Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

35-TADQIQ MAQOLASI

«Bir-biringizni qo‘llab-quvvatlanglar»

«Bir-biringizni qo‘llab-quvvatlanglar»

Bir-biringizga dalda berib, bir-biringizni qo‘llab-quvvatlanglar. 1 SALON. 5:11

90-QO‘SHIQ Bir-birimizga dalda beraylik

BU MAQOLADA *

1. Barchamiz qanday ishni bajaryapmiz? (1 Salonikaliklarga 5:11)

 YIG‘ILISH zalining qurilishida yoki ta’mirlanishida qatnashganmisiz? Shunday bo‘lsa, bu kabi yangi binoda ilk bor o‘tgan uchrashuv esingizdadir. Shubhasizki, o‘shanda Yahovadan minnatdor bo‘lgansiz. Yig‘ilishning boshida hamd-u sano qo‘shig‘ini kuylaganingizda quvonchdan ko‘zingizga yosh kelgandir. Bu kabi zallarimiz Yahovaga sharaf keltiradi. Biroq qurilishning boshqa turida qatnashganimizda Xudoga yanada ko‘proq sharaf keltiramiz. Bu tom ma’nodagi qurilishdan muhimroq bo‘lgan ishni o‘z ichiga oladi. Bunga o‘sha topinish joylariga kelayotgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash kiradi. Havoriy Pavlus ochqich oyatda, ya’ni 1 Salonikaliklarga 5:11 dagi (o‘qing) so‘zlarni yozganda masihiylar shu kabi qurilishda ishtirok etishiga umid qilgan. Bu oyatda «qo‘llab-quvvatlamoq» deb tarjima qilingan yunoncha so‘z «qurmoq» degan ma’noga ham ega.

2. Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz?

2 Havoriy Pavlus imondoshlarni qo‘llab-quvvatlashda ajoyib namunadir. U ularga hamdardlik ko‘rsatgan. Ushbu maqolada Pavlus imondoshlarga 1) qiyinchiliklarni yengishga; 2) o‘zaro tinch yashashga va 3) Yahovaga bo‘lgan imonini mustahkamlashga qay yo‘sin yordam berganini muhokama qilamiz. Keling, undan qanday o‘rnak olishimiz va imondoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik. (1 Kor. 11:1)

PAVLUS IMONDOSHLARIGA QIYINCHILIKLARNI YENGISHGA KO‘MAKLASHGAN

3. Pavlus xizmat hamda ish borasida qanday nuqtai nazarda edi?

3 Pavlus birodarlarini qattiq sevgan. Uning o‘zi ham qiyinchiliklarga duch kelgani uchun imondoshlariga rahm-shafqat va hamdardlik ko‘rsata olgan. Bir safar u pulsiz qolganida o‘zini hamda hamkorlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ish topgan. (Havor. 20:34) U chodirlar tikkan. Pavlus Korinf shahriga kelganida, chodirlar tikkan Akila va Priskilla bilan ishlagan. Biroq «har Shabbat kuni» u yahudiylarga va yunonlarga va’z qilgan. Sila bilan Timo‘tiy kelganida esa «Allohning Kalomi haqida aytishga astoydil kirishgan». (Havor. 18:2–5) Pavlus hayotidagi eng muhim maqsadni, ya’ni Yahovaga xizmat qilishni hech qachon unutmagan. U xizmat qilishda va o‘z ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishda yaxshi o‘rnak bo‘lgani uchun birodar-u opa-singillariga dalda bera olgan. Pavlus imondoshlariga tashvishlarga ko‘milib ketmaslikni va oilasi uchun g‘amxo‘rlik qilaman deb «qaysi narsalar muhimroq ekanini» unutmaslikni eslatgan. Ular Yahovaga topinishning barcha sohalarini qadrlashi kerak edi. (Filip. 1:10)

