Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Siz yaxshi hamkormisiz?

Siz yaxshi hamkormisiz?

«UNING qoshida men mohir ishchi edim... Huzurida hamisha shod-xurram yurardim». (Hik. 8:30) Bu oyatda Iso yer yuziga kelishidan avval Otasi bilan uzoq yillar davomida qanday hamkorlik qilgani ochib berilyapti. Shuningdek, mazkur oyatdan u Xudo bilan hamkorlik qilishdan «shod-xurram» bo‘lganini bilib olyapmiz.

Iso osmonda bo‘lganida yaxshi hamkor bo‘lishiga yordam bergan ancha fazilatlar haqida bilib olgan. Keyinchalik esa u yer yuzida bo‘lganida, boshqalar bilan xizmat qilishda a’lo o‘rnak ko‘rsatgan. Xo‘sh, Isoning misolidan qanday saboq olishimiz mumkin? Uning misolini yaxshilab o‘rganib, boshqalar bilan hamkorlik qilishimizga asqatadigan uchta prinsipga e’tibor qaratamiz. Ular yordamida imondoshlarimiz bilan ahil bo‘lib, yaxshi hamkorlik qilishimiz mumkin.

Yahova hamda Isoning o‘rnagini yodda tutib, hamkorlaringiz bilan tajriba-yu bilimingizni bajonidil bo‘lishing

1- PRINSIP: «BIR-BIRINGIZNI HURMAT QILING»

Yaxshi hamkor kamtar bo‘lib, hamkasblarini qadrlaydi va boshqalarning diqqatini o‘ziga jalb qilmaydi. Iso kamtarona nuqtai nazarga Otasidan o‘rgangan. Garchi faqatgina Yahova Yaratuvchi deb atalishga loyiq bo‘lsa-da, U O‘g‘li muhim ishlar qilganiga urg‘u bergan. Buni Xudoning quyidagi so‘zlaridan bilsak bo‘ladi: «O‘zimizga monand qilib,.. odamni yarataylik». (Ibt. 1:26) Iso bu so‘zlarni eshitganida, Otasi juda kamtar ekanini ko‘rgan. (Zab. 18:35)

Iso yer yuzida bo‘lganida shunga o‘xshash kamtarlikni ko‘rsatgan. U doim sharafni Yahovaga qaratgan. (Mark 10:17, 18; Yuhan. 7:15, 16) Masalan, u shogirdlari bilan hamkorlik qilganda tinch muhit bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilgan va ularni qullari emas, do‘stlari deb bilgan. (Yuhan. 15:15) Iso hatto ularning oyoqlarini yuvgan va shu yo‘sin kamtarlik borasida ularga o‘rnak ko‘rsatgan. (Yuhan. 13:5, 12–14) Biz ham boshqalarning manfaatini o‘zimiznikidan ustun qo‘yib, hamkorlarimizni qadrlashimiz lozim. «Bir-birimizni hurmat qilsak» va kimni maqtashlari haqida tashvishlanmasak, ko‘proq yutuqqa erishamiz. (Rim. 12:10)

Kamtarin inson shuningdek: «Maslahatchi ko‘p bo‘lsa, ular amalga oshadi»,— degan so‘zlarni tushunadi. (Hik. 15:22) Tajribamiz yoki qobiliyatlarimiz qanday bo‘lmasin, unutmangki, hech bir inson hamma narsani bilishga qodir emas. Hatto Iso hamma narsani bilmaganini tan olgan. (Mat. 24:36) Qolaversa, Iso nomukammal shogirdlari qanday fikrda bo‘lgani yoki nimalarni bilgani bilan qiziqqan. Shuning uchun, Isoning hamkorlari uning oldida o‘zini bemalol his qilgan. Shu singari, biz ham kamtarin bo‘lib, hamma narsani bilmasligimizni yodda tutsak, boshqalarning fikrlarini tinglasak, ular bilan tinch-totuv bo‘lib yashaymiz va birgalashib ishni «amalga oshiramiz».

Oqsoqollar birga hamkorlik qilishganida, bu borada Isoga taqlid qilishlari ayniqsa muhim. Ular muqaddas ruh har bir oqsoqolga ta’sir qilishi mumkinligini yodda tutishi kerak. Shu bois, oqsoqollar birga yig‘ilganida har bir kishi o‘z fikrini bemalol ayta olishi uchun yaxshi muhit saqlashi kerak. Shunda, jamoatdagi barcha ular chiqargan qarorlardan foyda oladi.

2- PRINSIP: «MULOHAZAKOR EKANINGIZ HAMMA ODAMLARGA MA’LUM BO‘LSIN»

Yaxshi hamkor hamkasblari bilan muomala qilganda, mulohazakorlikni namoyon etadi. U moslashuvchan bo‘lib, yon berishga tayyor bo‘ladi. Isoda Otasining mulohazakorligini ko‘rish uchun ko‘p imkoniyatlar bo‘lgan. Masalan, Yahova odamlarni gunoh qulligidan xalos etish uchun Isoni yer yuziga yuborgan. (Yuhan. 3:16)

