37-TADQIQ MAQOLASI
118-QO‘SHIQ «Imonimizga imon qo‘sh»
Oxirigacha sadoqat ila sabr qilishimizga yordam beradigan maktub
Boshida ega bo‘lgan ishonchimizda oxirigacha mahkam [turaylik]. (IBRON. 3:14)
ASOSIY FIKR
Ibroniylarga yo‘llangan maktubdagi maslahatlar yordamida ushbu zamonaning oxirigacha qay yo‘sin sadoqat ila sabr-bardosh qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.
1, 2. a) Havoriy Pavlus ibroniylarga maktub yo‘llaganida vaziyat qanday edi? b) Nega o‘sha xat o‘z vaqtida bo‘lgan?
ISONING o‘limidan keyingi yillar davomida Quddus va Yahudiyadagi ibroniy masihiylar og‘ir paytlarni boshdan kechirdi. Masihiylar jamoati tashkil topganidan ko‘p o‘tmay ular kuchli ta’qiblarga duch keldi. (Havor. 8:1) So‘ng taxminan 20 yil o‘tgach, ular ocharchilik va kambag‘allikdan azob chekdi. (Havor. 11:27–30) Ammo taxminan mil. 61-yili masihiylar nisbatan tinch paytda yashadi. Chunki oldinda ularni kuchli ta’qiblar kutayotgandi. O‘sha paytda Yahova havoriy Pavlusni ularga maktub jo‘natishga ilhomlantirdi. Maktubdagi maslahatlar oldinda ularni kutayotgan qiyinchiliklarga tayyorlanish uchun ayni muddao edi.
2 Ibroniylarga yo‘llangan maktub o‘z vaqtida edi. Chunki masihiylar yashagan tinch payt uzoq davom etmadi. Havoriy Pavlus o‘sha masihiylarga tez orada yuz beradigan musibat paytida sabr-bardoshli bo‘lib qolishlariga yordam beradigan amaliy maslahatlarni yozdi. Iso bashorat qilganiday, Quddusning vayron bo‘lishi yaqinlashib kelayotgandi. (Luqo 21:20) Albatta, na Pavlus, na Yahudiyadagi masihiylar bu vayronagarchilik aynan qachon yuz berishini bilardi. Lekin shunga qaramay, masihiylar qolgan vaqtdan unumli foydalanib, imonini mustahkamlashga va sabr-bardoshli bo‘lishga o‘rgana olardi. (Ibron. 10:25; 12:1, 2)
3. Nima uchun Ibroniylarga yo‘llangan maktub bugungi masihiylar uchun o‘zgacha ahamiyatga ega?
3 Biz ibroniy masihiylar duch kelganidan ancha buyukroq musibatni boshdan kechirish arafasidamiz. (Mat. 24:21; Vah. 16:14, 16) Shunday ekan, keling, Yahova o‘sha masihiylarga bergan amaliy maslahatlarning ba’zilarini ko‘rib chiqaylik. Ular biz uchun ham foydali bo‘ladi.
«KAMOLOT SARI INTILAYLIK»
4. Yahudiy masihiylar qanday qiyinchiliklarga duch kelishdi? (Rasmga ham qarang.)
4 Yahudiy masihiylar katta qiyinchilikka duch kelgan. Bir paytlari ular Yahovaning tanlangan xalqi edi. Quddus o‘zgacha muhim joy hisoblangan. U yerdagi shoh Yahovaning nomidan boshqargan. Yahovaga topinishni istaganlar esa Quddusdagi ma’badga kelishi kerak edi. Barcha sadoqatli yahudiylar Musoning Qonuniga va din rahbarlarining qoidalariga amal qilgan. O‘sha ta’limotlar ular nima yeyishiga, sunnat qilinishga bo‘lgan nuqtai nazariga va hatto boshqa xalqlarga qanday muomala qilishiga ta’sir qilgan. Ammo Isoning o‘limidan keyin Yahova yahudiylarning qurbonliklarini qabul qilmagan. Bu Musoning Qonuniga amal qilgan yahudiy masihiylar uchun qiyinchilik tug‘dirgan. (Ibron. 10:1, 4, 10) Havoriy Butrus kabi hatto ma’nan yetuk masihiylar bu o‘zgarishlarning ba’zilariga moslashishga qiynalgan. (Havor. 10:9–14; Galat. 2:11–14) Yangi e’tiqodi tufayli o‘sha masihiylar yahudiy din rahbarlari tomonidan ta’qib qilingan.
