Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

39-TADQIQ MAQOLASI

Muloyimlik kuchli tomoningizga aylansin

Muloyimlik kuchli tomoningizga aylansin

Rabbimizning quli esa janjalkash bo‘lmasin. Aksincha, hamma bilan muloyim... bo‘lsin. (2 TIM. 2:24)

120-QO‘SHIQ Isoning muloyimligiga taqlid qiling

BU MAQOLADA a

1. Ishxonada yoki maktabda bizga qanday savol berilishi mumkin?

 HAMKASBINGIZ yoki sinfdoshingiz e’tiqodingiz to‘g‘risida savol berganida, o‘zingizni qanday his qilasiz? Hayajonlanasizmi? Ko‘plarimiz hayajonlanamiz. Lekin bu kabi savol uning fikrini yoki e’tiqodini tushunishga va unga xushxabarni aytishga imkon berar. Gohida esa kimdir biz bilan bahslashish niyatida savol berishi mumkin. Bu bizni hayron qoldirmasligi muhim. Negaki, ayrimlar e’tiqodimiz haqida noto‘g‘ri ma’lumotga ega. (Havor. 28:22) Bundan tashqari, biz «oxirzamonda» yashayapmiz, ko‘pchilik «murosasiz» va hatto «shafqatsiz». (2 Tim. 3:1, 3)

2. Nega muloyimlik fazilatini namoyon etishni istaymiz?

2 Ehtimol, shunday o‘ylarsiz: «Kimdir e’tiqodim haqida men bilan bahslashmoqchi bo‘lsa, qanaqasiga yumshoq bo‘lib, xushmuomala javob bera olaman?» Bunda sizga nima yordam beradi? Bir so‘z bilan aytganda, bu muloyimlik. Muloyim kishi unga ig‘voli savollar berishganida yoki u savolga qanday javob berishni bilmaganida, o‘zini nazorat qilib, xotirjam bo‘lib qoladi. (Hik. 16:32) Albatta, muloyim bo‘lish doim ham oson emas. Bu fazilatni qanday rivojlantira olasiz? Kimdir e’tiqodingiz borasida siz bilan bahslashsa, qay yo‘sin muloyim javob bera olasiz? Agar ota-ona bo‘lsangiz, qanday qilib farzandingizga e’tiqodini muloyimlik ila himoya qilishga ko‘maklasha olasiz? Keling, bularni ko‘rib chiqaylik.

QAY YO‘SIN MULOYIMLIKNI RIVOJLANTIRISH MUMKIN?

3. Nega muloyim insonni zaif emas, kuchli desa bo‘ladi? (2 Timo‘tiyga 2:24, 25)

3 Muloyim insonni zaif emas, kuchli desa bo‘ladi. Sababi, qiyin vaziyatlarda ichki xotirjamlikni saqlash uchun kuch kerak. Shuningdek, muloyimlik «muqaddas ruh samarasi»ning bir qirrasi. (Galat. 5:22, 23) Yunonchadan tarjima qilingan «muloyimlik» so‘zi ba’zida qo‘lga o‘rgatilgan yovvoyi otni tasvirlash uchun ishlatilgan. Yovvoyi ot yuvosh bo‘lib qolganini tasavvur qiling. U yuvosh shu bilan birga kuchli. Qay yo‘sin insonlar ham bir vaqtning o‘zida ham muloyim, ham kuchli bo‘la olishadi? Buni o‘z kuchimiz bilan qila olmaymiz. Buning uchun ushbu go‘zal fazilatni rivojlantirishga yordam berishini so‘rab, Yahovaga ibodat qilishimiz kerak. Ko‘plar bu fazilatni rivojlantira oldi. Misol uchun, anchagina imondoshimiz ular bilan bahslashmoqchi bo‘lgan insonlarga muloyimlik ko‘rsatgan. Bu tufayli boshqalar Yahovaning Shohidlari to‘g‘risida yaxshi fikrda qolgan. (2 Timo‘tiyga 2:24, 25 ni o‘qing.) Qay yo‘sin muloyimlikni kuchli tomonlaringizning biriga aylantira olasiz?

