33-TADQIQ MAQOLASI
130-QO‘SHIQ Kechirimli bo‘laylik
Jamoatdagilar gunohkorlarga nisbatan Yahovaning nuqtai nazarini qanday aks ettira oladi?
Mabodo kimdir gunohga qo‘l ursa, Otamiz yonida odil yordamchimiz... bor. (1 YUHAN. 2:1)
ASOSIY FIKR
Birinchi asrda Korinfdagi jamoatda jiddiy gunohga qo‘l urilgan vaziyat qay yo‘sin hal qilinganidan nimalarni o‘rganyapmiz?
1. Yahova barcha odamlar nimaga erishishini istaydi?
YAHOVA odamlarni iroda erkinligi bilan yaratgan. Qaror chiqarganingizda bu hadyadan muntazam ravishda foydalanasiz. Har qanday inson chiqarishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi qaror o‘zini Yahovaga bag‘ishlab, Uning topinuvchilaridan iborat oilaning bir qismi bo‘lishdir. Xudo barcha shunday qilishini xohlaydi. Nega deganda, U odamlarni sevadi va ular uchun eng yaxshisini istaydi. Qolaversa, Xudo odamlar U bilan do‘stlikdan hamda abadiy hayotdan zavq olishini xohlaydi. (Qonun. 30:19, 20; Galat. 6:7, 8)
2. Yahova tavba qilmaganlar nima qilishini istaydi? (1 Yuhanno 2:1)
2 Biroq Yahova hech kimni Unga xizmat qilishga majburlamaydi. U har bir kishi o‘zi qaror chiqarishiga yo‘l qo‘yadi. Suvga cho‘mgan masihiy jiddiy gunoh qilib, Xudoning qonunini buzsa-chi? Agar u tavba qilmasa, jamoatdan chiqarilishi kerak bo‘ladi. (1 Kor. 5:13) Biroq hatto shunda ham Tangri gunohga qo‘l urgan kishi Unga qaytishini chin dildan istaydi. Bu Yahova nega to‘lov qurbonligini taqdim etganining muhim sabablaridan biri. U tavba qilgan kishilarni kechirishni istaydi. (1 Yuhanno 2:1 ni o‘qing.) Sevuvchi Xudoyimiz gunoh qilganlarga mehr ila murojaat qilib ularni tavba qilishga undayapti. (Zakr. 1:3; Rim. 2:4; Yoqb. 4:8)
3. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?
3 Yahova gunohga va gunohkorlarga nisbatan U kabi nuqtai nazarga ega bo‘lishimizni istaydi. Ushbu maqolada buni qanday qilishni ko‘rib chiqamiz. Maqolani o‘qir ekansiz, 1) birinchi asrda Korinfdagi jamoatda jiddiy gunohga qo‘l urilgan vaziyat qay yo‘sin hal qilinganiga, 2) jiddiy gunohga qo‘l urgan inson tavba qilganda havoriy Pavlus qanday yo‘l-yo‘riq berganiga va 3) gunoh qilgan masihiyga nisbatan Yahovaning nuqtai nazari borasida mazkur bayonotdan nimalarni bilib olayotganimizga e’tibor bering.
BIRINCHI ASRDA JIDDIY GUNOHGA QO‘L URGAN KISHINING MASALASI QANDAY HAL QILINGAN?
4. Birinchi asrda Korinfdagi jamoatda qanday vaziyat yuzaga kelgan? (1 Korinfliklarga 5:1, 2)
4 1 Korinfliklarga 5:1, 2 ni o‘qing. Pavlus uchinchi va’zgo‘ylik safarida Korinfda tashkil topgan yangi jamoat borasida dahshatli bir xabar eshitadi. Jamoatdagi bitta birodar o‘gay onasi bilan jinsiy axloqsizlik qilayotgan bo‘ladi. Bu aqlga sig‘maydigan va «hatto o‘zga xalqlar orasida bo‘lmagan» ish edi. Jamoat bunga nafaqat ko‘z yumgan, balki, ehtimol, bundan faxrlangan. Ba’zilar «Bu Xudo nomukammal odamlarga rahm-shafqatli ekanini va ularni tushunishini ko‘rsatadi» deb o‘ylagandir. Biroq Yahova xizmatchilari bunday ishlarni qilishini ma’qullamaydi. O‘sha birodar bu kabi gunohga qo‘l urib, shubhasizki, jamoatning obro‘yiga putur yetkazayotgandi. Shuningdek, bu kishi u bilan muloqot qilayotganlarga yomon ta’sir o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin edi. Xo‘sh, Pavlus jamoatdagilarga qanday yo‘l-yo‘riq berdi?