5. Masihiylar nimadan ehtiyot bo‘lishlari kerak?
5 Yahudiy masihiylar ikkita tarafdan qarshiliklarga duch kelgan. Birinchisi, yahudiy din rahbarlari ularga murtadlarday muomala qilgan. Buning ustiga, jamoatdagi ba’zilar masihiylar Musoning qonuniga amal qilishda davom etishi kerak, deb ta’kidlagan. Ehtimol, ular ta’qiblardan qochish niyatida bunday degan. (Galat. 6:12) Xo‘sh, sadoqatli masihiylarga haqiqatda mahkam turishga nima yordam bergan?
6. Pavlus imondoshlarini nima qilishga undagan? (Ibroniylarga 5:14–6:1)
6 Ibroniylarga yo‘llagan maktubida Pavlus imondoshlarini Xudoning Kalomini chuqurroq tadqiq qilishga undagan. (Ibroniylarga 5:14–6:1 ni o‘qing.) Pavlus Ibroniycha yozuvlardan iqtibos keltirgan va masihiylar Yahovaga topinayotgan usul nega yahudiylarnikidan ancha ustun ekanini tushuntirgan a. Pavlus shuni bilganki, o‘sha masihiylarning bilimi oshgani va haqiqatni chuqurroq tushungani sayin ular soxta ta’limotlarni farqlab, ularni rad eta oladi.
7. Bugungi kunda qanday qiyinchiliklarga duch kelyapmiz?
7 Ibroniy masihiylar kabi biz ham Yahovaning adolatli me’yorlariga zid bo‘lgan ma’lumot va nuqtai nazarga duch kelyapmiz. Bizga qarshi bo‘lganlar axloqiy masalalar va jamoatdan chetlatish tadbiriga oid Muqaddas Kitobga asoslangan e’tiqodimizni qoralaydi va bizni fanatik hamda beshafqat deb ataydi. Ha, odamlar tobora Yahovaning fikrlash tarzidan uzoqlashib ketyapti. (Hik. 17:15) Shu bois noto‘g‘ri fikrlash tarzini farqlay olishimiz va uni rad etishimiz juda muhim. Hech narsa jasoratimizni yo‘qotishimizga va Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatishimizga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. (Ibron. 13:9)
8. Ma’nan o‘sishda davom etishimizga nima yordam beradi?
8 Pavlus ibroniy masihiylarga kamolot sari intilinglar, deb maslahat bergan. Biz ham shunday qilishimiz kerak. Bu haqiqatni chuqurroq o‘rganishni va Yahovaning fikrlash tarzini o‘zlashtirishni o‘z ichiga oladi. Mazkur jarayon hatto o‘zimizni bag‘ishlab, suvga cho‘mganimizdan keyin ham davom etadi. Haqiqatda qancha vaqtdan beri bo‘lmaylik, Muqaddas Kitobni muntazam ravishda o‘qishimiz va tadqiq qilishimiz kerak. (Zab. 1:2) Kalomni muntazam tadqiq qilish Pavlus ibroniylarga yo‘llagan maktubida alohida urg‘u berib o‘tgan imon fazilatini kuchaytirishimizga yordam beradi. (Ibron. 11:1, 6)
«JONIMIZNI SAQLASH NIYATIDA IMONGA EGA BO‘LGANLARDANMIZ»
9. Nima uchun ibroniy masihiylar kuchli imonga ega bo‘lishlari kerak edi?
9 Yahudiyaga yaqinlashib kelayotgan musibatda omon qolish uchun ibroniy masihiylarga kuchli imon kerak edi. (Ibron. 10:37–39) Iso izdoshlariga Quddus harbiylar tomonidan o‘rab olinganini ko‘rishganda u yerdan qochishlari kerakligini aytgan. Bu maslahat Quddusda, Yahudiyaning tevarak-atrofida yashagan barcha masihiylarga tegishli bo‘lgan. (Luqo 21:20–24) Askarlar hujum qilganida, tevarak-atrofda yashaydigan odamlar shahar devorlari ularni himoya qilishlariga umid qilib, u yerga qochgan. Tog‘larga qochish esa mantiqqa zidday ko‘ringan va bunday qilish uchun kuchli imon kerak bo‘lgan.
