50-TADQIQ MAQOLASI
«O‘lganlar qanday qilib tirilishadi?»
Ey o‘lim, g‘alabang qayerda? Ey o‘lim, nishing qayerda? 1 KOR. 15:55
141-QO‘SHIQ Hayot — mo‘jizadir
BU MAQOLADA *
1, 2. Nega barcha masihiylar osmonda yashash uchun tirilish haqida bilib olishlari kerak?
YAHOVANING aksariyat xizmatchilari yer yuzida abadiy yashashga umid qiladi. Moylangan masihiylarning qolgan qismi esa osmonda yashash umidiga ega. Bu moylanganlar osmondagi hayot qanday bo‘ladi, deb juda qiziqadi. Yerda yashash umidiga ega kishilar haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Mazkur maqolada osmonda yashash uchun tiriladiganlar yer yuzida yashash umidiga ega kishilarga barakalar keltirishini bilib olamiz. Samoviy umidga egamizmi yoki yer yuzida yashash umidigami, osmonda yashash uchun tirilish haqida bilib olishimiz kerak.
2 Xudo birinchi asrdagi Isoning ba’zi shogirdlarini samoviy umid to‘g‘risida yozishga ilhomlantirgan. Havoriy Yuhanno quyidagicha tushuntirgan: «Biz endi Allohning farzandlarimiz, ammo kelajakda qanday bo‘lishimiz hali noaniq. Faqat shuni bilamizki, Xudo oshkor bo‘lganda, Unga o‘xshagan bo‘lamiz, chunki U qanday bo‘lsa Uni shundayligicha ko‘ramiz». (1 Yuhan. 3:2) Shu bois, moylanganlar tirilganda, osmonda yashash qanday bo‘lishini bilishmaydi. Biroq ular mukofotini olganida, Yahovani tom ma’noda ko‘rishadi. Muqaddas Kitobda osmonda yashash uchun tirilish to‘g‘risida barcha tafsilotlar keltirilmagan, ammo havoriy Pavlus bu borada ba’zi ma’lumotlarni aytib o‘tgan. Masih «barcha hukumat-u hokimiyatlarga va butun kuchlarga» chek qo‘yganida, moylanganlar u bilan birga bo‘ladi. Bu «eng oxirgi dushman — o‘lim» yo‘q qilinishini ham o‘z ichiga oladi. Oxirida esa, Iso va u bilan birga hukmronlik qiladiganlar barcha narsada Yahovaga tobe bo‘lishadi. (1 Kor. 15:24–28) Bu naqadar ajoyib payt bo‘ladi! *
3. Korinfliklarga birinchi maktub 15:30–32 dan bilib olganimizday, Pavlusning tirilishga bo‘lgan ishonchi unga qay yo‘sin ko‘maklashgan?
3 Pavlusning tirilishga bo‘lgan ishonchi unga turli qiyinchiliklarda sabr-bardosh qilishga ko‘maklashgan. (1 Korinfliklarga 15:30–32 ni o‘qing.) U korinfliklarga shunday degan: «Har kuni o‘limga ro‘baro‘ bo‘lyapman». So‘zida davom etib u «Efesda yirtqich hayvonlar bilan» kurashgani haqida aytgan. Ehtimol, Pavlus Efesdagi o‘yin maydonida tom ma’nodagi hayvonlar bilan kurashgan. (2 Kor. 1:8; 4:10; 11:23) Yoki Pavlus «yirtqich hayvonlar» kabi bo‘lgan, unga qarshilik ko‘rsatgan yahudiylarni va boshqalarni nazarda tutgandir. (Havor. 19:26–34; 1 Kor. 16:9) Xullas, qanday bo‘lmasin, u jiddiy muammolarga duch kelgan. Ammo u kelajakka nisbatan ijobiy nuqtai nazarni yo‘qotmagan. (2 Kor. 4:16–18)
4. Qay yo‘sin tirilish umidi masihiylarni mustahkamlayapti? (Muqovadagi rasmga qarang.)
4 Biz xavfli paytlarda yashayapmiz. Ba’zi imondoshlarimiz jinoyat qurboniga aylanmoqda. Boshqalari esa urush qizigan va xavfli joylarda yashaydi. Ayrimlar hayoti yoki erkinligini xavf ostiga qo‘yib, va’zgo‘ylik ishi cheklangan yoki hatto taqiqlangan mamlakatlarda xizmat qilmoqda. Ammo bularga qaramay, birodar-u opa-singillarimiz Yahovaga topinishda davom etib, bizga a’lo o‘rnak ko‘rsatmoqda. Ha, ular qo‘rqmaydi, chunki ular shuni biladiki, hatto hayotini yo‘qotsa ham, Yahova ular uchun kelajakda ajoyib narsalarni o‘ylab qo‘ygan.