4. Is’hoqdan muloyimlik borasida nimani o‘rganishimiz mumkin?

4 Muqaddas Kitobda muloyimlik bebaho fazilat ekanini ta’kidlaydigan ko‘p bayonotlar yozilgan. Keling, Is’hoqning misoliga e’tibor qarataylik. U filistimliklarning Garor hududida yashagan. Uning hasadgo‘y qo‘shnilari otasining xizmatkorlari qazigan quduqlarni ko‘mib tashlashgan. O‘z haq-huquqlarini talab qilib, janjal qilishning o‘rniga Is’hoq uzoqroqqa ko‘chib, boshqa quduqlarni qazigan. (Ibt. 26:12–18) Lekin filistimliklar u yerdagi suv ham bizniki, deb turib olishgan. Bunga qaramay Is’hoq tinchlik saqlab yo‘l tutgan. (Ibt. 26:19–25) Xo‘sh, boshqalar hatto ig‘vo qilganida ham unga muloyim bo‘lib qolishga nima yordam bergan? Albatta, bu ota-onasining o‘rnagi. Is’hoq otasi Ibrohim masalalarni tinchlikda hal qilganini hamda onasi Sora «sokin va muloyim» ruhni namoyon etganini kuzatgan. (1 Butr. 3:4–6; Ibt. 21:22–34)

5. Masihiy ota-ona bolasini muloyim bo‘lishga o‘rgatishi mumkinligini qaysi misoldan ko‘ryapmiz?

5 Masihiy ota-onalar, siz ham farzandlaringizga muloyimlik fazilatini payvand qila olasiz. 17 yoshli Maksensning misolini ko‘rib chiqaylik. U maktabda va xizmatda jahldor kishilarga duch kelgan. Maksensning ota-onasi esa sabr-toqat ila unga muloyimlik fazilatini rivojlantirishga ko‘maklashgan. Ular shunday bo‘lishdi: «Maksens ig‘voli vaziyatda jahl yoki qo‘pollik bilan javob qaytarmaslik uchun unga ko‘proq kuch kerak bo‘lishini tushundi». Quvonchlisi shundaki, muloyimlik Maksensning kuchli tomoniga aylandi.

6. Ibodat muloyimlik fazilatini yaxshilashimizga qay yo‘sin yordam berishi mumkin?

6 Masalan, kimdir Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarning ustidan kulsa yoki Xudoyimizning ismini qoralasa qanday yo‘l tuta olamiz? Bunday paytda Yahovadan muqaddas ruhini hamda muloyimlik ila yo‘l tuta olishimiz uchun donoligini so‘rashimiz kerak. Mabodo, keyinchalik yetarlicha muloyim bo‘la olmaganimizni tushunsak nima qilishimiz muhim? Bu haqda Yahovaga yana ibodat qilib, keyingi safar yaxshiroq yo‘l tuta olishimiz uchun nimalar qilishimiz mumkinligini o‘ylasak bo‘ladi. Agar bunday yo‘l tutsak, Yahova bizga muqaddas ruh beradi va biz jahlimizni tiyib, muloyimlik ko‘rsata olamiz.

7. Qanday qilib muayyan oyatlarni yodlash nutqimizni nazorat qilishga va to‘g‘ri munosabat bildirishga yordam beradi? (Hikmatlar 15:1, 18)

7 Muqaddas Kitobdagi ba’zi oyatlar qiyin vaziyatlarga duch kelganimizda nutqimizni nazorat qilishga ko‘maklashishi mumkin. Xudo ruhi orqali ularni yodimizda saqlashga ko‘maklasha oladi. (Yuhan. 14:26) Masalan, Hikmatlar kitobidagi prinsiplar muloyim bo‘lishimizga yordam berishi mumkin. (Hikmatlar 15:1, 18 ni o‘qing.) Shuningdek, bu kitobdan tarang vaziyatlarda xotirjam bo‘lib qolish foydali ekanini bilib olyapmiz. (Hik. 10:19; 17:27; 21:23; 25:15)