10. Kuchli imon masihiylarni nima qilishga undaydi? (Ibroniylarga 13:17)
10 Ibroniy masihiylar Iso jamoatni yo‘naltirish uchun foydalanayotgan kishilarga ham ishonishlari kerak edi. Rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan birodarlar qachon qochish va buni qanday qilish borasida muayyan yo‘l-yo‘riqlar berganga o‘xshaydi. (Ibroniylarga 13:17 ni o‘qing.) Ibroniylarga 13:17 dagi «itoatkor bo‘lish» deb o‘girilgan yunoncha ibora kishi yo‘l-yo‘riq berayotgan odamga ishongani tufayli unga amal qilishini anglatadi. Bu shunchaki mas’uliyatli odam yo‘l-yo‘riq bergani uchun bo‘ysunishni bildirmaydi. Shunday ekan, ibroniy masihiylar rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan birodarlarga musibat kelishidan avval ishonishlari lozim edi. Agar masihiylar tinchlik paytida ularning yo‘l-yo‘riqlariga itoatkor bo‘lishsa, qiyinchilik paytida bu yanayam oson kechardi.
11. Nega bugungi kunda masihiylar kuchli imonga ega bo‘lishlari muhim?
11 Ibroniy masihiylar kabi bizga ham kuchli imon kerak. Hozirda aksariyat odamlar ushbu zamonaning oxiri kelishi bilan bog‘liq Muqaddas Kitobdagi ogohlantiruvni rad etayotgan yoki masxara qilayotgan paytda yashayapmiz. (2 Butr. 3:3, 4) Bundan tashqari, buyuk musibat paytida nimalar yuz berishi borasida Muqaddas Kitobda bir qancha tafsilotlar yozilgan bo‘lsa-da, ko‘p narsa bizga noma’lum. Ushbu zamonaning oxiri o‘z vaqtida kelishiga hamda Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonish uchun kuchli imonga ega bo‘lishimiz kerak. (Xab. 2:3)
12. Buyuk musibatda omon qolishimizga nima yordam beradi?
12 Bugungi kunda Yahova bizni yo‘naltirish uchun foydalanayotgan ishonchli va aqlli xizmatkorga bo‘lgan ishonchimizni ham mustahkamlashimiz lozim. (Mat. 24:45) Rimliklar bostirib kelganida, ehtimol, ibroniy masihiylar bilan bo‘lganidek, biz ham buyuk musibat boshlanganida hayot-mamot masalasi bilan bog‘liq muayyan yo‘l-yo‘riqlar olarmiz. Hozir tashkilotimizda rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlardan kelayotgan yo‘l-yo‘riqlarga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlash paytidir. Agar bugungi kunda ularga amal qilishga qiynalayotgan bo‘lsak, buyuk musibat paytida bunday qilish yanada qiyinroq kechadi.
13. Nima sababdan Ibroniylarga 13:5 dagi maslahat o‘rinli bo‘lgan?
13 Ibroniy masihiylar qochishga tegishli belgini kutish bilan birga pulparastlikni rad etib, sodda hayot kechirishlari kerak edi. (Ibroniylarga 13:5 ni o‘qing.) Ularning ba’zilari ocharchilik va kambag‘allikni boshdan o‘tkazgandi. (Ibron. 10:32–34) Xushxabar uchun ular bunday qiyinchiliklarda sabr-bardosh qilishga tayyor bo‘lishgan bo‘lsa-da, ulardan ba’zilari mehr qo‘yib, ularning himoyasiga tayangan bo‘lishi mumkin. Hech qanday boylik ularni yaqinlashib kelayotgan vayronagarchilikdan qutqara olmasdi. (Yoqb. 5:3) Aksincha, moddiy narsalarga mehr qo‘yganlar uchun qochish hamda uyini-yu bor-budini ortda qoldirish, hoynahoy, qiyin kechgandir.