5. Tirilishga bo‘lgan ishonchimizni qaysi noto‘g‘ri nuqtai nazar zaiflashtirishi mumkin?
5 Pavlus imondoshlarini ba’zilar ega bo‘lgan quyidagi noto‘g‘ri nuqtai nazardan qochishga undagan: «Kelinglar, yeb-ichaylik, baribir ertaga o‘lib ketamiz». Bunday nuqtai nazar Pavlus yashagan paytdan avval ham mavjud bo‘lgan. Ehtimol, u Ishayo 22:13 dan iqtibos keltirib, isroilliklar ega bo‘lgan nuqtai nazarga ishora qilgan. Ular Yahovaga bo‘lgan sevgisini mustahkamlashning o‘rniga, o‘z istaklari bo‘yicha yashagan. Isroilliklar «bugun bormiz, ertaga yo‘q» zamirida hayot kechirgan. Bunday fikrlash tarzi hozirgi odamlar orasida ham keng tarqalgan. Isroilliklar ega bo‘lgan nuqtai nazar yomon oqibatlarga olib kelgani to‘g‘risida Muqaddas Kitobda yozilgan. (2 Sol. 36:15–20)
6. Tirilishga bo‘lgan umidimiz kim bilan muloqot qilishni tanlashimizga qay yo‘sin ta’sir qilishi kerak?
6 Yahova o‘lganlarni tiriltirishini bilish kim bilan muloqot qilishni tanlashimizga ta’sir qilishi kerak. Korinfdagi masihiylar tirilishni tan olmaganlar bilan do‘st bo‘lishdan qochishi kerak edi. Bundan quyidagicha saboq olyapmiz: hozirim — huzurim degan nuqtai nazarga ega kishilar bilan muntazam muloqotda bo‘lish yaxshilikka olib kelmaydi. Bundaylar bilan do‘st tutinish Xudo xizmatchisining nuqtai nazari buzilib, yaxshi odatlari yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa uni Xudo nafratlanadigan hayot tarzini kechirishga — gunohga botishga — yetaklashi hech gap emas. Shu sababli, Pavlus qat’iylik ila: «Aqlingizni yig‘ib olib, adolatga muvofiq yo‘l tutinglar va gunoh qilmanglar»,— deb ogohlantirgan. (1 Kor. 15:33, 34)
QANDAY TANADA TIRILISHADI?
7. Korinfliklarga birinchi maktub 15:35–38 da ko‘rsatilganiday, ba’zilar tirilish borasida qanday savol bergan bo‘lishi mumkin?
7 Korinfliklarga birinchi maktub 15:35–38 ni o‘qing. Tirilish borasida shubha urug‘larini sepmoqchi bo‘lganlar quyidagicha so‘ragan bo‘lishi mumkin: «O‘lganlar qanday qilib tirilishadi?» Bugungi kunda odamlar o‘lgandan so‘ng hayot qanday bo‘lishi borasida o‘z fikriga ega ekan, bu borada Pavlusning javobi ustida mulohaza qilish biz uchun foydali bo‘ladi. Xo‘sh, Muqaddas Kitobda nima deyilgan?
8. Samoda yashash uchun tirilishni tushunishimizga qaysi misol yordam beradi?
8 Odam o‘lsa tanasi chiriydi. Lekin yo‘q narsadan koinotni yaratgan Shaxs o‘lgan insonni hayotga qaytara oladi. (Ibt. 1:1; 2:7) Pavlus samoda yashash uchun tirilish haqida gapirganida, Xudo insonni o‘sha-o‘sha tanada tiriltirmasligi mumkinligini ko‘rsatuvchi misol keltirgan. Masalan, «don» yoki o‘simlikning «urug‘i» haqida bir o‘ylab ko‘ring. Yerga ekilgan urug‘ unib yangi o‘simlikka aylanadi. Unib chiqqan o‘simlik mittigina urug‘dan tubdan farq qiladi. Yaratuvchi «O‘zi xohlaganicha tana ato» eta olishini ko‘rsatish uchun Pavlus mazkur misoldan foydalangan.