5. Pavlus jamoatga nima qilishni aytgan va u nimani nazarda tutgan? (1 Korinfliklarga 5:13) (Rasmga ham qarang.)
5 1 Korinfliklarga 5:13 ni o‘qing. Havoriy Pavlus ilohiy ilhom ostida maktub yozib, tavba qilmagan gunohkorni jamoatdan chiqarishni aytgan. Xo‘sh, sadoqatli masihiylar u bilan qanday muomala qilishi kerak edi? Pavlus: «U bilan muloqot qilmanglar»,— deb yozgan. U nimani nazarda tutgan? Havoriy Pavlus bu «u bilan birga hatto [ovqatlanmaslikni]» o‘z ichiga olishini tushuntirgan. (1 Kor. 5:11) Kishi bilan birga ovqatlanish o‘z-o‘zidan u bilan suhbatlashishga yo‘l ochadi. Shunisi aniqki, Pavlus jamoatdagilar tavba qilmagan gunohkorlar bilan muloqot qilishini istamagan. Bu jamoatni uning yomon ta’siridan himoyalardi. (1 Kor. 5:5–7) Bundan tashqari, u bilan yaqindan muloqot qilishmagani tufayli o‘sha inson Yahovaning yo‘llaridan qanchalik uzoqlashib ketganini tushunishi va bu uni uyalib, tavba qilishga undashi mumkin edi.
6. Pavlusning maktubi jamoatga va gunoh qilgan kishiga qanday ta’sir qilgan?
6 Pavlus Korinfdagi masihiylarga maktub yo‘llagach, u jamoatdagilar bunga qanday munosabat ko‘rsatishi haqida o‘ylagan. Nihoyat Titus uni xursand qiladigan xabar keltirgan. Jamoat Pavlusning maktubini ijobiy qabul qilgan. (2 Kor. 7:6, 7) Ular uning yo‘l-yo‘riqlariga quloq solgan. Bundan tashqari, Pavlus maktub jo‘natgandan keyin o‘tgan oylar davomida gunohkor tavba qilgan. U xulq-atvorini va nuqtai nazarini o‘zgartirib, Yahovaning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashay boshlagan. (2 Kor. 7:8–11) Xo‘sh, endi Pavlus jamoatdagilarga qanday yo‘l-yo‘riq beradi?
JAMOATDAGILAR TAVBA QILGAN KISHIGA QANDAY MUOMALA QILISHI KERAK EDI?
7. Gunohkorni jamoatdan chiqarish qanday ijobiy natija keltirgan? (2 Korinfliklarga 2:5–8)
7 2 Korinfliklarga 2:5–8 ni o‘qing. Pavlus «bunday kishi uchun ko‘pchilik tomonidan berilgan tanbehning o‘zi yetarli» ekanini aytgan. Chunki tarbiyadan ko‘zlangan maqsadga erishilgandi. Xo‘sh, qaysi maqsadga? Tarbiya uni tavba qilishga olib kelgandi. (Ibron. 12:11)
8. Pavlus jamoatga nima qilishni aytgan?
8 Shunga Pavlus jamoatga quyidagicha yo‘l-yo‘riq berdi: «Xato qilgan birodarni chin dildan kechirib, tasalli beringlar va uni o‘z sevgingizga ishontiringlar». E’tibor bergan bo‘lsangiz, Pavlus jamoatdagilar o‘sha insonni Yahovaning xalqi orasiga yana qabul qilishdan ko‘prog‘ini bajarishini istagan. U ular tavba qilgan kishini so‘zlari, o‘zini tutishi va xatti-harakatlari bilan uni chindan ham kechirganiga va sevishiga ishontirishini xohlagan. Bu bilan ular u jamoatga qaytganidan chindan ham xursand ekanini ko‘rsatishardi.