14. Kuchli imon moddiy narsalar borasidagi qarorimizga qanday ta’sir qilishi mumkin?
14 Ushbu zamonaning oxiri yaqin ekaniga qattiq ishonsak, molparastlikni rad etish osonroq bo‘ladi. O‘shanda odamlar «kumush-u oltinlarini ko‘chalarga uloqtirishadi, tillalaridan hazar qilishadi». Boisi «Yahovaning qahr kunida, ularni na kumush, na oltin qutqara olishini tushunib yetadi». (Hiz. 7:19) Haddan ortiq ko‘p pul ishlashning o‘rniga, o‘zimizga hamda oila a’zolarimizga g‘amxo‘rlik qilishga va Yahovaga xizmat qilishga ko‘maklashadigan qarorlar chiqaraylik. Bu zaruratsiz qarz olish yoki moddiy narsalarimizga haddan oshiq g‘amxo‘rlik qilish vasvasasiga qarshi turishni o‘z ichiga oladi. Qolaversa, o‘zimizda bor narsalarga qattiq bog‘lanib qolishdan ehtiyot bo‘lishimiz lozim. (Mat. 6:19, 24) Ushbu zamonaning oxiri kelishini kutar ekanmiz, moddiy narsalar va boshqa masalalarda imonimiz sinalishi mumkin.
SABR-BARDOSHLI BO‘LISHINGIZ KERAK
15. Nega ibroniy masihiylar ayniqsa sabr-bardoshli bo‘lishlari kerak edi?
15 Yahudiyadagi vaziyat og‘irlashar ekan, ibroniy masihiylar imon sinovlarida sabr-bardoshli bo‘lishlari kerak edi. (Ibron. 10:36) Garchi ular shiddatli ta’qiblarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, ko‘plari nisbatan tinchlik paytida masihiy bo‘lgandi. Shu bois, Pavlus ularni bundan ham ko‘proq ta’qiblarga tayyor bo‘lishga va Iso Masih kabi o‘limgacha sadoqatli qolishga undagandi. (Ibron. 12:4) Ko‘plar Masihning izdoshi bo‘lgani sayin yahudiylar g‘azabga berilib zo‘ravonlik qilishgan. Bundan atigi bir necha yil oldin Pavlus Quddusga kelganida ular isyon ko‘targan. O‘shanda 40 dan oshiq yahudiy «Pavlusni o‘ldirmaguncha biror narsa yeb-ichsak la’nati bo‘laylik, deb qasam» ichgan. (Havor. 22:22; 23:12–14) Garchi masihiylar nafrat va ta’qiblarga duch kelgan bo‘lsa-da, topinish uchun birga yig‘ilishda, xushxabarni va’z qilishda va imonni mustahkam saqlashda davom etishlari kerak edi.
16. Ibroniylarga yo‘llangan maktub ta’qiblarga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimizga qay yo‘sin yordam berishi mumkin? (Ibroniylarga 12:7)
16 Ibroniy masihiylarga ular duch kelgan ta’qiblarga sabr-bardoshli bo‘lishga nima ko‘maklashgan? Pavlus ular boshdan kechirgan qiyinchiliklarga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishi kerakligini aytgan. Masihiylar qiyinchilikni boshdan kechirganida Xudo ularni tarbiyalash uchun bundan foydalanishi mumkinligini tushuntirgan. (Ibroniylarga 12:7 ni o‘qing.) Bunday tarbiya tufayli ular Yahovani mamnun qiladigan fazilatlarni namoyon etishni o‘rganishi yoki yaxshilashi mumkin. Bunday qiyinchiliklarni samarasiga diqqat qaratish tufayli ibroniy masihiylarga sabr-bardosh qilish osonroq bo‘lardi. (Ibron. 12:11)
