Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Himmat. Qay yo‘sin bu fazilatni rivojlantirishingiz mumkin?

Himmat. Qay yo‘sin bu fazilatni rivojlantirishingiz mumkin?

HAR birimiz yaxshi inson sifatida tanilishni istaymiz. Lekin bu dunyoda himmat kabi fazilatni namoyon etish yoki yaxshilik qilish * oson emas. Buning sabablaridan biri shundaki, ko‘plar «yaxshilikdan nafratlanadi». (2 Tim. 3:3) Ular Yahovaning me’yorlarini rad etib, U «yaxshi» deb aytayotganini yomon, «yomon» deb aytayotganini esa «yaxshi» deyishmoqda. (Ishayo 5:20) Buning ustiga, barchamizning kelib chiqishimiz turlicha va nomukammalmiz. O‘zimizni ko‘p yillar mobaynida Yahovaga xizmat qilgan Anna * ismli imondoshimiz kabi his etishimiz mumkin. U shunday dedi: «Yaxshi inson bo‘lish uchun juda ko‘p kurashaman».

Quvonchlisi shundaki, himmat kabi fazilatni rivojlantirish barchamizning qo‘limizdan keladi. Himmat Xudoning muqaddas ruhi samarasidir va Uning ruhi biz duch kelishimiz mumkin bo‘lgan har qanday tashqi yoki ichki qiyinchilikdan ko‘ra ancha qudratliroq. Keling, himmat qanday fazilat ekanini va qay yo‘sin uni to‘la ravishda namoyon eta olishimiz mumkinligini bilib olaylik.

HIMMAT BU NIMA?

Oddiy qilib aytsak, himmat bu yuksak axloqiy fazilatdir. U yaxshilikka va axloqiy poklikka intilishni o‘z ichiga olib, yomonlik yoki buzuqlikdan xolidir. Himmat boshqalarning manfaatini ko‘zlab qilingan ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Himmatli inson doim boshqalarga yordam berish yo‘llarini qidirib, ularga yaxshilik qiladi.

Ehtimol, ba’zilar o‘z qarindoshlari va do‘stlari uchun yaxshi ishlar qilishga tayyor ekanini ko‘rgandirsiz, lekin himmatli inson bundan ham ko‘prog‘ini qiladi. Albatta, barchamiz bu fazilatni mukammal ravishda namoyon eta olmaymiz. Shu bois Muqaddas Kitobda: «Yer yuzida doimo yaxshilik qilib, hech qachon gunoh qilmaydigan insonning o‘zi yo‘qdir»,— deb yozilgan. (Voiz 7:20) Havoriy Pavlus rostgo‘ylik ila: «Menda, ya’ni badanimda yaxshi narsa yo‘q»,— deb aytgan. (Rim. 7:18) Shunday ekan, himmatli bo‘lishni istasak, uning Manbai Yahovadan ta’lim olishimiz lozim.

«YAHOVA YAXSHIDIR»

Tangri Yahova nima yaxshi ekani borasida me’yor o‘rnatadi. Muqaddas Kitobda U haqida shunday yozilgan: «Sen yaxshisan, ishlaring ham yaxshidir. Menga qoidalaringni o‘rgat». (Zab. 119:68) Keling, Yahova himmatli yoki yaxshi ekanining ikkita jihatini ko‘rib chiqaylik.

Yahova yaxshidir. Himmat fazilati Yahovaning shaxsiyatiga xos fazilatdir. Yahova Musoga quyidagilarni aytganda, nima yuz berganiga e’tibor bering: «Men senga butun himmatimni ko‘rsataman». Yahova unga O‘z ulug‘vorligini, jumladan, himmatini ko‘rsatgan. Muso mana shu so‘zlarni eshitgan edi: «Yahova, Yahova — shafqatli va rahmdil, sabr-toqatli, mehr-sadoqat va haqiqatga boy Xudo. U minglab odamlarga mehr-sadoqat ko‘rsatuvchi, xato, ayb va gunohni kechiruvchi, shu bilan bir vaqtda aybdorni jazosiz qoldirmaydigan... Tangridir». (Chiq. 33:19; 34:6, 7) Ha, Yahova har tomonlama to‘la ravishda yaxshidir. Hatto Iso ham eng himmatli inson bo‘lgan bo‘lsa-da, u Yahova haqida: «Birgina Xudo yaxshidir»,— degan. (Mat. 19:17)

