2-TADQIQ MAQOLASI
132-QO‘SHIQ Ikkimiz bir tan bo‘ldik
Erlar, xotiningizni e’zozlang
Erlar... ayollarni... e’zozlang. (1 BUTR. 3:7)
ASOSIY FIKR
Qanday qilib er xotinini ham so‘zda, ham amalda e’zozlay oladi?
1. Yahova nikoh tuzumini o‘rnatganining sabablaridan biri qanday?
YAHOVA «baxtiyor... [Tangri]» va U biz ham baxtiyor bo‘lishimizni istaydi. (1 Tim. 1:11) Hayotdan zavq olib yashashimiz uchun U bizga ko‘p hadyalar bergan. (Yoqb. 1:17) Ulardan biri nikoh tuhfasidir. Erkak va ayol turmush qurganida bir-birini sevishga, hurmat qilishga va qadrlashga qasam ichadi. Er va xotin bir-birini qattiq sevishdan to‘xtamasa, ikkovi ham juda baxtiyor bo‘ladi. (Hik. 5:18)
2. Bugungi kunda ko‘pgina nikohlar bilan nima yuz beryapti?
2 Afsuski, hozirgi dunyoda ko‘pgina juftliklar nikoh kuni bergan va’dalarida turmaydi. Natijada ular baxtsiz bo‘lib qolyapti. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining yaqinda bergan hisobotiga ko‘ra, ko‘p erlar hissan, jismonan va so‘zlari bilan turmush o‘rtoqlariga azob beradi. Bunday er boshqalar oldida hurmat ila gapirishi, lekin yolg‘iz qolganda, buning aksini qilishi mumkin. Shuningdek, er pornografiya tomosha qilganida, nikoh rishtalari zaiflashadi.
3. Er xotiniga zo‘ravonlik qilishiga qaysi omillar sabab bo‘lishi mumkin?
3 Nima sababdan ba’zi erlar zo‘ravon bo‘ladi? Ayrimlari zo‘ravon otaning qo‘lida ulg‘aygani tufayli «Zo‘ravonlik oddiy hol» deb o‘ylaydi. Boshqalariga esa madaniyat ta’sir qiladi. Oqibatda ular xotiniga kim xo‘jayin ekanini ko‘rsatish uchun «Kuch ishlatish kerak» degan fikrni olg‘a suradi. Boshqa erkaklarga esa his-tuyg‘ularini, jumladan, g‘azabini tiyish o‘rgatilmagan. Ayrimlar muntazam ravishda pornografiya tomosha qilgani oqibatida ayollar va jinsiy munosabatlar borasida noto‘g‘ri tasavvurga ega. Ustiga-ustak, COVID-19 pandemiyasi tufayli bunday muammolar yanada kuchaydi. Albattaki, yuqorida keltirilgan omillarning hech biri erning zo‘ravonligini oqlamaydi.
4. Masihiy erlar nimadan ehtiyot bo‘lishi kerak va nega?
4 Masihiy erlar ayollar to‘g‘risidagi noto‘g‘ri tasavvur ularga ham ta’sir qilishidan ehtiyot bo‘lishlari lozim a. Nega deganda, ko‘pincha o‘y-fikrlar xatti-harakatlarning boshidir. Havoriy Pavlus Rimdagi masihiylarni: «Ushbu zamonga uyg‘unlashmanglar»,— deb ogohlantirgan. (Rim. 12:1, 2) Pavlus mazkur so‘zlarni rimliklarga yozganida, o‘sha jamoatdagilar bir necha yildan beri masihiy edi. Lekin shunga qaramay, Pavlusning so‘zlaridan jamoatdagi ayrimlarga dunyoning fikrlash tarzi ta’sir qilganini ko‘ryapmiz. Shu bois ham u ularni fikrlash tarzini-yu xulq-atvorini o‘zgartirishga undagan. Shubhasizki, Pavlusning maslahati bugungi masihiy erlarga ham tegishli. Afsuski, ularning ayrimlari bu dunyoning ta’siriga berilgan va hatto xotiniga zo‘ravonlik qilgan b. Xo‘sh, Yahova er xotiniga qanday muomala qilishini kutadi? Bu savolning javobini ushbu maqolaning ochqich oyatidan bilib olyapmiz.
5. 1 Butrus 3:7 ga ko‘ra, er xotiniga qanday munosabatda bo‘lishi kerak?
5 1 Butrus 3:7 ni o‘qing. Yahova erlarga xotinlarini e’zozlashni amr etgan. E’zozlash bu biron kimga hurmat ila muomala qilishni anglatadi. Xotinini e’zozlaydigan er unga mehr va sevgi ila munosabatda bo‘ladi. Ushbu maqolada qanday qilib er xotinini e’zozlayotganini ko‘rsata olishini muhokama qilamiz. Ammo avvaliga keling, qaysi narsalar xotinlarni yerga urishini bilib olamiz.