4. Pavlus bilan Timo‘tiy imondoshlarga qiyinchiliklarni yengishga qanday ko‘maklashgan?

4 Salonikada yangi jamoat tashkil etilganidan ko‘p vaqt o‘tmay u yerdagi imondoshlar kuchli ta’qiblarga duch kelishdi. Bir to‘da dushmanlar Pavlus bilan Silani topa olmaganidan keyin, «ayrim birodarlarni shahar boshliqlarining oldiga sudrab borib, shunday deb baqirishdi: “Bu kishilarning bari... podshohimizning farmoniga qarshi chiqishyapti”». (Havor. 17:6, 7) Yaqinda masihiy bo‘lganlar shahar boshliqlari ularga qarshi chiqqanidan qo‘rqqan bo‘lsa kerak. Ularning g‘ayrati susayishi mumkin edi. Pavlus bunday bo‘lishini xohlamagan. Pavlus bilan Sila shaharni tark etgan bo‘lsa ham u yerdagi jamoatga yordam berilishi uchun harakat qilishgan. Havoriy Pavlus salonikaliklarga: «Timo‘tiyni oldingizga yubordik. U imoningizni mustahkamlash uchun sizlarga tasalli berib, qo‘llab-quvvatlaydi. Toki ushbu qayg‘ular dastidan hech biringizning imoningiz tebranmasin»,— deb aytgan. (1 Salon. 3:2, 3) Ehtimol, Timo‘tiy ham ona shahri Listrada quvg‘unlarga uchragan. U Pavlus birodarlarini qanday qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rgan. Timo‘tiy yaqinda masihiy bo‘lgan birodar-u opa-singillarni Yahovaning ko‘magi bilan qiyinchiliklarni yenga olishiga ishontirgan. (Havor. 14:8, 19–22; Ibron. 12:2)

5. Brayt oqsoqolning yordamidan qanday foyda olgan?

5 Pavlus yana qaysi yo‘l orqali imondoshlarini mustahkamlagan? U hamda Barnabo Listra, Ikoniya va Antioxiyaga qayta tashrif buyurishganida «har bir jamoatda oqsoqollarni tayinlashgan». (Havor. 14:21–23) Shubhasizki, o‘sha tayinlangan oqsoqollar jamoatdagilar uchun tasalli manbai bo‘lishgan. Hozir ham xuddi shunday. Brayt ismli birodarimizning so‘zlariga e’tibor bering: «15 yoshda bo‘lganimda dadam uydan ketdi. Onam esa jamoatdan chetlatildi. O‘shanda o‘zimni tashlab ketilgan va tushkun ahvolda his qilardim». Bunday qiyin paytda Braytga nima yordam berdi? U shunday dedi: «Toni ismli oqsoqol men bilan yig‘ilishlarda va boshqa paytlarda gaplashardi. U menga qiyinchiliklarga qaramay baxtli hayot kechirganlar haqida gapirib bergan. Toni Zabur 27:10- oyatni men bilan bo‘lishgan. Qolaversa, otasi yaxshi o‘rnak bo‘lmaganiga qaramay, Yahovaga sadoqat ila xizmat qilgan Hizqiyo haqida tez-tez aytib bergan». Oqsoqolning qo‘llab-quvvatlagani Braytga qanday ta’sir qildi? U quyidagicha bo‘lishdi: «Tonining daldasi bilan mamnuniyat keltiradigan to‘la vaqtli xizmatni boshladim». Qadrdon oqsoqollar, Braytga o‘xshagan imondoshlarga yordam berishga tayyor bo‘ling. Ehtimol, ular dalda baxsh etuvchi «yaxshi so‘zga» muhtojdir. (Hik. 12:25)

