14-TADQIQ MAQOLASI
8-QO‘SHIQ Yahova boshpanamdir
«Kimga... xizmat qilishni tanlanglar»
Men va xonadonimga keladigan bo‘lsak, biz Yahovaga xizmat qilamiz. (YOSHUA 24:15)
ASOSIY FIKR
Nega Yahovaga xizmat qilishni boshlaganimizning sabablarini eslaymiz.
1. Chinakamiga baxtli bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak va nega? (Ishayo 48:17, 18)
SAMOVIY OTAMIZ bizni qattiq yaxshi ko‘radi va hozir hamda kelajakda hayotdan zavqlanishimizni istaydi. (Voiz 3:12, 13) U bizni ba’zi ajoyib qobiliyatlar bilan yaratgan. Biroq biz o‘z ustimizdan boshqarib yoki nima yaxshi va nima yomon ekani borasida qaror chiqarib, muvaffaqiyatga erisha olmaymiz. U bizga bunday qobiliyat bermagan. (Voiz 8:9; Yerm. 10:23) U chinakamiga baxtli bo‘lishimiz uchun Unga xizmat qilishimiz va me’yorlari bo‘yicha yashashimiz kerakligini biladi. (Ishayo 48:17, 18 ni o‘qing.)
2. Shayton bizni nimaga ishontirmoqchi, biroq Yahova qanday yo‘l tutdi?
2 Shayton bizni Yahovasiz baxtli bo‘la olishimizga va odamlar o‘zlarini-o‘zlari boshqarib ham muvaffaqiyatga erisha olishiga ishontirmoqchi. (Ibt. 3:4, 5) Yahova Shayton yolg‘onchi ekanini ko‘rsatish uchun odamlar vaqtinchalik o‘zini-o‘zi boshqarishiga yo‘l qo‘ydi. Insoniyat boshqaruvining ayanchli oqibatlarini ko‘rish uchun uzoqqa borish shart emas. Boshqa tomondan, Muqaddas Kitobda Yahovaga xizmat qilishni tanlab baxtli hayot kechirgan erkag-u ayollar haqida aytilgan. Ulardan eng baxtlisi Iso Masih bo‘lgan. Avvaliga, keling, Iso Yahovaga xizmat qilishni tanlaganing sabablarini ko‘rib chiqaylik. Keyin samoviy Otamiz topinishimizga nega loyiq ekanini bilib olamiz. Oxirida esa Yahovaga xizmat qilishni tanlashimizning ayrim sabablari haqida so‘z yuritamiz.
NEGA ISO YAHOVAGA XIZMAT QILISHNI TANLAGAN?
3. Shayton Isoga nimani taklif qilgan va Iso qanday yo‘l tutgan?
3 Iso yer yuzida bo‘lganida kimga xizmat qilishni tanlashi kerak edi. Iso suvga cho‘mganidan ko‘p o‘tmay, Shayton agar unga bir marta tiz cho‘kib sajda qilsa, yer yuzidagi barcha shohliklarni unga berishini aytgan. Iso bu taklifga javoban shunday degan: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton! Chunki Muqaddas Yozuvlarda: “Allohing Yahovaga sajda qil, birgina Unga muqaddas xizmatni ado et”,— deb aytilgan». (Mat. 4:8–10) Iso nega bunday tanlov qilgan? Keling, ba’zi sabablarini ko‘rib chiqamiz.
4, 5. Iso Yahovaga xizmat qilishni tanlaganing ba’zi sabablari qanday?