FAHM-FAROSAT MULOYIM BO‘LISHGA YORDAM BERADI

8. Nega biron kishi e’tiqodimiz borasida savol berayotganining sababini tushunishimiz lozim?

8 Fahm-farosat bizga yordam berishi mumkin. (Hik. 19:11) Fahm-farosatli kishi e’tiqodi borasida bahslashmoqchi bo‘lishganida o‘zini tuta biladi. Ba’zi savollar yoki ko‘tarilgan masalalar katta qismi suv tagida qolgan aysberglarga o‘xshaydi. Masalan, yashirin niyat yo qandaydir xavotir kishini savollar berishga undashi mumkin. Javob berishdan oldin insonni savol berishga nima undaganini bilmasligimiz mumkinligini tushunsak yaxshi bo‘lardi. (Hik. 16:23)

9. Gido‘n efrayimliklar bilan gaplashganda fahm-farosatli va muloyim ekanini qanday ko‘rsatgan?

9 Gido‘n Efrayim erkaklariga qanday munosabat ko‘rsatganiga e’tibor qarataylik. U isroilliklarning dushmanlari bilan bo‘lgan jangga efrayimliklarni chaqirmagani uchun ularning jahli chiqqan. Aslida ularning jahli nimaga chiqqan? Ehtimol, bu ularning g‘ururiga tekkan. Nima bo‘lganda ham Gido‘n donolik ila ularning tuyg‘ulariga hurmat ko‘rsatgan va muloyimlik ila javob bergan. Buning natijasi qanday bo‘lgan? Muqaddas Kitobda yozilganidek, Gido‘n bu so‘zlarni aytgach, «ular tinchlanib qolish»gan. (Hak. 8:1–3)

10. E’tiqodimiz borasida savol bergan kishiga qanday javob berishni bilishimizga nima ko‘maklashadi? (1 Butrus 3:15)

10 Ehtimol, hamkasbimiz yoki sinfdoshimiz muayyan axloqiy me’yorlar bo‘yicha savol berar. Albatta, e’tiqodimizni himoya qilish uchun qo‘limizdan kelgan eng yaxshisini qilamiz va shu bilan birga suhbatdoshimizning nuqtai nazarini hurmat qilamiz. (1 Butrus 3:15 ni o‘qing.) U urishmoqchi yoki bahslashmoqchi deb xulosa chiqarishning o‘rniga, savoli uni aslida nima qiziqtirayotganini bilib olishga qanday yordam berishi haqida o‘ylang. Kimdir biron masalani ko‘targanining sababi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, yumshoq bo‘lib, mehribonlikni namoyon etsak to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lamiz. Shunda javobimiz uni nuqtai nazarini ko‘rib chiqishga undashi mumkin. U qo‘pol yoki mazax qilib gapirayotganday tuyulsa ham maqsadimiz mehribonlik namoyon etish bo‘lishi lozim. (Rim. 12:17)

Kimdir tug‘ilgan kunga borishingizni so‘raganda, avval buning sabablari haqida o‘ylasangiz, yaxshiroq javob bera olasiz (11-, 12-xatboshilariga qarang.)

11, 12. a) Murakkab savolga javob berishdan oldin nima to‘g‘risida o‘ylab ko‘rsak bo‘ladi? (Rasmga ham qarang.) b) Savol berish suhbat qurishga zamin yaratishi mumkinligi borasida misol keltiring.

11 Aytaylik, hamkasbimiz tug‘ilgan kunlarni nega nishonlamasligimizni so‘radi. Quyidagilar borasida o‘ylab ko‘raylik: «U biz ham o‘yin-kulgi qilamizmi yoki yo‘qmi shuni bilmoqchimi? Yoki u tug‘ilgan kun nishonlamasligimiz hamkasblar orasidagi do‘stona muhitga salbiy ta’sir qilishidan xavotirdami?» Uni hamkasblar haqida o‘ylagani uchun maqtab, biz ham bu do‘stona muhitga hissa qo‘shmoqchi ekanimizga uni ishontirsak, ehtimol, xavotirlarini kamaytirarmiz. Shunda Muqaddas Kitobda tug‘ilgan kun haqida nima deb aytilgani borasida bemalol suhbatlashishga imkon paydo bo‘lishi mumkin.