6. Qay yo‘sin Pavlus Xudoning o‘tmishdagi xizmatchilarining misolidan foydalanib imondoshlariga dalda bergan?

6 Pavlus imondoshlariga Yahovaning ko‘magi bilan qiyinchiliklarni yenggan «shohidlar olomoni» haqida eslatgan. (Ibron. 12:1) U o‘tmishda har xil qiyinchiliklarda bardoshli bo‘lgan Xudo xizmatchilarining misollaridan foydalangan. Shu yo‘sin, Pavlus birodar-u opa-singillariga jasoratli bo‘lishga va «barhayot Xudoning shahriga» ko‘z tikishga yordam bergan. (Ibron. 12:22) Biz ham Gido‘n, Baraq, Dovud, Shomuil va boshqa ko‘plarga Yahova qanday yordam berganini o‘qiganimizda kuchga to‘lamiz, shunday emasmi?! (Ibron. 11:32–35) Bizning davrimizdagi imondoshlarimiz haqida nima desa bo‘ladi? Yahovaning sadoqatli xizmatchilarining tarjimai hollarini o‘qib, imoni mustahkamlangan birodar-u opa-singillardan xalqaro bosh idoraga tez-tez xatlar keladi.

PAVLUS IMONDOSHLARIGA QANDAY QILIB O‘ZARO TINCH YASHASH MUMKINLIGINI KO‘RSATGAN

7. Pavlusning maslahatidan nimani o‘rganishingiz mumkin? (Rimliklarga 14:19–21)

7 Jamoatda tinchlik payida bo‘lsak, imondoshlarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Turli xil nuqtai nazarga ega bo‘lganimiz bo‘linishlarga sabab bo‘lishini istamaymiz. Muqaddas Kitobga zid bo‘lmagan vaziyatda moslashuvchan bo‘lishga harakat qilamiz. Bir misolni olaylik. Rimdagi jamoatda ham yahudiy, ham o‘zga xalq vakillari bo‘lgan. Musoning Qonuni bekor qilinganda, Xudoning xizmatchilari muayyan narsalarni yemaslik haqidagi qonunlarga amal qilmasliklari kerak edi. (Mark 7:19) O‘sha vaqtdan boshlab ba’zi yahudiy masihiylar hamma narsani bemalol yeya olishgan. Lekin ayrim yahudiy masihiylar bunday yo‘l tutishni to‘g‘ri deb bilishmagan. Shu sababli jamoatda bo‘linishlar yuzaga kelgan. Pavlus tinchlik payida bo‘lish muhim ekanini ta’kidlab, shunday degan: «Undan ko‘ra go‘sht yemagan, sharob ichmagan yoki birodaringizni qoqintiradigan biron ish qilmagan ma’qul». (Rimliklarga 14:19–21 ni o‘qing.) Shu tariqa, Pavlus imondoshlariga bunday bahs-munozaralar nafaqat alohida bir kishiga, balki butun jamoatga zarar keltirishi mumkinligini tushunishga yordam bergan. U shuningdek, boshqalarni qoqintirmaslik uchun o‘z nuqtai nazarini o‘zgartirishga tayyor bo‘lgan. (1 Kor. 9:19–22) Biz ham shaxsiy tanlov masalalarida bahslashmasak, tinchlikni saqlaymiz va boshqalarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

8. Muhim masala jamoatning tinchligiga raxna solayotganda Pavlus bunga qanday munosabatda bo‘lgan?

8 Pavlus muhim masalalarda norozi bo‘lganlar bilan tinchlikni saqlash borasida yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan. Masalan, birinchi asrdagi ba’zi masihiylar o‘zga millat vakili bo‘lgan masihiylar sunnat qilinishi kerak deb hisoblashgan. Ehtimol, ular yahudiylarning tanqidiga duch kelmaslik uchun bunday o‘ylagandir. (Galat. 6:12) Pavlus bunga qarshi bo‘lgan, lekin u o‘z nuqtai nazarini olg‘a surishning o‘rniga kamtarlik ila Quddusdagi havoriylar va oqsoqollardan maslahat so‘ragan. (Havor. 15:1, 2) Natijada Pavlus o‘sha masihiylarga jamoatda quvonch va tinchlikni saqlab qolishga yordam bergan. (Havor. 15:30, 31)

