Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Alloh sizni eshitishi uchun qanday ibodat qilishingiz kerak?

Alloh sizni eshitishi uchun qanday ibodat qilishingiz kerak?

Alloh Yahova — «ibodatlarni Eshitguvchi»dir. (Zabur 65:2) Biz Unga istalgan paytda va joyda, xoh ovoz chiqarib, xoh ichimizda ibodat qilishimiz mumkin. Yahova Unga «Ota» deb murojaat qilishimizni xohlaydi va U biz uchun eng zo‘r Ota bo‘la oladi. (Matto 6:9) Yahova bizni eshitishi uchun Unga qanday ibodat qilishimiz kerak? U mehr ila buni bizga o‘rgatyapti.

FAQAT TANGRI YAHOVAGA IBODAT QILING

«Mendan o‘zga xudolaringiz bo‘lmasin. O‘zingiz uchun... hech bir narsaning o‘yma tasviri yoki shaklini yasamanglar». (Chiqish 20:3, 4)

Ba’zi insonlarning fikricha, Xudoga topinishda tasvirlardan foydalanish va farishtalar, ajdodlar yoki avliyolarning ismlarini tilga olish ularni Unga yaqinlashtiradi. Ammo Muqaddas Kitobda Allohga Iso alayhissalom nomi bilan ibodat qilishimiz kerakligi haqida aniq qilib aytilgan. Hazrati Iso biz uchun ko‘p yaxshiliklar qilganini tushunganimiz sababli, uning nomi bilan ibodat qilamiz. Uning o‘zi ham shunday degandi: «Mensiz hech kim Otamning oldiga kela olmaydi». (Yuhanno 14:6)

QALBDAN GAPIRING

«Yuragingizni Unga to‘kib soling». (Zabur 62:8)

Yahovaga ibodat qilganimizda, mehribon otamiz bilan gaplashganday gaplashishimiz kerak. Ibodatlarni duolar to‘plamidan o‘qish yoki yoddan takrorlashning o‘rniga, ularni ehtirom ila va o‘z so‘zlarimiz bilan aytishimiz darkor.

XUDONING IRODASIGA MUVOFIQ TARZDA IBODAT QILING

«Allohga murojaat qilib Uning irodasiga muvofiq nimaiki so‘rasak, U bizni eshitadi». (1 Yuhanno 5:14)

Muqaddas Kitobda Alloh Yahova biz uchun nimalar qilishi va bizdan nimalarni kutayotgani haqida yozilgan. Duolarimiz Xudoga ma’qul kelishini istasak, «Uning irodasiga muvofiq» tarzda ibodat qilishimiz kerak. Buning uchun Muqaddas Yozuvlarni tadqiq qilib, Allohni yaxshiroq tanib-bilishimiz lozim. Shunday yo‘l tutsak, ibodatlarimiz Unga manzur bo‘ladi.

NIMA HAQDA IBODAT QILSANGIZ BO‘LADI?

Ehtiyojlaringiz haqida ibodat qiling. Ibodatda kundalik ehtiyojlarimiz — yegulik, kiyim va boshpana to‘g‘risida so‘rasak bo‘ladi. Shuningdek, to‘g‘ri qaror chiqarish uchun donolik va sinovlarda sabr-bardoshli bo‘lish uchun kuch so‘rab ibodat qilishimiz mumkin. Qolaversa, Xudodan imon, kechirim va yordam so‘rasak bo‘ladi. (Luqo 11:3, 4, 13; Yoqub 1:5, 17)

Boshqalar uchun duo qiling. Farzandlar bir-birini yaxshi ko‘rsa, mehribon ota-ona bundan mamnun bo‘ladi. Shu singari Yahova ham Uning yerdagi farzandlari bir-biriga g‘amxo‘rlik qilishini istaydi. Demak, umr yo‘ldoshimiz, farzandlarimiz, qarindoshlarimiz va do‘stlarimiz uchun ibodat qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Muqaddas Kitob yozuvchilaridan biri Yoqub ham: «Bir-biringiz uchun ibodat qilinglar»,— deb bejizga aytmagan. (Yoqub 5:16)