XOTININGIZNI KAMSITADIGAN NARSALARDAN QOCHING
6. Xotiniga jismoniy zo‘ravonlik qiladigan er haqida Yahova qanday fikrda? (Kolosaliklarga 3:19)
6 Jismoniy zo‘ravonlik. Yahova zo‘ravonlardan nafratlanadi. (Zab. 11:5) U ayniqsa xotiniga qo‘l ko‘taradigan erlardan nafratlanadi. (Mal. 2:16; Kolosaliklarga 3:19 ni o‘qing.) Ochqich oyatga, 1 Butrus 3:7 ga ko‘ra, agar er xotini bilan yaxshi muomalada bo‘lmasa, bu uning Xudo bilan bo‘lgan munosabatlariga ta’sir qiladi. Yahova hatto uning ibodatlarini eshitmasligi mumkin.
7. Efesliklarga 4:31, 32 ga binoan, erlar qanday gap-so‘zlardan qochishi kerak?
7 Og‘zaki zo‘ravonlik. Ba’zi erlar xotiniga g‘azab bilan gapiradi va uni haqoratlaydi. Yahova «g‘azab, baqiriq va haqoratli» so‘zlardan c nafratlanadi. (Efesliklarga 4:31, 32 ni o‘qing.) Xudo hammasini eshitadi. Er hatto uyda yolg‘iz bo‘lganida ayoli bilan qanday ohangda muomala qilishi Yahova uchun ahamiyatlidir. Xotiniga qahr bilan gapiradigan er nafaqat nikohiga, balki Xudo bilan bo‘lgan do‘stligiga putur yetkazadi. (Yoqb. 1:26)
8. Yahova pornografiya borasida qanday fikrda va nima uchun?
8 Pornografiya tomosha qilish. Yahova pornografiya haqida qanday fikrda? U undan jirkanadi. Shunday ekan, nopok rasmlarni tomosha qiladigan er Xudo bilan bo‘lgan do‘stligiga putur yetkazadi va rafiqasiga hurmatsizlik ko‘rsatadi d. Yahova erdan nafaqat xatti-harakatida, balki fikrlarida ham xotiniga sadoqatli bo‘lishini kutadi. Iso: «Ayol kishiga ehtiros bilan qaragan... [erkak], allaqachon ko‘nglida u bilan zino qilgan bo‘ladi»,— degan e. (Matto 5:28, 29)
9. Nega Yahova er rafiqasini jinsiy tahqirlashidan nafratlanadi?
9 Jinsiy tahqirlash. Ayrim erlar xotinini ularni tahqirlaydigan yoki vijdonini qiynaydigan jinsiy xatti-harakatlar qilishga majburlaydi. Yahova bunday shafqatsizlik va xudbinlikdan nafratlanadi. U er xotinini sevishini, qadrlashini va his-tuyg‘ularini hurmat qilishini kutadi. (Efes. 5:28, 29) Xo‘sh, masihiy er xotinini tahqirlayotgan yo bo‘lmasa pornografiya tomosha qilayotgan bo‘lsa-chi? Qay yo‘sin u fikrlash tarzini-yu xatti-harakatlarini o‘zgartira oladi?
QAY YO‘SIN NOMUNOSIB XULQ-ATVORNI BAS QILISH MUMKIN?
10. Erlar Isoning o‘rnagidan qanday foyda olishi mumkin?
10 Er xotiniga nisbatan zo‘ravonlik qilishni va uni kamsitishni bas qilishiga nima yordam beradi? U Isoga taqlid qilish uchun jon kuydirishi mumkin. Iso oila qurmagan bo‘lsa-da, shogirdlariga ko‘rsatgan munosabatidan erlar xotiniga qanday muomala qilish borasida namuna olishi mumkin. (Efes. 5:25) Masalan, Iso havoriylariga qanday muomala qilganidan va gapirganidan erlar nimani o‘rganishi mumkinligiga diqqat qarataylik.
11. Iso havoriylariga qanday muomala qilgan?
11 Iso havoriylariga mehr ila va ularning hurmatini joyiga qo‘yib muomala qilgan. U hech qachon qattiqqo‘l yoki qo‘pol bo‘lmagan. Garchi Iso ularning Xazrati va Xo‘jayini bo‘lsa-da, qanday hokimiyatga ega ekanini isbotlash uchun kuchini ko‘z-ko‘z qilmagan. Buning o‘rniga, u kamtarinlik ila ularga xizmat qilgan. (Yuhan. 13:12–17) Iso shogirdlariga: «Mendan o‘rganinglar, chunki men muloyim va soddadilman. Shunday qilib, jonlaringiz rohat topadi»,— deb aytgan. (Mat. 11:28–30) E’tibor bering, Iso muloyim bo‘lgan. Muloyim kishi zaif bo‘lmaydi. Aksincha u his-tuyg‘ularini jilovlash uchun kuchli bo‘ladi. Ig‘voli vaziyatga tushganida, u xotirjamlikni yo‘qotmaydi va his-tuyg‘ularini nazorat qila oladi.