9. Nega ba’zilar tavba qilgan kishini kechirishga ikkilangan bo‘lishi mumkin?
9 Qiziq, ba’zi birodar-u opa-singillar qilmishidan tavba qilib jamoatga qaytgan kishini qabul qilishga ikkilanganmi? Bayonotda bu haqda aytilmagan bo‘lsa-da, shunday bo‘lgani ehtimoldan yiroq emas. Axir uning xatti-harakati jamoatga tashvish keltirgandi va bu kimningdir obro‘yiga putur yetkazgani turgan gap. Ehtimol, ba’zilar «Uni yana birodar sifatida qabul qilish adolatdan emas, axir biz axloqan pok qolish uchun zo‘r berib harakat qilyapmiz» deb o‘ylagandir. (Luqo 15:28–30 ni solishtiring.) Bunga qaramay, tavba qilgan birodarga samimiy sevgini ko‘rsatish nega shunchalik muhim bo‘lgan?
10, 11. Oqsoqollar tavba qilgan kishi jamoatga qaytishiga yo‘l qo‘ymaganida, nima yuz berishi mumkin?
10 Tasavvur qiling, agar oqsoqollar tavba qilgan kishi jamoatga qaytishiga yo‘l qo‘ymaganida yoki qaytganda ham jamoat undan sevgisini darig‘ tutganida, nima bo‘lardi? U qattiq tushkunlikka tushgan bo‘lardi. U «Endi Yahovaga boshqa xizmat qila olmayman» degan fikrga borishi hech gap emasdi. Hatto tavba qilgan kishi Yahova bilan bo‘lgan munosabatini qayta tiklash uchun harakat qilmay qo‘yishi mumkin edi.
11 Bundan ham yomoni tavba qilgan kishini kechirishdan bosh tortgan birodar-u opa-singillar Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarini xavf ostiga qo‘ygan bo‘lardi. Nega deysizmi? Boisi ular kechirimli Xudoyimiz Yahovaning tavba qilgan kishiga nisbatan nuqtai nazarini emas, qattiqqo‘l va beshafqat Shaytonning nuqtai nazarini aks ettirgan bo‘lardi. Boshqacha qilib aytganda, Iblis kishini Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtatishda ulardan foydalanishlariga yo‘l qo‘ygan bo‘lishardi. (2 Kor. 2:10, 11; Efes. 4:27)
12. Qay yo‘sin jamoat Yahovaga taqlid qila olardi?
12 Xo‘sh, unda Korinfdagi jamoat Shaytonga emas, Yahovaga qay yo‘sin taqlid qila olardi? Yahova tavba qilganlarni kechirishiga taqlid qilib bunga erishishardi. Muqaddas Kitobning ba’zi yozuvchilari U to‘g‘risida nima deganiga e’tibor bering. Dovud: «Ey Yahova, mehribon va kechirishga tayyorsan»,— deb aytgan. (Zab. 86:5) Mixo esa shunday yozgan: «Gunohini kechiruvchi, qilmishini afv etuvchi Senga o‘xshash Xudo bormi?!» (Mixo 7:18) Ishayo: «Yovuz kishi o‘z yo‘lidan, yomon kishi o‘z fikridan qaytsin. Unga rahm-shafqat ko‘rsatadigan Yahovaga yuz bursin. Allohimizga qaytsin, zero uni sidqidildan kechiradi»,— deb yozgan. (Ishayo 55:7)
13. Tavba qilgan gunohkorni jamoatda tiklash nega o‘rinli bo‘lgan? (« Korinfdagi kishi qachon tiklangan?» nomli ramkaga qarang.)