Yahovaning himmati Uning ijodlarida ko‘rinmoqda

Yahovaning ishlari yaxshidir. Xudoning barcha ishlaridan U himmatli yoki yaxshi ekani ko‘rinib turadi. Muqaddas Kitobda: «Yahova yaxshidir»,— deb yozilgan. (Nox. 1:7) Yahova bu fazilatni ko‘rsatganda yuzxotirchilik qilmay, hamma odamlarga hayot ato etib, yashashi uchun kerakli narsa bilan ta’minlaydi. (Havor. 14:17) U bizni kechirganda ham himmatli ekanini ko‘rsatadi. Sano bastakori: «Sen, ey Yahova, mehribon va kechirimlisan»,— deb yozgan. (Zab. 86:5) Shak-shubhasiz, «benuqson bo‘lib yurganlardan Yahova O‘z ne’matini darig‘ tutmaydi». (Zab. 84:11)

«YAXSHILIK QILISHNI O‘RGANING»

Xudo bizni O‘ziga monand qilib yaratgan. Shu bois biz ham himmatli bo‘lib, yaxshi ishlar qila olamiz. (Ibt. 1:27) Ammo bu o‘z-o‘zidan yuz bermaydi, Muqaddas Kitobda aytilishicha, «yaxshilik qilishni o‘rganishimiz» kerak. (Ishayo 1:17) Xo‘sh, buni qanday eplay olamiz? Buning uchta yo‘lini ko‘rib chiqaylik.

Birinchidan, muqaddas ruh so‘rab ibodat qilishimiz kerak. Muqaddas ruhning yordami bilan Xudoning nazarida himmatli yoki yaxshi bo‘la olamiz. (Galat. 5:22) Ha, Allohning ruhi tufayli yaxshilikni yaxshi ko‘rib, yomonlikni rad eta olamiz. (Rim. 12:9) Darhaqiqat, Muqaddas Kitobga ko‘ra, Yahova bizni «har qanday ezgu ish hamda so‘zda qo‘llab-quvvatlaydi». (2 Salon. 2:16, 17)

Ikkinchidan, Xudoning ilohiy ilhomi ostida yozilgan Kalomini o‘qishimiz darkor. Bunday qilsak, Yahova bizga «yaxshilik yo‘llarini» o‘rgatib, «har bir yaxshi ishga» tayyorlaydi. (Hik. 2:9; 2 Tim. 3:17) Muqaddas Kitobni o‘qib, bilib olganlarimiz ustida fikr yuritsak, Alloh va Uning niyati haqidagi yaxshi narsalar bilan qalbimizni to‘ldiramiz. Shu yo‘sin, qalb xazinamiz to‘ladi, keyinchalik esa undan foydalana olamiz. (Luqo 6:45; Efes. 5:9)

Uchinchidan, «yaxshilikka taqlid qilgin», degan maslahatga amal qilishga intilamiz. (3 Yuhan. 11) Taqlid qilishimiz mumkin bo‘lgan misollarni Muqaddas Kitobda topa olamiz. Albatta, eng a’lo o‘rnak Yahova hamda Isodir. Bundan tashqari, himmatli bo‘lgan boshqa insonlarning misollari haqida bilib olishimiz mumkin. Masalan, Tavita va Barnabo haqida fikr yuritib ko‘raylik. (Havor. 9:36; 11:22–24) Ularning ajoyib o‘rnagi haqida bilib olish uchun tadqiq o‘tkazing va ular boshqalarga yordam berish niyatida nimalar qilganiga diqqat qarating. Oila a’zolaringiz yoki imondoshlaringizga qanday yordam bera olishingiz haqida mulohaza yuritib ko‘ring. Shuningdek, ularning ikkovi ham boshqalarga yaxshilik qilgani uchun qanday foyda ko‘rganiga ahamiyat bering. Ularning misollari borasida fikr yuritish foydalidir.

Qolaversa, bugungi kunda yaxshilik qiladigan insonlar haqida o‘ylab ko‘rishimiz mumkin. Masalan, jamoatingizdagi mehnatkash va «yaxshilikni [himmatni, izoh] sevadigan» oqsoqollarga e’tibor bering. Ham so‘zda, ham ishlarda «yaxshilikka o‘rgatadigan kishilar» sifatida tanilgan sadoqatli opa-singillar haqida o‘ylab ko‘ring. (Titus. 1:8; 2:3) Roslin ismli opamiz shunday dedi: «Bitta dugonam jamoatdagilarga ko‘maklashish va dalda berish uchun juda ko‘p harakat qiladi. Ularning vaziyati haqida fikr yuritadi, ko‘pincha kichik sovg‘alar qiladi yoki boshqa biron-bir amaliy yordam ko‘rsatadi. O‘ylashimcha, u chindan ham yaxshi inson».