9. Korinfliklarga birinchi maktub 15:39–41 da tanalar turlicha bo‘lishi borasida nima deyilgan?
9 Korinfliklarga birinchi maktub 15:39– 41 ni o‘qing. Pavlus Xudo mavjudotlarning tanasini turlicha yaratganiga e’tibor qaratgan. Misol uchun, chorvaning, qushlarning va baliqlarning tanasi bir-birinikidan farq qiladi. Shuningdek, u osmonda quyosh va oy o‘rtasida farq borligini ta’kidlagan. Qolaversa, Pavlus «yulduzlar ham... nur sochishda bir-biridan farq» qilishiga diqqat qaratgan. To‘g‘ri, o‘z ko‘zlarimiz bilan qaraganda, farqini sezmasmiz. Biroq olimlarning aytishicha, qizil gigant yulduzlar, oq mittilar va quyoshimiz kabi sariq yulduzlar mavjud. Shu singari, Pavlus «osmonga oid tanalar» va «yerga oid tanalar» to‘g‘risida ham aytib o‘tgan. U nimani nazarda tutgan? Yer yuzidagi mavjudotlarning tanasi etdan iborat bo‘lsa, samoda yashovchilar farishtalar singari ruhiy tanaga ega.
10. Osmonda tiriladiganlar qanday tanaga ega bo‘ladi?
10 Pavlus urug‘ va o‘simlik misolini keltirganidan so‘ng nima deganiga e’tibor bering: «O‘lganlarning tirilishi ham xuddi shunday. Tana urug‘ singari chiriydigan bo‘lib ekiladi-yu, chirimaydigan bo‘lib tiriladi». Albatta, odam o‘lgandan keyin tanasi chiriydi va tuproqqa qaytadi. (Ibt. 3:19) Xo‘sh, unda qay yo‘sin odam tanasi «chirimaydigan bo‘lib» tirilishi mumkin? Masalan, Ilyos, Elishay va Iso yer yuzida yashashlari uchun odamlarni tiriltirgan. Biroq Pavlus bu kabi tirilish haqida gapirmagan. U samoda yashash uchun mo‘ljallangan tanada, ya’ni «ruhiy tana»da tiriladiganlarni nazarda tutgan. (1 Kor. 15:42–44)
11, 12. Iso tirilganida u bilan qanday o‘zgarish sodir bo‘lgan va moylanganlar bilan qanday o‘xshash jarayon yuz beradi?
11 Iso yer yuzida yashaganida jismoniy tanada bo‘lgan. Lekin tirilganida u «hayot baxsh etuvchi ruh» bo‘lib, osmonga qaytgan. Shunga o‘xshab moylanganlar ham osmonda yashay olishi uchun ruhiy tanada tiriladi. Pavlus quyidagicha tushuntirgan: «Tuproqdan yaralgan odamga o‘xshar ekanmiz, demak osmondan kelgan odam singari bo‘lishimiz ham aniq». (1 Kor. 15:45–49)
12 Pavlus tirilish to‘g‘risidagi muhokamasining qizg‘in pallasiga kelgan edi. Shunisi e’tiborga loyiqki, Iso jismoniy tanada tirilmagan. Pavlus: «Et va qon Xudoning Shohligidan meros ololmaydi»,— degan. (1 Kor. 15:50) Havoriylar va boshqa moylanganlar osmonda yashash uchun et va qondan iborat chiriydigan tanada tirilishmaydi. Ular qachon tirilishi kerak edi? Pavlus ularning tirilishi o‘lishi bilanoq emas, balki keyinroq yuz berishini aytgan. U Korinfliklarga birinchi maktubini yozganida, ba’zi shogirdlar, masalan, havoriy Yoqub «olamdan o‘tgan» edi. (Havor. 12:1, 2) Boshqa havoriylar hamda moylanganlar keyinchalik «olamdan o‘tgan». (1 Kor. 15:6)
O‘LIM USTIDAN G‘ALABA
13. Isoning «hozir bo‘lish paytida» nimalar yuz beradi?
13 Iso va Pavlus kelajakda tarixiy davr kelishini bashorat qilishgan. Bu Masihning hozir bo‘lishi edi. Mazkur davr urushlar, zilzilalar, o‘latlar hamda dunyo bo‘ylab boshqa noxush voqealar yuz berishi bilan ajralib turadi. Muqaddas Kitobdagi bu bashorat 1914-yildan beri amalga oshayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Ushbu belgining yana bir muhim qismi amalga oshishi kerak edi. Iso o‘rnatilgan Xudoning Shohligi haqidagi xushxabar «hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi. Ana o‘shandagina oxirat» bo‘lishini karomat qilgan. (Mat. 24:3, 7–14) Pavlus «Hazratimizning hozir bo‘lish paytida» «olamdan o‘tgan» moylanganlar tiriladigan vaqt kelishini ham aytgan. (1 Salon. 4:14–16; 1 Kor. 15:23)