13 Korinfdagi jamoat Yahovaning o‘rnagiga ergashish uchun tavba qilgan kishini kechirib, uni o‘z sevgisiga ishontirishi lozim edi. Pavlusning tavba qilgan kishini kechirish borasidagi yo‘l-yo‘rig‘iga quloq solish orqali jamoat «har narsada itoatli» ekanini ko‘rsatgan bo‘lardi. (2 Kor. 2:9) To‘g‘ri, kishi jamoatdan chiqarilganiga atigi bir necha oy bo‘lgandir, ammo berilgan tarbiya tufayli u tavba qilgandi. Shunday ekan uni jamoatda tiklashni keyinga qoldirishga asos yo‘q edi.
YAHOVANING ADOLATI VA RAHM-SHAFQATINI AKS ETTIRING
14, 15. Qadimgi Korinfda yuz bergan vaziyatdan qanday saboqlar olyapmiz? (2 Butrus 3:9) (Rasmga ham qarang.)
14 Qadimdagi Korinfda hal qilingan masala «nasihat olishimiz uchun» bizgacha yetib kelgan. (Rim. 15:4) Bayonotdan ko‘rdikki, Yahova jiddiy gunohga qo‘l urgan kishilar Uning xizmatchilari orasida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ba’zilar «Yahova rahm-shafqatli bo‘lgani uchun odam tavba qilmasa ham u jamoatda qolishiga yo‘l qo‘yadi» deb o‘ylashi mumkin. Biroq bu yanglish fikr. Yahova rahm-shafqatli, lekin gunohga ko‘z yummaydi va me’yorlarining ahamiyatini pasaytirmaydi. (Yahd. 4) Agar Yahova tavba qilmagan kishilarga jamoatda qolishiga yo‘l qo‘yganda, bu rahm-shafqatdan bo‘lmasdi. Sababi bu jamoatga salbiy ta’sir ko‘rsatardi. (Hik. 13:20; 1 Kor. 15:33)
15 Shunga qaramay, Yahova hech kimning halok bo‘lishini istamasligini bilib oldik. U imkon boricha barcha odamlar omon qolishini xohlaydi. Xudo qalb holatini o‘zgartirgan va U bilan munosabatlarini tiklashni istagan odamlarga rahm-shafqat ko‘rsatadi. (Hiz. 33:11; 2 Butrus 3:9 ni o‘qing.) Shunday qilib Korinfdagi kishi tavba qilib gunohli ishlaridan voz kechganida, Yahova Pavlus orqali jamoatdagilarga o‘sha kishini kechirish va qabul qilish kerakligini tushuntirgan.
16. Korinfda yuz bergan vaziyat qay yo‘sin hal qilinganidan nimalarni his qilyapsiz?
16 Korinfdagi masala qanday hal qilinganini muhokama qilish Yahovaning amaldagi sevgisi, odilligi va adolatini ko‘rishimizga yordam berdi. (Zab. 33:5) Yahovaning ajoyib fazilatlari uchun Unga madh aytamiz. Axir barchamiz — har birimiz — gunohkormiz va Uning kechirimiga muhtojmiz. Yahovadan minnatdor bo‘lish uchun har birimizda sabab bor. Chunki U bizga to‘lov qurbonligini berdi va bu tufayli gunohlarimiz kechirilishi mumkin. Yahova xalqini chin ko‘ngildan sevishi va ular uchun eng yaxshisini istashini bilish naqadar daldali!
17. Navbatdagi maqolalarda nimalarni muhokama qilamiz?
17 Bugungi kunda jiddiy gunoh sodir etilgan vaziyatlar qay yo‘sin ko‘rib chiqiladi? Qanday qilib jamoat oqsoqollari Yahovaning nuqtai nazariga taqlid qilib gunohkorga tavba qilishga ko‘maklasha oladi? Oqsoqollar kishini jamoatdan chiqarish yoki jamoatda tiklash borasida qaror chiqarsa, birodar-u opa-singillar bunga qanday munosabat bildirishi kerak? Bu savollarni kelasi maqolada muhokama qilamiz.
109-QO‘SHIQ Samimiy sevgi