Yahova O‘z xizmatchilarini «yaxshilikni izlang» deb undaydi. (Amos 5:14) Bunday yo‘l tutib, Uning me’yorlarini nafaqat yaxshi ko‘ramiz, balki yaxshilik qilish istagimizni kuchaytira olamiz.

Himmatli bo‘lishga va yaxshilik qilishga intilamiz

Himmatli, ya’ni yaxshi bo‘lish uchun boshqalarni hayratda qoldiradigan ishlar qilish yoki qimmatbaho sovg‘alar berish shart emas. Masalan, rassom biron rasmni faqatgina bitta yoki ikkita bo‘yoq bilan chizmaydi. Aksincha, u anchagina turli bo‘yoqlardan foydalanadi. Shu singari, himmat fazilati ham ko‘pdan-ko‘p foydali ishlardan iborat.

Muqaddas Kitobda aytilishicha, biz ezgu va xayrli ishlarga «tayyor» bo‘lishimiz kerak. (2 Tim. 2:21; Titus. 3:1) Boshqalarning vaziyatiga befarq bo‘lmasak, ularning ko‘nglini topish uchun «foydasini ko‘zlab», ularni mustahkamlaymiz. (Rim. 15:2) Buning uchun ularga biron narsa berishimiz mumkin. (Hik. 3:27) Kimnidir ovqatlanishga yoki daldali suhbat qurishga taklif qilsak bo‘ladi. Biron kishi kasal bo‘lib qolganini eshitsak, SMS yuborsak yo yo‘qlab borsak bo‘ladi yoki unga qo‘ng‘iroq qilsak bo‘ladi. Ha, «tinglovchilarga foyda keltirish uchun, zarur bo‘lganda ularni mustahkamlaydigan ezgu so‘zlarni gapirish» uchun ko‘pgina imkoniyatlarni topishimiz mumkin. (Efes. 4:29)

Yahova kabi barcha insonlarga yaxshilik qilishga intilamiz. Boshqalarga yuzxotirchilik qilmaymiz. Eng muhimi esa, barchaga Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilishdir. Iso amr etganiday, hatto bizdan nafratlanayotgan kishilarga yaxshilik qilishga harakat qilamiz. (Luqo 6:27) O‘zgalarga nisbatan mehribon bo‘lishning va ularga yaxshilik qilishning aslo noto‘g‘ri joyi yo‘q. Zero, «bu xislatlarga qarshi biror qonun yo‘q». (Galat. 5:22, 23) Odamlar bizga yomon munosabat qilganda yoki azob chekayotganimizda ham yaxshilik qilishga jon kuydirsak, boshqalar haqiqatni qabul qilishi va Xudoni ulug‘lashi mumkin. (1 Butr. 3:16, 17)

HIMMATLI BO‘LISH FOYDALI

«Yaxshi inson mehnatining mukofotini oladi». (Hik. 14:14) Bu qanday mukofot? Boshqalarga yaxshilik qilsak, ular ham bizga nisbatan yaxshilik qilish ehtimoli ko‘proq. (Hik. 14:22) Yaxshilik qilishmasa ham, ular uchun yaxshi ishlar qilishda davom etishimiz kerak. Natijada ular yumshab, qalbi erishi hech gap emas. (Rim. 12:20, izoh)

Ko‘plar yomonlik qilishni to‘xtatib, yaxshilik qilish foydali ekanini tasdiqlay oladi. Misol uchun, Nensi. U shunday dedi: «Men yengiltak va axloqsiz bo‘lib, hech kimni hurmat qilmasdim. Ammo Xudoning nazarida yaxshi bo‘lgan me’yorlarga o‘rganib, ularga amal qilgach, o‘zimni baxtli his eta boshladim. Hozir o‘zimga bo‘lgan hurmatim ancha oshdi».

Himmatli inson bo‘lishimizning eng birinchi sababi, bunday yo‘l tutib Yahovani quvontiramiz. Hatto ko‘pchilik biz qilayotgan ishlarni ko‘rmasa-da, Yahova ko‘rib turibdi. U har bir yaxshi ishimiz-u fikr-xayolimizdan xabardor. (Efes. 6:7, 8) Xudo bizni qanday mukofotlaydi? «Yaxshi odam Yahovaning roziligini oladi». (Hik. 12:2) Xullas, keling, himmat fazilatini rivojlantirishda davom etaylik. Yahova «yaxshilik qilayotgan har bir kishiga... ulug‘vorlik va tinchlik bo‘ladi» deb va’da qilmoqda. (Rim. 2:10)

^ 2- x.b. Ushbu maqolada himmat va yaxshilik qilish sinonim tariqasida ishlatilgan.

^ 2- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.