9. Pavlusning o‘rnagiga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

9 Jiddiy bahs-munozaralar ko‘tarilganida, Yahova jamoatga g‘amxo‘rlik qilish uchun tayinlagan kishilardan yo‘l-yo‘riq izlasak tinchlik payida bo‘lamiz. Ko‘p hollarda adabiyotlarimizdan yoki tashkilotimiz taqdim etayotgan yo‘l-yo‘riqlardan Muqaddas Kitobga asoslangan maslahatlarni topishimiz mumkin. Shaxsiy nuqtai nazarimizni olg‘a surishning o‘rniga ularga amal qilsak, jamoatda tinchlik hukm surishiga hissa qo‘shamiz.

10. Pavlus jamoatda tinchlik bo‘lishi uchun yana nima qilgan?

10 Pavlus imondoshlarining salbiy emas, ijobiy fazilatlarini ta’kidlab tinchlikni saqlagan. Masalan, rimliklarga yo‘llagan maktubining oxirida u ko‘plarning ismlarini tilga olib, ularning ijobiy tomonlarini va o‘ziga xos yaxshi fazilatlarini aytib o‘tgan. Biz ham imondoshlarimizning ijobiy fazilatlarini aytishdan tortinmasak, Pavlusga o‘xshab yo‘l tutgan bo‘lamiz. Shu tariqa, imondoshlarimiz orasidagi sevgini oshirib, do‘stona munosabatlarni rivojlantira olamiz.

11. Tushunmovchilik yuzaga kelganida tinchlik o‘rnatishga qanday qilib hissa qo‘sha olamiz?

11 Ba’zida ma’nan yetuk imondoshlar ham norozi bo‘lishi yoki o‘zaro bahslashishi mumkin. Bu Pavlus va uning yaqin do‘sti Barnabo bilan yuz bergan. Ular orasida Markni keyingi va’zgo‘ylik safariga olib borish borasida norozilik yuzaga kelgan. Ular «qattiq tortishib qolishdi-da, bir-biridan ayrilishdi». (Havor. 15:37–39) Lekin Pavlus, Barnabo va Mark o‘zaro yarashib olishgan. Shu yo‘sin, jamoatdagi tinchlik va birlikni qadrlashini ko‘rsatishgan. Keyinchalik Pavlus Barnabo va Mark to‘g‘risida ijobiy tarzda gapirgan. (1 Kor. 9:6; Kolos. 4:10) Jamoatdagilar bilan tushunmovchilik yuzaga kelganida biz ham masalani hal qilib, ularning ijobiy fazilatlariga diqqat qaratishda davom etishimiz kerak. Bunday qilsak, tinchlikka va birlikka o‘z hissamizni qo‘shamiz. (Efes. 4:3)

PAVLUS BIRODAR-U OPA-SINGILLARINING IMONINI MUSTAHKAMLAGAN

12. Birodar-u opa-singillarimiz duch kelayotgan ba’zi qiyinchiliklar qanday?

12 Imondoshlarimizning Yahovaga bo‘lgan ishonchini kuchaytirib, ularni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lamiz. Ba’zilar imondoshimiz bo‘lmagan oila a’zolari, hamkasblari yoki sinfdoshlari tomonidan masxara qilinadi. Ayrimlar jiddiy sog‘lik muammolari yoki og‘riqli his-tuyg‘ulari bilan kurashadi. Boshqalar esa ancha yillar oldin suvga cho‘mib bu yovuz dunyoning oxirini kutadi. Bunday vaziyatlarda imonimiz sinalishi hech gap emas. Birinchi asrdagi masihiylar ham bu kabi qiyinchiliklarga duch kelgan. Pavlus ularni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlagan?