4 Iso Yahovaga xizmat qilishni tanlaganining asosiy sababi sevgisi, ya’ni Otasiga nisbatan chuqur va cheksiz muhabbati bo‘lgan. (Yuhan. 14:31) Bundan tashqari, bu to‘g‘ri bo‘lgani uchun ham u Yahovaga xizmat qilyapti. (Yuhan. 8:28, 29; Vah. 4:11) Iso Yahova hayot manbai, ishonchli va saxiy ekanini biladi. (Zab. 33:4; 36:9; Yoqb. 1:17) Yahova Isoga doim haqiqatni gapirgan va u ega bo‘lgan barcha narsani taqdim etgan. (Yuhan. 1:14) Biroq Shayton Yahovadan tubdan farq qiladi. U insoniyatni gunoh va o‘limga yetakladi. U ochko‘z va xudbin yolg‘onchi. (Yuhan. 8:44) Bularni bilgan holda, Iso Shaytonga qo‘shilib Yahovaga qarshi chiqishni hatto xayoliga ham keltirmagan. (Filip. 2:5–8)
5 Iso Yahovaga xizmat qilishni tanlaganining yana bir sababi shundaki, u uning fidoyi xizmati qanday barakalar olib kelishiga ko‘z tikkan. (Ibron. 12:2) U agar sadoqatli qolsa, Otasining ismini muqaddas qilishini hamda Shayton Iblis keltirayotgan azob-uqubatlarga chek qo‘yishini bilgan.
NEGA YAHOVA UNGA TOPINISHIMIZGA LOYIQ?
6, 7. Nima uchun bugungi kunda ko‘pchilik Yahovaga xizmat qilmaydi, lekin nega U topinishimizga loyiq?
6 Bugungi kunda ko‘pchilik Yahovaga xizmat qilmaydi. Chunki ular Yahovaning go‘zal fazilatlaridan va ular uchun qilgan yaxshiliklaridan bexabar. Ular havoriy Pavlus Afinada va’z qilgan odamlarga o‘xshaydi. Afinaliklar ham Xudoni tanimagan. (Havor. 17:19, 20, 30, 34)
7 Pavlus tinglovchilariga haq Xudo «hammaga hayot, nafas va barcha narsani berib» kelayotganini tushuntirgan. U: «Biz U orqali yashaymiz, harakat qilamiz, bormiz»,— deb aytgan. Xudo Yaratuvchi bo‘lib «barcha millatlarni bir odamdan» vujudga keltirgan. Shunga topinishimizga faqat U loyiq. (Havor. 17:25, 26, 28)
8. Yahova hech qachon nima qilmaydi? Tushuntiring.
8 Yahova Yaratuvchi va Sarvari Olam sifatida odamlarni Unga xizmat qilishga majburlashi mumkin edi. Biroq U hech qachon bunday qilmaydi. Aksincha, Yahova U mavjud ekanini va har birimizni qattiq yaxshi ko‘rishini ishonarli dalillar bilan ko‘rsatyapti. Yahova imkon qadar ko‘proq odam Uning abadiy do‘sti bo‘lishini istaydi. (1 Tim. 2:3, 4) Shu sababdan ham Yahova insoniyatga nisbatan nimalarni niyat qilganini va buni qay yo‘sin qilishini odamlarga yetkazishimiz uchun bizga ta’lim beryapti. (Mat. 10:11–13; 28:19, 20) Yahova Unga topina olishimiz uchun bizga jamoatni va yordam olishimiz uchun mehribon cho‘ponlarni bergan. (Havor. 20:28)
9. Yahovaning sevgisi qanday namoyon bo‘lmoqda?
9 Yahova Uning mavjudligini rad etayotgan insonlarga qanday muomala qilayotganidan Uning sevgisini ko‘rishimiz mumkin. Quyidagi fikrlarga diqqat qarating: tarix davomida milliardlab insonlar nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini aniqlash borasida o‘z me’yorlari bo‘yicha yashashni tanlagan. Shunday bo‘lsa-da, Yahova ular yashashi va hayotdan zavq olishi uchun kerak bo‘lgan narsalarni mehr ila bergan. (Mat. 5:44, 45; Havor. 14:16, 17) U odamlarga o‘zaro iliq munosabatlarga ega bo‘lish, oilali bo‘lib farzand ko‘rish hamda o‘z mehnatidan rohatlanish qobiliyatini bergan. (Zab. 127:3; Voiz 2:24) Bu dalillar samoviy Otamiz barcha insonlarni yaxshi ko‘rishini aniq ko‘rsatyapti. (Chiq. 34:6) Keling, endi Yahovaga xizmat qilishimizning ba’zi sabablarini va U bunga qanday munosabat ko‘rsatishini ko‘rib chiqaylik.
