan masihiylarga quyidagilarni aytganida ushbu qismni oshkor qilgan: «Agar Masihga tegishli bo‘lsangizlar, unda sizlar chinakamiga Ibrohimning zurriyoti, va’daga ko‘ra merosxo‘rsizlar». (Galat. 3:28, 29) Yahova masihiyni muqaddas ruhi bilan moylaganida, u ayol zurriyotining bir qismiga aylanadi. Shunday qilib, zurriyot Iso Masih hamda u bilan birga boshqaradigan 144 000 moylanganlardan iborat. (Vah. 14:1) Ularning barchasi Otasi Yahovaga taqlid qilib, U kabi fikrlashga va yo‘l tutishga harakat qiladi.

10 Ibtido 3:15 da kimlar haqida aytilganini bildik. Endi bu bashorat amalga oshishi uchun Yahova nima qilganiga va bu bizga qanday yordam berishiga diqqat qaratamiz.

BASHORAT QANDAY AMALGA OSHDI?

11. Qaysi ma’noda ayol zurriyotining «tovoni» chaqildi?

11 Ibtido 3:15 ga ko‘ra, ilon ayol zurriyotining «tovonini» chaqadi. Bu bashorat Shayton yahudiy va rimliklardan foydalanib, Xudoning O‘g‘lini o‘ldirganida amalga oshdi. (Luqo 23:13, 20–24) Masalan, biron kishining tovoni jarohatlanganida u vaqtincha yura olmaydi. Xuddi shunday, Isoning o‘limi ham uni vaqtincha faoliyatsiz qildi va u uch kun qabrda yotdi. (Mat. 16:21)

12. Ilonning boshi qachon va qanday ezib tashlanadi?

12 Ibtido 3:15 dan Iso qabrda qolib ketmaganini ko‘ryapmiz. Nega? Chunki bu bashoratga ko‘ra, zurriyot ilonning boshini ezib tashlashi kerak edi. Bu Isoning tovonidagi jarohat bitib ketishi kerakligini anglatardi. Shunday ham bo‘ldi! O‘limidan uch kun o‘tgach, Iso o‘lmas ruhiy mavjudot sifatida tirildi. Xudo tayinlagan vaqtda Iso Shaytonni ezib tashlaydi. (Ibron. 2:14) Masih va u bilan boshqaradiganlar Xudoning dushmanlarini — ilonning zurriyotini yo‘q qiladi. (Vah. 17:14; 20:4, 10) *

BASHORATDAN QANDAY FOYDA OLISHIMIZ MUMKIN?

13. Bashorat amalga oshishidan qanday foyda olyapmiz?

13 Xudoning bag‘ishlangan xizmatchisi bo‘lsangiz, ushbu bashorat amalga oshishidan foyda olyapsiz. Iso yer yuziga inson sifatida kelgan. U Otasining shaxsiyatiga mukammal tarzda taqlid qilgan. (Yuhan. 14:9) Iso haqida o‘rganib, Tangri Yahovani tanib-bilishimiz va sevishimiz mumkin. Qolaversa, uning ta’limotlaridan va bugungi kunda imonlilar jamoatini qay yo‘sin yo‘naltirayotganidan ham foyda olsak bo‘ladi. Iso Yahovaning marhamatiga ega bo‘lishimiz uchun qanday hayot tarzini kechirishimiz lozimligini o‘rgatgan. Barchamiz uning tovoni chaqilganidan, ya’ni o‘limidan foyda olishimiz mumkin. Qanaqasiga? Iso o‘lganidan keyin Yahova uni tiriltirdi va «bizni har qanday gunohdan pok qiladigan» O‘g‘lining qurbonligini qabul etdi. (1 Yuhan. 1:7)

14. Yahovaning Adan bog‘ida aytgan bashorati shu zahoti amalga oshmaganini qayerdan bilamiz? Tushuntiring.

14 Yahovaning Adan bog‘ida aytgan so‘zlaridan shuni ko‘ryapmizki, bashorat butunlay amalga oshishi uchun vaqt kerak edi. Ayoldan va’da qilingan zurriyot tug‘ilishi, Iblis esa o‘z tarafdorlarini to‘plashi hamda ikki guruh o‘rtasida adovat yoki nafrat paydo bo‘lishi uchun vaqt kerak bo‘lardi. Ushbu bashoratni tushunish bizga foyda keltiradi. Chunki undan Shaytonning dunyosi Yahovaning xalqidan nafratlanishini bilib olyapmiz. Keyinchalik Iso o‘z shogirdlarini bundan ogohlantirgan. (Mark 13:13; Yuhan. 17:14) Ayniqsa, oxirgi 100-yil mobaynida bashoratning ushbu qismi amalga oshayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Qanday qilib?

15. Nega bu dunyodagilar Xudoning xalqidan har qachongidan ham ko‘proq nafratlanyapti, lekin Shaytondan nega qo‘rqmasligimiz kerak?