Qay yo‘sin havoriy Pavlus kabi boshqalarni qo‘llab-quvvatlay olamiz? (13–16-xatboshilariga qarang.) *

13. Pavlus e’tiqodi uchun masxara qilingan imondoshlariga qanday yordam bergan?

13 Pavlus Muqaddas Yozuvlardan foydalanib, birodar-u opa-singillarining imonini mustahkamlagan. Misol uchun, yahudiy masihiylar imondoshi bo‘lmagan oila a’zolari o‘z dinini ularnikidan ustunroq deb ta’kidlashganida qanday javob berishni bilishmagandir. Shubhasizki, Pavlusning ibroniylarga yo‘llagan maktubi ularni mustahkamlagan. (Ibron. 1:5, 6; 2:2, 3; 9:24, 25) Ular Pavlusning ta’sirli fikr-mulohazalaridan foydalanib, qarshi chiqqan oila a’zolariga nima deyish kerakligini bilishgan. Bugungi kunda masxaralarga duch kelayotgan imondoshlarimizga e’tiqod qilayotgan narsalarning sabablarini tushuntirishga yordam berish niyatida Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlardan foydalanishimiz mumkin. Agar yoshlar bayramlarni nishonlamayotgani uchun masxara qilinayotgan bo‘lsa, ularga «Hayotdan toabad zavqlaning!» nomli kitobining 44- darsidan ma’lumotni topishga yordam berib, nega bayramlarni nishonlamasligimizni ko‘rsata olamiz.

Qay yo‘sin havoriy Pavlus kabi boshqalarni qo‘llab-quvvatlay olamiz? (14-xatboshiga qarang.) *

14. Pavlus va’zgo‘ylik va ta’lim berish ishi bilan band bo‘lishiga qaramay nimalar qilgan?

14 Pavlus birodar-u opa-singillarini «ezgu ishlar» orqali sevgi ko‘rsatishga undagan. (Ibron. 10:24) U imondoshlariga nafaqat so‘zda, balki amalda yordam ko‘rsatgan. Misol uchun, Yahudiyadagi imondoshlar ocharchilikka duch kelganida Pavlus ularga kerakli ba’zi narsalarni yetkazib bergan. (Havor. 11:27–30) Darhaqiqat, Pavlus va’zgo‘ylik va ta’lim berish ishi bilan band bo‘lishiga qaramay, moddiy yordamga muhtoj bo‘lganlarga ko‘maklashish yo‘llarini doim izlagan. (Galat. 2:10) Bunday qilib, u imondoshlarining Yahova ularga g‘amxo‘rlik qilishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlagan. Biz ham tabiiy ofatlardan zarar ko‘rganlarga ko‘maklashish uchun vaqt, kuch va ko‘nikmalarimizdan foydalansak, birodar-u opa-singillarimizning imonini mustahkamlaymiz. Shuningdek, umumjahon ishiga muntazam ravishda xayr-ehson qilamiz. Shu va boshqa yo‘llar orqali birodar-u opa-singillarimizga Yahova ularni hech qachon tashlab ketmasligiga ishonishga yordam beramiz.

Qay yo‘sin havoriy Pavlus kabi boshqalarni qo‘llab-quvvatlay olamiz? (15-, 16-xatboshilariga qarang.) *

15, 16. Imoni susayib qolgan imondoshlarga qay yo‘sin dalda bera olamiz?

15 Pavlus imoni susayib qolganlarga doim yordam bergan. Ularga rahm-shafqat ko‘rsatib, iliq va ijobiy tarzda gapirgan. (Ibron. 6:9; 10:39) Misol uchun, Pavlus ibroniylarga yozgan maktubida «biz» kabi so‘zlardan foydalangan. Shu yo‘sin, u bergan maslahatlariga o‘zi ham amal qilishi kerakligini ko‘rsatgan. (Ibron. 2:1, 3) Pavlus kabi biz ham imoni susayib qolganlardan umidimizni uzmasligimiz lozim. Bunday insonlarga samimiy qiziqish ko‘rsatish orqali ularni qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘z sevgimizga ishontiramiz. Muloyim ohangimiz so‘zlarimizni yanada ta’sirli qilib, tinglovchilarga dalda beradi.