YAHOVAGA XIZMAT QILISHNI TANLASHIMIZNING SABABLARI
10. a) Yahovaga xizmat qilishimizning asosiy sababi qanday? (Matto 22:37) b) Yahovaning sabridan qanday foyda olyapsiz? (Zabur 103:13, 14)
10 Iso kabi biz ham Yahovani qattiq yaxshi ko‘rganimiz uchun Unga xizmat qilamiz. (Matto 22:37 ni o‘qing.) Yahovaning fazilatlari haqida bilib olganimizda, o‘zimizni Unga yaqin his qilamiz. Misol uchun, Yahova bizga ko‘rsatayotgan sabri haqida o‘ylab ko‘ring. Isroilliklar Unga itoatsizlik qilganida, U shunday degan: «Yomon yo‘llaringizdan qaytinglar». (Yerm. 18:11) Yahova nomukammal ekanimiz va tuproq ekanimizni yodida tutadi. (Zabur 103:13, 14 ni o‘qing.) Yahovaning sabri va boshqa go‘zal fazilatlari haqida mulohaza yuritganingizda bu sizni Unga abadiy xizmat qilishga undaydi, shunday emasmi?
11. Samoviy Otamizga xizmat qilishni tanlashimizning yana qanday sabablari bor?
11 Bu to‘g‘ri bo‘lgani uchun ham Yahovaga xizmat qilamiz. (Mat. 4:10) Bundan tashqari, fidoyi xizmatimiz qanday natijalar keltirishini bilamiz. Agar Yahovaga sadoqat ila xizmat qilsak, Uning ismi muqaddas bo‘lishiga hissa qo‘shamiz, Iblis yolg‘onchi ekanini isbotlaymiz va Otamizning qalbini quvontiramiz. Hozir Yahovaga xizmat qilishni tanlasak, kelajakda Unga abadiy xizmat qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz! (Yuhan. 17:3)
12, 13. Jeyn va Pemning vaziyatidan nimani o‘rganyapmiz?
12 Kichikligimizdanoq Yahovaga bo‘lgan sevgimizni rivojlantirishimiz mumkin. Katta bo‘lganmiz sayin, bu sevgimiz yanada mustahkamlanadi. Jeyn va Pem a ismli opa-singillarning vaziyatiga diqqat qarataylik. Ular tadqiq o‘tishni boshlaganida, Jeyn 11 yoshda, Pem esa 10 yoshda bo‘lgan. Ota-onasi Muqaddas Kitob tadqiqiga qiziqish bildirmagan bo‘lsa-da, qizlariga Yahovaning Shohidlari bilan muloqot qilishga ruxsat berishgan. Biroq ularga bir shart qo‘yishgan: qizlar har dam olish kuni oilasi bilan cherkovga borishi kerak bo‘lgan. Jeyn shunday dedi: «Shohidlar Muqaddas Kitob asosida o‘rgatganlari menga tengdoshlarimning giyohvand moddalarni qabul qilish va axloqsizlik qilish bosimiga qarshi turishimga yordam berdi».
13 Bir necha yil o‘tib opa-singil va’zgo‘y bo‘lishgan. Keyinchalik ular keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilayotganida kashshoflik xizmatini boshlashgan. Ortga qarab, Jeyn shunday dedi: «Yahova sadoqatli do‘stlariga g‘amxo‘rlik qilishiga hamda 2 Timo‘tiyga 2:19 da aytilganiday, “kim Unga tegishli ekanini” bilishiga shaxsan amin bo‘ldim». Shubhasizki, Yahova Uni sevib, Unga xizmat qilishni tanlanganlarga doim g‘amxo‘rlik qiladi!