12. Iso boshqalarga qanday gapirgan?
12 Iso so‘zlari bilan boshqalarga tasalli va dalda bergan. U izdoshlariga qattiqqo‘llik ila gapirmagan. (Luqo 8:47, 48) Hatto Isoga qarshi chiqqanlar uni haqoratlab, jahlini chiqarishga uringanida, U «haqorat bilan javob qaytarmagan». (1 Butr. 2:21–23) Ba’zida Iso hatto qattiq gapirishdan ko‘ra jim turishni tanlagan. (Mat. 27:12–14) Masihiy erlar uchun naqadar ajoyib o‘rnak!
13. Matto 19:4–6 da aytilganiday, qay yo‘sin er xotiniga «bog‘lanib qoladi»? (Rasmga ham qarang.)
13 Iso erlarga xotiniga sadoqatli qolishni aytgan. U Otasining gaplarini iqtibos sifatida keltirib, er «xotiniga bog‘lanib» yoki yopishib qolishi kerakligini aytgan. (Matto 19:4–6 ni o‘qing.) Bu yerda ishlatilgan yunoncha so‘z tom ma’noda «yelim bilan yopishtirilganday mahkam birikib qolish»ni anglatadi. Shunday ekan, er va xotin o‘rtasidagi nikoh rishtalari xuddi ularni yelim bilan mahkam yopishtirganday mustahkam bo‘lishi kerak. Er yo xotin turmush o‘rtog‘iga og‘riq keltiradigan biron narsa qilsa, ularning ikkovi ham azob chekadi. Xotinini qattiq sevadigan er pornografiyaning har qanday turini rad etadi. U «yaramas narsadan» shu zahoti ko‘zini olib qochadi. (Zab. 119:37) Ha, u xotinidan boshqa hech bir ayolga ehtiros bilan qaramaslik uchun ko‘zlari bilan ahd tuzadi. (Ayub 31:1)
14. Zo‘ravon er Yahova hamda xotini bilan munosabatlarini tiklash uchun qanday qadamlar qo‘yishi kerak?
14 Xotiniga jismonan yoki so‘zlari bilan azob beradigan er Yahova hamda rafiqasi bilan bo‘lgan munosabatlarini tiklash uchun bir nechta qadam qo‘yishi kerak. Bu qanday qadamlar ekan? Birinchidan, u jiddiy muammosi borligini tushunadi. Yahovadan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. (Zab. 44:21; Voiz 12:14; Ibron. 4:13) Ikkinchidan, er xotiniga azob berishni bas qiladi va xulq-atvorini o‘zgartiradi. (Hik. 28:13) Uchinchidan, u xotinidan va Yahovadan kechirim so‘raydi. (Havor. 3:19) Shuningdek, er o‘zgarishi uchun istak va o‘y-fikrlarini, gap-so‘zlarini hamda xatti-harakatlarini nazorat qilish uchun Yahovadan yolvorib yordam so‘rashi kerak. (Zab. 51:10–12; 2 Kor. 10:5; Filip. 2:13) To‘rtinchidan, u zo‘ravonlik va haqoratli gap-so‘zlarning har qanday turidan nafratlanishni o‘rganish uchun ibodatlariga muvofiq yo‘l tutadi. (Zab. 97:10) Beshinchidan, u jamoatdagi mehribon cho‘ponlardan darhol yordam izlaydi. (Yoqb. 5:14–16) Oltinchidan, kelajakda ham bunday xulq-atvordan qochish uchun reja tuzadi. Pornografiya tomosha qiladigan er ham xuddi shu qadamlarni qo‘yishi lozim. Yahova uning xulq-atvorini o‘zgartirish uchun qilayotgan harakatlariga baraka beradi. (Zab. 37:5) Lekin er xotinini yerga uradigan xulq-atvordan qochishining o‘zi yetarli emas. U, shuningdek, xotinini e’zozlayotganini ko‘rsatishi lozim. Qiziq, u buni qanday qila oladi?
QAY YO‘SIN XOTININGIZNI E’ZOZLAY OLASIZ?
15. Qanday qilib er xotiniga bo‘lgan sevgisini ko‘rsata oladi?
15 Sevgingizni ko‘rsating. Nikohida baxtiyor bo‘lgan ayrim birodarlar xotinini qanchalik sevishini ko‘rsatish uchun har kuni biron nima qilishni odat qilgan. (1 Yuhan. 3:18) Masalan, er xotinining qo‘lini ushlash yoki uni quchoqlash kabi kichik yo‘llar orqali unga bo‘lgan sevgisini ko‘rsatishi mumkin. Balki u xotiniga «Sizni sog‘indim» yoki «Kuningiz qanday o‘tyapti?» deb SMS yuborar. Vaqti-vaqti bilan sevgisini izhor etish niyatida yaxshi tanlangan so‘zlarni otkritkaga yozib, unga berar. Er bu kabi ishlarni qilganida, xotinini e’zozlaydi va nikohini mustahkamlaydi.