16 Pavlus imondoshlarini Yahova ularning ezgu ishlarini bilishiga ishontirgan. (Ibron. 10:32–34) Biz ham imoni susayib qolgan imondoshlarimizni qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lganimizda shunday qilsak bo‘ladi. Masalan, ulardan haqiqatni qanday bilib olishganini so‘rarmiz yoki Yahovaning yordamini his qilgan vaziyatlari haqida o‘ylab ko‘rishga undarmiz. Yahova ularning sevgi ila qilgan ishlarini unutmaganiga va kelajakda ham tashlab qo‘ymasligiga ularni ishontirsak bo‘ladi. (Ibron. 6:10; 13:6) Bu kabi suhbatlar bunday aziz imondoshlarimizga dalda berib, xizmatini davom ettirishga turtki bo‘lishi mumkin.

«BIR-BIRINGIZGA DALDA BERINGLAR»

17. Nimalar ustida ishlashda davom eta olamiz?

17 Quruvchi vaqt o‘tgani sari mahoratini yaxshilaganidek, biz ham bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashda yaxshilanishimiz mumkin. O‘tmishda sabr-bardosh qilganlarning misollarini bo‘lishish orqali imondoshlarimizga sinovlarni yengish uchun kuchli bo‘lishga yordam bera olamiz. O‘zgalarning yaxshi tomonlariga diqqat qaratib tinchlik payida bo‘lishimiz mumkin. Bosimga duch kelganda tinchlik saqlay olamiz. Turli xil nuqtai nazar paydo bo‘lganida tinchlik o‘rnatsak bo‘ladi. Bundan tashqari, birodar-u opa-singillarimiz bilan Muqaddas Kitobdagi muhim haqiqatlarni bo‘lishish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish va ma’nan susayib qolganlarning imonini mustahkamlash orqali ularni qo‘llab-quvvatlashda davom eta olamiz.

18. Nima qilishga qaroringiz qat’iy?

18 Tashkilotimizning qurilish loyihalarida ishtirok etadiganlar quvonch va mamnuniyat his qilishadi. Biz jamoatimizning majoziy ma’nodagi qurilishida ishtirok etib, ya’ni birodar-u opa-singillarimizning imonini mustahkamlashga ko‘maklashib, bu go‘zal tuyg‘ularni his eta olamiz. Oxir-oqibat buzilib ketadigan tom ma’nodagi binolardan farqli o‘laroq, harakatlarimizning natijasi abadiy davom etishi mumkin. Shuning uchun, keling: «Bir-biringizga dalda berib, bir-biringizni qo‘llab-quvvatlanglar»,— degan so‘zlarga amal qilish qarorimiz qat’iy bo‘lsin! (1 Salon. 5:11)

100-QO‘SHIQ Mehmondo‘st bo‘linglar

^ Hozir hayot nihoyatda og‘ir. Birodar-u opa-singillarimiz turli bosimlarga duch kelyapti. Agar imondoshlarimizga dalda berish yo‘llarini izlasak ularga yordam bera olamiz. Bunda havoriy Pavlusning o‘rnagini ko‘rib chiqish biz uchun foydali bo‘ladi.

^ RASMLARGA SHARH. Qizaloq Yangi yilni nishonlash bosimiga duch kelgan. Otasi unga bu bosimga qarshi turish uchun adabiyotlardagi maslahatlarni topishga yordam beryapti.

^ RASMLARGA SHARH. Bir juftlik mamlakatning boshqa joyiga borib, tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlarga yordam beryapti.

^ RASMLARGA SHARH. Bir oqsoqol imoni susayib qolgan birodar bilan uchrashgan. U o‘sha birodarga doimiy kashshoflar maktabida birga tushgan rasmlarni ko‘rsatyapti. O‘sha birodar rasmlarni ko‘rib, quvonchli damlarni eslayapti. U Yahovaga xizmat qilgan paytda tuygan quvonchni yana his qilmoqchi. Vaqt o‘tib, u jamoatga qaytdi.