14. So‘zlarimiz-u ishlarimiz bilan Yahovaning ismi oqlanishiga qay yo‘sin hissa qo‘sha olamiz? (Rasmlarga ham qarang.)
14 Biz odamlar Yahova haqidagi haqiqatni bilishini istaymiz. Quyidagi vaziyatga e’tibor bering: sizning mehribon, saxiy va kechirimli do‘stingiz bor. Bir kuni do‘stingiz shafqatsizlikda va adolatsizlikda ayblanayotganini eshitdingiz. Bunga qanday munosabat bildirasiz? Albatta, uni himoya qilasiz. Shu singari Shayton va uning ta’siri ostida bo‘lganlar Yahova haqida yolg‘onlar tarqatib, Uning obro‘yini to‘kishga intilayotganda, biz Yahova haqida haqiqatni gapirib, Uning ismini qat’iylik ila himoya qilamiz. (Zab. 34:1; Ishayo 43:10) So‘zlarimiz-u ishlarimiz orqali Yahovaga butun qalbimiz bilan xizmat qilishni xohlayotganimizni ko‘rsatamiz.
Yahovaning ismini himoya qilishga hissangizni qo‘shasizmi? (14-xatboshiga qarang.) b
15. Havoriy Pavlus maqsadlarini o‘zgartirib qay yo‘sin foyda olgan? (Filippiliklarga 3:7, 8)
15 Yahovaga ma’qul tarzda va imkon boricha ko‘proq xizmat qila olishimiz uchun hayotdagi maqsadlarimizni tayyorlik ila o‘zgartiramiz. Misol uchun, havoriy Pavlus yahudiy dinida muhim o‘ringa ega bo‘lgan. Biroq u Isoning shogirdi bo‘lish va Yahovaga xizmat qilish uchun o‘z dinini qoldirgan. (Galat. 1:14) Natijada u mazmunli hayot kechirgan va Masih bilan samoda boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan. U Yahovaga xizmat qilishni tanlaganidan hecham afsuslanmagan, biz ham afsuslanmaymiz. (Filippiliklarga 3:7, 8 ni o‘qing.)
16. Juliyaning vaziyatidan nimani o‘rganishimiz mumkin? (Rasmlarga ham qarang.)
16 Agar Yahovaga bo‘lgan xizmatimizni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘ysak, U bizni hozir va kelajakda albatta mukofotlaydi. Juliya ismli opamizning vaziyatini ko‘rib chiqaylik. U haqiqatni bilib olishidan avval, kichikligidanoq cherkov xorida kuylagan. Bir professional opera xonandasi uning iste’dodini payqab, unga ta’lim bergan. Juliya tez orada mashhurlikka erishgan va katta sahnalarda qo‘shiq kuylay boshlagan. Juliya mashhur musiqa maktabiga qatnagan paytlarda bir sinfdoshi unga Xudo hamda Uning ismi Yahova ekani haqida aytib bergan. Bundan ko‘p o‘tmay, u haftasiga ikki marta Muqaddas Kitob tadqiqini o‘ta boshlagan. Natijada u hayotini opera xonandasi bo‘lishga emas, balki Yahovaga xizmat qilishga bag‘ishlashga qaror qilgan. Bu qarorni chiqarish u uchun oson bo‘lmagan. U shunday deb bo‘lishdi: «Ko‘plar iste’dodimni uvol qilganimni aytardi. Biroq men hayotimni butunlay Yahovaga xizmat qilishga bag‘ishlashni istardim». Xo‘sh, u 30 yildan ko‘proq vaqt avval chiqargan qarori haqida hozir qanday fikrda? U quyidagicha dedi: «Hozir ichki xotirjamlikka egaman va Yahova kelajakda qalbimdagi barcha istaklarimni qondirishiga ishonaman». (Zab. 145:16)
Yahovaga xizmat qilish hayotimizda birinchi o‘rinda bo‘lsa, barakalarga to‘la hayotdan zavq olamiz (16-xatboshiga qarang.) c
YAHOVAGA XIZMAT QILISHDA DAVOM ETING
17. Ushbu zamona tugashiga oz qolgan paytda yashayotganimiz Yahovaga xizmat qilishni tanlaganlar va hali bunday qilmaganlar uchun nimani anglatadi?