16. Nega er xotinini maqtashi kerak?
16 Minnatdor ekaningizni ko‘rsating. Xotinini e’zozlaydigan er u qadrli ekanini aytadi va unga dalda beradi. Bunday qilishning yo‘llaridan biri er xotiniga uni qo‘llab-quvvatlash niyatida qilayotgan barcha ishlari uchun rahmat aytishidir. (Kolos. 3:15) U xotinini chin dildan maqtaganida, uning qalbi quvonchga to‘ladi. Xotin o‘zini xavfsiz, suyukli va qadrli his qiladi. (Hik. 31:28)
17. Qay yo‘sin er xotinini hurmat qilishini ko‘rsata oladi?
17 Mehribon bo‘ling va hurmat ko‘rsating. Xotinini sevadigan er uni qadrlaydi va ardoqlaydi. U rafiqasini Yahovaning bebaho hadyasi deb biladi. (Hik. 18:22; 31:10) Natijada u xotiniga hatto jinsiy munosabatlar paytida mehr va hurmat ila muomala qiladi. Bunday er jinsiy yaqinlik paytida xotinini o‘zini noqulay, tahqirlangan yoki vijdonini qiynaydigan xatti-harakatlar qilishga majburlamaydi f. Qolaversa, o‘zi ham Yahovaning oldida pok vijdonga ega bo‘lish uchun jon kuydiradi. (Havor. 24:16)
18. Erlarning nima qilish qarori qat’iy bo‘lishi kerak? (« Rafiqangizni hurmat qilishning to‘rtta yo‘li» nomli ramkaga ham qarang.)
18 Erlar, hayotingizning barcha sohasida xotiningizni e’zozlash uchun qilayotgan harakatlaringizni Yahova ko‘rishiga va qadrlashiga amin bo‘ling. Xotiningizga og‘riq keltiradigan har qanday harakatlardan qochish hamda unga mehr, hurmat va sevgi ko‘rsatish orqali uni e’zozlash qaroringiz qat’iy bo‘lsin. Shunda xotiningizga uni sevishingizni va qadrlashingizni ko‘rsatasiz. Xotiningizni e’zozlab, eng muhim munosabatlaringizni — Yahova bilan do‘stligingizni himoyalaysiz. (Zab. 25:14)
131-QO‘SHIQ «Alloh birga qo‘shganni bandasi ajratmasin»
a Erlar «Qo‘riqchi minorasi»ning 2024-yil yanvar sonidagi «Ayollarga Yahova kabi munosabat ko‘rsatyapsizmi?» nomli maqolani o‘qishdan foyda oladi.
b Uyda zo‘ravonlikning qurboni bo‘lganlarga jw.org veb-sayti va «JW Library®» ilovasidagi «Qo‘shimcha maqolalar» turkumida keltirilgan «Oilasida tahqir qilinadiganlar uchun yordam» maqolasini o‘qish foydali bo‘lishi mumkin.
c IBORA MA’NOSI. «Haqoratli so‘zlar» kamsitadigan so‘zlar bilan chaqirishni, shafqatsizlik va qo‘pollik bilan tanqid qilishni o‘z ichiga oladi. Er rafiqasiga og‘riq keltiradigan yoki yerga uradigan har qanday so‘z aytsa, bu haqoratli so‘zlarga kiradi.
d jw.org veb-sayti va «JW Library» ilovasida «Pornografiya nikohingizni barbod qilishi mumkin» nomli maqolani o‘qing.
e Eri pornografiya tomosha qiladigan xotin «Qo‘riqchi minorasi»ning 2023-yil avgust sonidagi «Turmush o‘rtog‘ingiz pornografiya tomosha qilganida» nomli maqolani o‘qishdan foyda olishi mumkin.
f Muqaddas Kitobda er-xotin o‘rtasidagi qanday jinsiy munosabatlar pok yoki nopok ekani aytilmagan. Bu borada masihiy juftlik Yahovani sharaflaydigan, bir-biriga ma’qul bo‘lgan va vijdonini pok saqlashga ko‘maklashadigan qaror chiqarishi kerak. Umuman olganda, juftlik nikohiga tegishli bunday shaxsiy masalani boshqalar bilan muhokama qilmaydi.
g RASMGA SHARH. Birodarning Yahovaning Shohidi bo‘lmagan hamkasblari uni pornografiya ko‘rishga undayapti.