17. Pavlus ta’qiblarda sabr-bardoshli bo‘lish borasida nimalarni bilib olgan?
17 Pavlus ibroniy masihiylarni qiyinchiliklarda qat’iylik bilan sabr-bardoshli bo‘lishga undagan. U ta’qiblarda qay yo‘sin sabr-bardoshli bo‘lish borasida yaxshi maslahatlar bera olgan. Pavlus Isoning izdoshi bo‘lishdan avval masihiylarni ta’qib qilgan va ularga shafqatsizlik ila muomala qilinganini ko‘rgan. Qolaversa, u ta’qiblarda qanday qilib sabr-bardoshli bo‘lish kerakligini bilgan. Axir uning o‘zi ham masihiy bo‘lgach, turli qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. (2 Kor. 11:23–25) Shu bois, Pavlus aminlik bilan sabr-bardosh qilish nimani o‘z ichiga olishini ayta olgan. U o‘sha masihiylarga qiyinchiliklarda sabr-bardosh qilganlarida o‘zlariga emas, balki Yahovaga tayanishlari kerakligini eslatgan hamda jasorat ila quyidagi so‘zlarni aytgan: «Yahova mening yordamchim, men qo‘rqmayman». (Ibron. 13:6)
18. Kelajak borasida nimani bilish ta’qiblarda sabr-bardoshli bo‘lishimizga ko‘maklashadi?
18 Bugungi kunda ham ba’zi birodar-u opa-singillar ta’qiblarda sabr-bardoshli bo‘lishyapti. Biz ular uchun ibodat qilib, ba’zida amaliy yordam ko‘rsatib ularni qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin. (Ibron. 10:33) Muqaddas Kitobda: «Iso Masihning izdoshi sifatida xudojo‘y bo‘lib hayot kechirishni istaydigan barcha ta’qiblarga duchor bo‘ladi»,— deb aniq aytilgan. (2 Tim. 3:12) Shu sababdan barchamiz oldinda bizni kutayotgan qiyinchiliklarga tayyorlanishimiz lozim. Shunday ekan, keling, bundan buyog‘iga ham Yahovaga to‘liq tayanishda davom etaylik. U duch kelishimiz mumkin bo‘lgan har qanday qiyinchilikda sabr-bardoshli bo‘lishimizga ko‘maklashishiga amin bo‘laylik. Yahova sadoqatli topinuvchilarini o‘z vaqtida ozodlikka erishtiradi. (2 Salon. 1:7, 8)
19. Qaysi amaliy qadamlar yordamida buyuk musibatga tayyorlana olamiz? (Rasmga ham qarang.)
19 Shubhasizki, Pavlusning ibroniylarga yo‘llagan maktubi birinchi asrdagi masihiylarga oldinda ularni kutgan musibatga tayyorlanishga yordam bergan. Pavlus imondoshlarini Muqaddas Yozuvlarni chuqurroq o‘rganishga va tushunishga undagan. Bunday qilib ular imonlarini zaiflashtiradigan ta’limotlarni aniqlay olishi va ularni rad etishi mumkin edi. Qolaversa, u imondoshlarini Masihning hamda jamoatda rahbarlikni zimmasiga olganlarning yo‘l-yo‘riqlariga tezda amal qilish uchun kuchli imonni rivojlantirishga undagan. Shuningdek, Pavlus masihiylarga qiyinchiliklarga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lish va ularni sevuvchi Otamizdan ta’lim olish imkoniyati, deb bilish orqali sabr-bardosh qilishga undagan. Biz ham ilohiy ilhom ostidagi o‘sha maslahatlarni amalda qo‘llaylik. Shunda oxirigacha sadoqat ila sabr bardosh qila olamiz. (Ibron. 3:14)
126-QO‘SHIQ Mustahkam, hushyor va mard bo‘ling
a Birinchi bobning o‘zidayoq Pavlus Ibroniycha yozuvlardan yetti marta iqtibos keltirib, Masihiylarning topinish tarzi Yahudiylarnikidan ustunroq ekanini tushuntirgan. (Ibroniylarga 1:5–13)