17 Biz ushbu zamona tugashiga oz qolgan paytda yashayapmiz. Havoriy Pavlus shunday deb yozgan: «Zero “yana bir oz” va “kelayotgan keladi, kechikmaydi”». (Ibron. 10:37) Bu biz uchun nimani anglatadi? Odamlarda Yahovaga xizmat qilishni tanlash uchun vaqt oz qoldi. (1 Kor. 7:29) Agar allaqachon Yahovaga xizmat qilishni tanlagan bo‘lsak, sinovlarga bardosh qilishga to‘g‘ri kelsa ham, bu faqatgina «bir oz» davom etishini bilamiz.
18. Iso hamda Yahova nima qilishimizni istashadi?
18 Iso odamlarni nafaqat uning shogirdi bo‘lishga, balki uning izidan yurishda davom etishga undagan. (Mat. 16:24) Yahovaga ko‘p yillardan beri xizmat qilib kelayotgan bo‘lsak, bunday qilishda davom etish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak. Yahovaga xizmat qilish qarorimizga muvofiq yashash uchun jon kuydirishimiz darkor. Bu oson bo‘lmasligi mumkin, biroq shunday yo‘l tutsak, hozirning o‘zidayoq barakalar va mamnuniyat hissidan bahramand bo‘lishimiz mumkin! (Zab. 35:27)
19. Jinning misolidan qanday saboq olyapmiz?
19 Ba’zilarning fikricha, Yahovaga xizmat qilish ko‘p fidoyilikni talab qiladi. Yosh bo‘lsangiz, Yahovaga xizmat qilish sizga nimadandir mahrum bo‘lishdek ko‘rinyaptimi? Jin ismli yosh birodarimiz shunday dedi: «“Yahovaning Shohidi bo‘lganim uchun o‘yin-kulgi qilolmayman” deb o‘ylardim. Men bilan birga katta bo‘lgan yoshlar o‘tirishlar, uchrashish yoki zo‘ravon videoo‘yinlardan zavq olayotgan bir paytda men jamoat uchrashuvlari-yu xizmatda vaqt o‘tkazardim». Xo‘sh, bunday fikrlash tarzi Jinga qanday ta’sir qildi? U shunday dedi: «Men ikki xil hayot tarzini kechira boshladim. Boshida bu qiziqday tuyuldi. Biroq bu xursandchiligim ko‘pga cho‘zilmadi. Men oldin nazarga ilmagan Muqaddas Kitob haqiqatlari to‘g‘risida o‘ylay boshladim va Yahovaga butun qalbim bilan xizmat qilishga qaror qildim. O‘shandan beri go‘yo Yahova har bir ibodatimga javob beryapti».
20. Nima qilish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?
20 Sano bastakori Yahovaga shunday deb kuylagan: «Hovlilaringda yashashi uchun tanlab, O‘zingga yaqinlashtirgan inson baxtlidir». (Zab. 65:4) Iloyim, quyidagi so‘zlarni aytgan Yoshua kabi yo‘l tutish qarorimiz qat’iy bo‘lsin: «Men va xonadonimga keladigan bo‘lsak, biz Yahovaga xizmat qilamiz». (Yoshua 24:15)
28-QO‘SHIQ Yahova, kim do‘sting erur?
a Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.