Iso kerak bo‘lganda yoki o‘rinli bo‘lganda boshqalarga yon bergan. Misol uchun, u Isroil xalqiga yuborilgan bo‘lsa-da, finikiyalik bir ayolga qanday yordam berganini eslab ko‘ring. (Mat. 15:22–28) Shuningdek, u shogirdlariga nisbatan mulohazakor bo‘lib, ulardan ko‘p narsani kutmagan. Uning yaqin do‘sti Butrus boshqalarning oldida undan tonganida, Iso uni kechirgan. Keyinroq u Butrusga mas’uliyatli vazifalarni ishonib topshirgan. (Luqo 22:32; Yuhan. 21:17; Havor. 2:14; 8:14–17; 10:44, 45) Isoning misolidan boshqalarga yon berish orqali mulohazakor ekanimiz «hamma odamlarga ma’lum bo‘lishi» kerakligini ko‘ryapmiz. (Filip. 4:5)

Mulohazakorlik, shuningdek, turli odamlar bilan tinchlikda hamkorlik qilish uchun moslashuvchan bo‘lishga undaydi. Iso atrofidagi odamlar bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lgan. Soliqchilar-u gunohkorlar uning xabarini qabul qilgan. Shuning uchun, hasadgo‘y dushmanlari uni «soliqchilar-u gunohkorlarning do‘sti» deb atagan. (Mat. 11:19) Xo‘sh, biz ham Iso kabi bizdan farq qiladigan insonlar bilan yaxshi hamkorlik qilyapmizmi? Masalan, ko‘p vaqt tuman noziri bo‘lgan va Baytilda xizmat qilgan Loyis birodar kelib chiqishi har xil bo‘lgan odamlar bilan hamkorlik qilgan. U shunday dedi: «Men hamkorlik qilgan har bir guruhni turli xil toshlardan qurilgan devorga o‘xshataman. Ba’zi toshlarning o‘rnini o‘zgartirsangiz, tekis devor qura olasiz. Men ham devor tekis bo‘lishiga hissa qo‘shish uchun o‘z shaxsiyatimga o‘zgarishlar kiritishga harakat qildim». Bu juda yaxshi nuqtai nazar, shunday emasmi?!

Yaxshi hamkor boshqalarni nazorat qilish niyatida ulardan foydali narsalarni yashirmaydi

Jamoatimizda hamkorlik ruhini qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? Va’zgo‘ylik guruhimiz bilan hamkorlik qilganda, buning uchun ajoyib imkoniyat tug‘iladi. Guruhimizdagi va’zgo‘ylarning oilaviy sharoiti yoki yoshi biznikidan farq qilishi mumkin. Xo‘sh, xizmatimiz yanada samarali bo‘lishi uchun tezligimizni yoki va’z qilish usulini moslashtirib, mulohazakorlikni namoyon etamizmi?

3- PRINSIP: «BAHAM KO‘RISHGA SHAY TURING»

Yaxshi hamkor «baham ko‘rishga shay turadi». (1 Tim. 6:18) Osmonda Otasi bilan hamkorlik qilayotganda, Iso U hech narsani yashirmaganiga e’tibor bergandir. Yahova «osmonni hozirlaganida», Iso «o‘sha yerda edi» va Undan ko‘p narsani o‘rgangan. (Hik. 8:27) Keyinchalik, Iso yer yuzida bo‘lganida Otasidan «eshitgan» narsalarni shogirdlari bilan quvonch ila bo‘lishgan. (Yuhan. 15:15) Bu misolni yodda tutgan holda, biz ham bilimimiz-u tajribamizni boshqalar bilan bo‘lishishga tayyor bo‘lishimiz lozim. Yaxshi hamkor boshqalarni nazorat qilish niyatida ulardan foydali narsalarni yashirmaydi. Aksincha, bilib olgan yaxshi narsalarini ular bilan bo‘lishishdan quvonch topadi.

Shuningdek, hamkorlarimizga dalda berishimiz mumkin. Masalan, kimdir harakatlarimizni ko‘rib, bizga chin dildan minnatdorlik bildirsa, bu bizga juda yoqadi, shunday emasmi?! Iso hamkorlarining yaxshi tomonlarini ularga aytish uchun vaqt ajratgan. (Matto 25:19–23; Luqo 10:17–20 ni solishtiring.) U hatto ular «bundan ham ortig‘ini qilishini» aytgan. (Yuhan. 14:12) O‘limidan oldingi kechada u sodiq havoriylarini shunday deb maqtagan: «Sinovlarga duch kelganimda sizlar men bilan bo‘lgansizlar». (Luqo 22:28) Ushbu so‘zlar shogirdlariga qanday ta’sir qilganini va ularni harakatga undaganini bir tasavvur qiling. Biz ham hamkorlarimizni maqtash uchun vaqt ajratsak, ular yanada baxtli va samarali bo‘ladi.

SIZ YAXSHI HAMKOR BO‘LA OLASIZ

Kayodi ismli birodarimiz shunday deb bo‘lishdi: «Yaxshi hamkor mukammal bo‘lishi shart emas, lekin u hamkorlariga quvonch ulashadi va ish ular uchun og‘ir yukday bo‘lmasligiga hissa qo‘shadi». Siz ham shunday hamkormisiz? Masalan, bu borada imondoshlaringizdan o‘zingiz haqingizdagi fikrini so‘rab ko‘rarsiz. Isoning shogirdlari u bilan hamkorlik qilishdan xursand bo‘lgan. Shu singari, hamkorlaringiz siz bilan birga mehnat qilishdan quvonch topsa, havoriy Pavlusning quyidagi so‘zlarini ayta olasiz: «Biz bo‘lsak quvonch keltiradigan xizmatdoshlarmiz». (2 Kor. 1:24)