Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Nega Muqaddas Kitobda ba’zi narsalar takrorlangan?

KALOMNI yozgan kishilar ba’zi iboralarni so‘zma-so‘z qayta-qayta takrorlashgan. Ular nega bunday qilganining quyidagi uchta sababiga nazar solaylik:

U yozilgan vaqt. O‘tmishda Isroilda aksariyat kishilarda Muso Qonunining shaxsiy nusxasi bo‘lmagan. Ular ko‘p hollarda, muqaddas chodirda birga yig‘ilganda uning o‘qilishini eshitishgan. (Qonun. 31:10–12) Hoynahoy, o‘sha yerda ular bir necha soat davomida turishgan va ularni chalg‘itadigan ba’zi narsalar bo‘lgan. (Naxim. 8:2, 3, 7) O‘shanda muhim iboralar takrorlangani uchun odamlar oyatlarni osonlikcha yodlab olib, ularga amal qilishgan. Muayyan so‘zlar takrorlangani uchun Xudodan olgan qonunlarning tafsilotlarini eslab qolish ularga ayniqsa qo‘l kelgan. (Lev. 18:4–22; Qonun. 5:1)

Yozilish uslubi. Muqaddas Yozuvlarning deyarli 10 foizi qo‘shiqlardan iborat, masalan, Zabur, Go‘zal qo‘shiq va Yeremiyoning marsiyasi. Gohida u yerda so‘zlar takrorlanib, qo‘shiqning mavzusi ta’kidlanadi va buning yordamida tinglovchilar o‘sha so‘zlarni yodlab olishadi. Misol uchun, Zabur 115:9–11 dagi so‘zlarga e’tibor bering: «Ey Isroil, Yahovaga tayan, U ko‘makching va qalqoningdir! Ey, Horun xonadoni, Yahovaga umid bog‘la, U ko‘makching va qalqoningdir! Ey, Yahovadan qo‘rqadiganlar, Yahovaga ishoning, U ko‘makchingiz va qalqoningizdir!» Mazkur so‘zlar takrorlangani uchun ular kuylagan kishilarning ong-u qalbida jo bo‘lgan.

Muhim fikrlarni ta’kidlash. Muqaddas Kitob yozuvchilari ba’zan eng muhim iboralarni takrorlashgan. Masalan, Yahova isroilliklarga qonni iste’mol qilmaslikni amr etganda, buning sababini ko‘p marta takrorlashga Musoni undagan. Xudo tirik mavjudotning joni qonda, ya’ni qon hayotni anglatishini ta’kidlashni istagan. (Lev. 17:11, 14) Keyinchalik, Quddusdagi havoriylar-u oqsoqollar Xudoga ma’qul kelish uchun nimalardan qochish kerakligini eslatishganda, kishi o‘zini qondan saqlashi muhimligini takrorlashgan. (Havor. 15:20, 29)

Yahova Kalomidagi iboralarni takrorlash odat tusiga aylanishini istamagan. Masalan, Iso: «Ibodat qilayotganingizda... o‘sha-o‘sha so‘zlarni takrorlayvermang»,— deb aytgan. (Mat. 6:7) Keyin u Xudoning irodasiga mos ravishda ibodat qilishimiz mumkin bo‘lgan o‘rinli mavzularni tilga olgan. (Mat. 6:9–13) Demak, o‘sha-o‘sha so‘zlarni ibodatlarimizda takrorlamaslikka harakat qilsak ham, o‘sha-o‘sha mavzularda qayta-qayta bemalol ibodat qilishimiz mumkin. (Mat. 7:7–11)

Mana shu sabablarga ko‘ra, Xudoning Kalomida muayyan so‘zlar-u iboralar takrorlanadi. Bu Buyuk Ustozimiz manfaatimizni ko‘zlab ta’lim berayotganining ko‘pgina yo‘llaridan biri, xolos. (Ishayo 48:17, 18)