12 Boshqa mavzuda murakkab savollar berishganda ham xuddi shunday yo‘l tutishimiz mumkin. Deylik, maktabdoshingiz Yahovaning Shohidlari gomoseksualistlarga bo‘lgan nuqtai nazarini o‘zgartirishi kerak, deb hisoblar. Bunga u Shohidlarning gomoseksualistlarga bo‘lgan nuqtai nazarini oxirigacha tushunmagani sabab bo‘ldimi? Yoki uning qaysidir do‘sti yo qarindoshi gomoseksualistmi? U bizni bunday hayot tarzini kechiradigan insonlardan nafratlanishadi, deb o‘ylaydimi? Bunday paytda uni hamma insonlarni yaxshi ko‘rishimizga va har bir insonning tanlash huquqini hurmat qilishimizga ishontirsak bo‘ladi. (1 Butr. 2:17) b Keyin esa Muqaddas Kitobdan axloq borasidagi foydali me’yorlarni bo‘lisha olarmiz.

13. Xudoga ishonganingiz uchun sizni masxara qilayotgan kishiga qanday yordam bera olasiz?

13 Agar kimdir fikrimizga qo‘shilmay o‘zinikida turib olsa, u nimalarga ishonishi borasida darrov xulosa chiqarmasligimiz lozim. (Titus. 3:2) Masalan, maktabdoshingiz Xudoga ishonish kulgili, deb aytar. Bu vaziyatda u evolyutsiyaga ishonadi va bu mavzu bo‘yicha ko‘p bilimga ega, deb o‘ylamasligingiz kerak. Aslida, u shunchaki boshqalardan eshitgan ma’lumotni takrorlayotgandir. Ilm-fan borasida bahslashishning o‘rniga u keyinchalik fikr yuritishiga zamin yaratish uchun boshqa usuldan foydalanarsiz. Ehtimol, unga jw.org saytidan biron ijod haqidagi ma’lumotni ko‘rsatarsiz. Keyinchalik u saytda topib olgan biron maqolani yoki videoni muhokama qilish istagini bildirar. Darhaqiqat, hurmat namoyon etish uni nuqtai nazarini qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin.

14. Qanday qilib Neyl saytimizdan foydalanib sinfdoshiga biz haqimizdagi noto‘g‘ri ma’lumotni bartaraf etishga yordam bera oldi?

14 Neyl ismli o‘smir Yahovaning Shohidlari to‘g‘risidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni bartaraf qilish maqsadida veb-saytimizdan foydalangan. U shunday dedi: «Bir sinfdoshim ilm-fanga ishonmasligimning sababi faktlarga emas, o‘ylab topilgan kitobga ishonganimda ekanini tez-tez aytardi». Uning sinfdoshi Neyl e’tiqodini tushuntirishiga imkon bermaganida u jw.org saytidagi «Ilm-fan va Muqaddas Kitob» turkumini ko‘rsatdi. Keyinchalik Neyl sinfdoshi u yerdagi ma’lumotni o‘qiganini va hayot qanday paydo bo‘lgani borasida gaplashishga moyilroq bo‘lib qolganini payqadi. Ehtimol, siz ham bunday natijaga erishgandirsiz.

OILANGIZ BILAN TAYYORGARLIK KO‘RING

15. Ota-ona bolasining maktabdoshlari u bilan e’tiqodi tufayli bahslashmoqchi bo‘lganda, unga muloyim javob berishga qanday ko‘maklashishi mumkin?

15 Ota-onalar farzandlariga kimdir ularning e’tiqodi borasida bahslashmoqchi bo‘lganida muloyimlik ila gapirishni o‘rgatishi mumkin. (Yoqb. 3:13) Ba’zi ota-onalar oilaviy topinishda amaliy mashqlar uyushtiradi. Ular farzandlari maktabda duch kelishi mumkin bo‘lgan mavzuni tanlashadi, muhokama qilishadi va qanday javob berish mumkinligini sahnalashtirishadi hamda ularga muloyim va yoqimli tarzda gapirishni o‘rgatishadi. (« Oilangizga yordam berishi mumkin bo‘lgan amaliy mashqlar» nomli ramkaga qarang.)

16, 17. Amaliy mashqlar yoshlarga qanday yordam berishi mumkin?