15 1914-yili Iso Samoviy Shohlikda hukm surishni boshlaganidan ko‘p vaqt o‘tmay, Shayton osmondan uloqtirildi. Hozir u faqat yer yuzida yovuzliklar qilib, yo‘q bo‘lish vaqtini kutyapti. (Vah. 12:9, 12) Ammo u o‘shandan beri qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Shayton Xudoning xalqiga qahr-g‘azabini sochib, hujum qilyapti. (Vah. 12:13, 17) Buning dastidan ushbu dunyodagilar Xudoning xalqidan har qachongidan ham ko‘proq nafratlanyapti. Biroq Shaytondan va uning tarafdorlaridan qo‘rqmasligimiz kerak. Havoriy Pavlus kabi kuchli ishonchga ega bo‘lishimiz mumkin. U shunday degan: «Agar Tangri biz tarafda bo‘lsa, unda kim bizga qarshi chiqadi?» (Rim. 8:31) Ha, Yahovaga to‘liq ishonsak bo‘ladi. Chunki ko‘rib chiqqanimizday, Ibtido 3:15 dagi bashoratning aksar qismi amalga oshdi.

16–18. Kurtis, Ursula va Jessika Ibtido 3:15 dagi bashoratni tushunganidan qanday foyda olishdi?

16 Ibtido 3:15 dagi va’da qiyinchiliklarni yengishimizga yordam berishi mumkin. Guam orollarida to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qiladigan Kurtis shunday deb bo‘lishdi: «Gohida, qiyinchilikka duch kelganimda va tushkunlikka tushganimda Yahovaga sodiq qolish qiyin bo‘lardi. Lekin Ibtido 3:15 dagi bashorat ustida mulohaza yuritish samoviy Otamga bo‘lgan imonimni mustahkamlashga yordam bergan». Kurtis Yahova yaqinda barcha qiyinchiliklarga chek qo‘yishini intiqib kutyapti.

17 Bavariyada yashovchi Ursula ismli opamizning aytishicha, Ibtido 3:15 ni tushunish Muqaddas Kitob Xudo tomonidan ilhomlantirilganiga ishonishiga ko‘maklashdi. Ursula bu bashorat boshqalari bilan qanday bog‘liq ekanini ko‘rdi. Bu uni qoyil qoldirdi. U shunday dedi: «Umidga ega bo‘lishimiz uchun Yahova zudlik bilan yo‘l tutganini bilib olganimda Unga bo‘lgan sevgim kuchaydi».

18 Mikroneziyadan bo‘lgan Jessika shunday dedi: «Haqiqatni topganimda nimalarni his qilganim hali ham yodimda. Ibtido 3:15 dagi bashorat amalga oshib kelyapti. Bu menga hozirgi hayotimiz haqiqiy emasligini anglashga yordam berdi. Shuningdek, ushbu bashorat Yahovaga xizmat qilish hozirning o‘zida yaxshi hayotga yetaklashiga, kelajakda esa bundan-da a’loroq barakalar olib kelishiga bo‘lgan ishonchimni mustahkamladi».

19. Nega bu bashoratning oxirgi qismi ham amalga oshishiga aminmiz?

19 Ibtido 3:15 dagi bashorat amalga oshib boryapti. Ayolning va ilonning zurriyoti aniqlandi. Ayol zurriyotining asosiy qismi bo‘lmish Isoning tovoni bitib ketdi va u hozir umri boqiy, qudratli Shohdir. Osmonda O‘g‘li bilan birga boshqaradiganlarni Yahova deyarli tanlab bo‘ldi. Bu bashoratning birinchi qismi amalga oshgan ekan, oxirgi qismi ham amalga oshadi, ya’ni ilonning boshi ezib tashlanadi. Bu yuz berganida Xudoning xizmatchilari rosa suyunadi. Ungacha, keling, taslim bo‘lmaylik. Zero, Tangrimiz ishonchlidir. U ayolning zurriyoti orqali «yer yuzidagi barcha xalqlar»ga bitmas-tuganmas barakalar keltiradi. (Ibt. 22:18)

23-QO‘SHIQ Yahovaning Shohligi boshqarmoqda

^ Ibtido 3:15 dagi bashoratni tushunmasak, Muqaddas Kitobni to‘liq anglab yeta olmaymiz. Ushbu bashoratni tadqiq qilib, Yahovaga hamda U va’dalarini amalga oshirishiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaymiz.

^ «Yangi dunyo tarjimasi»dagi ilovaning B1 mavzusi, «Muqaddas Kitobdagi xabar»ga qarang.

^ «Ibtido 3:14, 15...» nomli ramkaga qarang.

^ « Ibtido 3:15 ga oid ba’zi muhim voqealar» nomli ramkaga qarang.