14. Masihning hozir bo‘lish paytida moylanganlar olamdan o‘tsa ular bilan nima yuz beradi?
14 Hozirgi moylanganlar o‘lishi bilanoq osmonda yashash uchun tiriladi. Buni Pavlusning 1 Korinfliklarga 15:51, 52 dagi so‘zlari tasdiqlaydi: «Hammamiz ham o‘lmaymiz, biroq barchamiz o‘zgarib ketamiz. Bu bir zumda, ko‘z ochib yumguncha, oxirgi karnay chalinganda sodir bo‘ladi». Uning mazkur so‘zlari hozir amalga oshyapti. Masihning bu birodarlari tirilgach rosa quvonadi. Ular «doimo Hazratimiz bilan birga» bo‘ladi. (1 Salon. 4:17)
15. «Ko‘z ochib yumguncha» o‘zgargan moylanganlar osmonda nima qilishadi?
15 Muqaddas Kitobda «ko‘z ochib yumguncha» o‘zgargan moylanganlar osmonda nima ish qilishlari haqida aytilgan. Iso ularga shunday degan: «G‘alaba qozonayotgan va oxirigacha mening ishlarimga binoan yo‘l tutayotgan kishiga xalqlar ustidan hokimiyat ato etaman. Vah. 2:26, 27) Ular Isoga ergashib xalqlarga temir tayoq bilan cho‘ponlik qiladi. (Vah. 19:11–15)
Men Otamdan olganimday, unga ham hokimiyat beraman. U temir tayoq bilan xalqlarga cho‘ponlik qiladi, ular esa sopol idish singari sinib ketadi». (16. Qay yo‘sin ko‘plab insonlar o‘lim ustidan g‘alaba qozonadi?
16 Shunisi aniqki, moylanganlar o‘lim ustidan g‘alaba qozonishadi. (1 Kor. 15:54–57) Ular tirilish tufayli yaqinlashib kelayotgan Armageddon jangida yer yuzidagi barcha yovuzliklarga barham berish ishida qatnasha oladi. «Buyuk musibatdan» chiqib keladigan millionlab masihiy erkag-u ayollar yangi dunyoga o‘tishadi. (Vah. 7:14) Ular o‘tmishda o‘lgan milliardlab odamlarning tirilganini ko‘rishganda, o‘lim ustidan yana bir g‘alabaga erishilganining guvohi bo‘lishadi. Bu ajoyib voqea ro‘y berganda naqadar baxtiyor bo‘lishimiz haqida bir o‘ylab ko‘ring! (Havor. 24:15) Shuningdek, Yahovaga mutlaq sadoqatni saqlagan barcha hatto Odamatodan meros bo‘lib o‘tgan o‘lim ustidan g‘alaba qozonadi. Ha, ular abadiy yashay olishadi.
17. Korinfliklarga birinchi maktub 15:58 ni yodda tutgan holda, hozir nima qilishimiz kerak?
17 Hayot bo‘lgan har bir masihiy Pavlus korinfliklarga tirilish to‘g‘risida yozgan daldali so‘zlari uchun minnatdor bo‘lishi kerak. Pavlusning «Rabbimizning ishi bilan band bo‘linglar» degan maslahatiga to‘la rioya qilish uchun bizda yetarlicha sabablar bor. (1 Korinfliklarga 15:58 ni o‘qing.) Bu ishda doim jon kuydirsak, quvonchga to‘la hayotdan bahramand bo‘ladiganlar qatorida bo‘lamiz. Mazkur kelajak biz tasavvur qilgandan ham a’loroq bo‘ladi. Bu Rabbimiz yo‘lida qilgan mehnatimiz zoe ketmasligining yaqqol tasdig‘i bo‘ladi.
140-QO‘SHIQ Abadiy hayot
^ 5- x.b. Korinfliklarga birinchi maktub 15-bobning ikkinchi qismida tirilish to‘g‘risida, ayniqsa, moylangan masihiylarning tirilishi haqida batafsil aytilgan. Shuningdek, ushbu bobda Pavlus boshqa qo‘ylar uchun muhim bo‘lgan fikrlarni ham yozib qoldirgan. Bu maqolada qay yo‘sin tirilish umidi hozirgi hayot tarzimizga va kelajakda baxtli hayot kechirishimizga yordam berishini ko‘rib chiqamiz.
^ 2- x.b. Pavlusning 1 Korinfliklarga 15:29 dagi mulohazalari keltirilgan ushbu sondagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.