16 Bunday suhbatlar yordamida masihiylar ishonchli dalillarni keltirishlari va u yoki bu narsaga nega e’tiqod qilayotganiga o‘zlarini ham ishontirishlari mumkin. jw.org saytidagi «Yoshlarning savollari» turkumida ko‘p tillarda o‘smirlar uchun sxemalar bor. Ular yoshlarning imonini mustahkamlaydigan tarzda tuzilgan va ularga o‘z so‘zlari bilan javob berishga ko‘maklashish uchun tayyorlangan. Ularni oila bilan birga tadqiq qilish orqali barchamiz imonimizni muloyim va yoqimli tarzda himoya qilishga o‘rganamiz.

17 Metyu ismli ukamiz bunday amaliy mashqlar unga qanday yordam berganini aytib berdi. Metyu va uning ota-onasi sinfda muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan mavzular bo‘yicha tez-tez izlanish olib borishadi. U shunday dedi: «Biz sinfda qanday savollar paydo bo‘lishi mumkinligini taxmin qilamiz va izlab topgan ma’lumotimizga asoslanib, ularga qanday javob berishni mashq qilib ko‘ramiz. E’tiqod qilayotgan narsamning sababini tushunsam, o‘zimni dadilroq his qilaman va boshqalar bilan muomala qilganda muloyim bo‘lish osonroq ekanini his qilaman».

18. Kolosaliklarga 4:6 ga ko‘ra, nima muhim ahamiyatga ega?

18 Albatta, tushunarli qilib gapirsak ham bu ba’zilar biz aytayotgan narsalarni qabul qilishi uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Biroq xushmuomala va muloyim bo‘lib gapirish bunda yordam bera oladi. (Kolosaliklarga 4:6 ni o‘qing.) E’tiqodimiz bilan bo‘lishish xuddi koptokni uloqtirishga o‘xshaydi. Koptokni asta yoki zarb bilan otishimiz mumkin. Asta otganimizda boshqa o‘yinchilar uni bemalol ushlab olib, o‘yinni davom ettira olishadi. Xuddi shu kabi agar fikrlarimizni xushmuomalalik va muloyimlik bilan yetkazsak, insonlar bizni tinglashga va suhbatni davom ettirishga moyilroq bo‘lishadi. Bahsda g‘olib chiqishni yoki e’tiqodimizni masxara qilishni xohlagan inson bilan suhbatni davom ettirishga majbur emasmiz. (Hik. 26:4) Biroq bunday insonlar ko‘p emas, aksariyati bizni tinglashga tayyor.

19. E’tiqodimizni himoya qilganimizda muloyimlik bizni nima qilishga undashi kerak?

19 Shunisi aniqki, muloyimlik fazilatini rivojlantirishni maqsadga aylantirish foydali. Bahsli savollar yoki nohaq tanqidga duch kelganingizda muloyim bo‘lib qolish uchun Yahovadan kuch so‘rang. Unutmangki, muloyim xulqingiz turli xil fikrlar, bahs-munozaralarga aylanib ketishining oldini olishi mumkin. Qolaversa, muloyimlik va hurmat ila javob berganingiz ba’zi tinglovchilarni biz haqimizdagi va Muqaddas Kitobdagi haqiqatlar borasidagi nuqtai nazarini o‘zgartirishga undashi mumkin. E’tiqodingiz haqida «so‘ragan har bir kishiga javob berishga doimo tayyor bo‘linglar. Faqat buni muloyimlik va kamoli ehtirom bilan qilinglar». (1 Butr. 3:15) Iloyim, muloyimlik kuchli tomoningizga aylansin!

88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni

a Bu maqolada boshqalar ig‘vo qilganida yoki bahslashmoqchi bo‘lganida e’tiqodimizni qay yo‘sin himoya qilishimiz mumkinligi borasida tavsiyalar keltirilgan.

b Amaliy tavsiyalarni bilish uchun «Uyg‘oning!» jurnalining 2016 yil № 4 (rus) sonidagi «Muqaddas Kitobda gomoseksualizm haqida nima deyilgan?» nomli maqolaga qarang.

c Foydali maslahatlarni jw.org saytidagi «Yoshlarning savollari» va «Yahovaning Shohidlari haqida ko‘pchilikni qiziqtiradigan savollar» nomli maqolalar turkumlarida topa olasiz.