Minnatdorchilik bildiring. Muqaddas Yozuvlarda Parvardigorimiz to‘g‘risida shunday deyilgan: «Alloh sizlarga osmondan yomg‘ir yog‘dirib, serhosil mavsumlarni taqdim etgan. Shuningdek, oziq-ovqatni mo‘l-ko‘l berib, qalblaringizni quvonchga to‘ldirgan». (Havoriylar 14:17) Xudo biz uchun qilgan barcha yaxshiliklari haqida o‘ylash Unga ibodatda minnatdorchilik bildirishga undaydi. Qolaversa, Allohdan minnatdor ekanimizni hayot tarzimiz bilan ham ko‘rsatishimiz kerak. (Kolosaliklarga 3:15)

SABRLI BO‘LING VA IBODAT QILISHDA DAVOM ETING

Gohida samimiy ibodatlarimizga darhol javob olmaganimiz uchun, ruhimiz tushishi mumkin. Bu Xudo bizga befarq ekanini anglatadimi? Aslo bunday emas! Ba’zan shunchaki ibodat qilishda davom etishimiz kerak bo‘ladi. Keling, buni ko‘rsatuvchi ayrim misollarni ko‘rib chiqaylik.

Birinchi maqolada tilga olingan Stiv shunday tan oldi: «Agar bir necha yil avval ibodat qilishni to‘xtatganimda, yashashdan umidimni uzgan bo‘lardim». Qiziq, Stivning nuqtai nazari o‘zgarishiga nima sabab bo‘ldi? U Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshladi va ibodatni kanda qilmaslik kerakligini bilib oldi. Stiv quyidagicha dedi: «Do‘stlarim menga mehr ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlashgani uchun Xudoga ibodatda minnatdorchilik bildiraman. Hozir har qachongidan ham baxtliroqman».

Xudo uni tinglashiga o‘zini noloyiq deb bilgan Jeni shunday bo‘lishdi: «O‘zimni butunlay keraksizday his qilganimda, Allohdan nega o‘zimni bunday his qilayotganimni tushunishga yordam berishini yolvorib so‘rardim». Bu unga qay yo‘sin ko‘maklashdi? «Ibodat o‘zimga Xudoning nuqtai nazari bilan qarashga va hatto qalbim meni ayblasa ham, U meni ayblamayotganini tushunishimga yordam berdi va taslim bo‘lmaslikka undadi»,— dedi Jeni. Buning natijasi qanday bo‘ldi? U shunday qo‘shib qo‘ydi: «Ibodat Yahovaga mavjud Shaxs, mehribon, g‘amxo‘r Alloh, Ota va Do‘st kabi qarashimga yordam berdi. Agar Unga ma’qul ishlarni qilishda davom etsam, U doim meni qo‘llab-quvvatlashini tushundim».

Izabel o‘g‘li Jerard nogironligiga qaramay hayotdan zavq olib yashayotganini ko‘rib, Yahova ibodatlariga eng a’lo tarzda javob berganini tushunadi

Keling, Izabelning misolini ham ko‘rib chiqaylik. U homilador paytida shifokor unga farzandi nogiron tug‘ilishini aytgandi. O‘shanda Izabel qattiq tushkunlikka tushgandi. Ba’zilar hatto unga abort qildirishni maslahat bergandi. «Qalbimdagi dard-alamlardan ado bo‘laman, deb o‘ylagandim»,— dedi Izabel. Lekin u nima qildi? Izabel qayta-qayta Yahovaga ibodat qilib yordam so‘radi. Vaqti kelib u o‘g‘illi bo‘ldi va o‘g‘li Jerard nogiron bo‘lib tug‘ildi. Izabel Xudo uning ibodatlariga javob berdi, deb hisoblaydimi? Ha! Qiziq, Yahova unga qay yo‘sin javob berdi? Izabel shunday dedi: «Hozir o‘g‘lim 14 yoshda va u nogironligiga qaramay, hayotdan zavq olib yashayapti. U men uchun eng katta baraka. Unga qaraganimda Yahova ibodatlarimga eng a’lo tarzda javob berganini tushunaman».

Yuqorida tilga olingan kishilarning samimiy so‘zlari Zabur kitobidagi mana shu oyatni yodimizga solyapti: «Sen, ey Yahova, kamtarlarning o‘tinchini eshitasan. Sen ularning qalbini sobit qilib, ularga quloq tutasan». (Zabur 10:17) Xudoga ibodat qilishda davom etishimiz uchun naqadar ajoyib sabablar!

Muqaddas Kitobda Iso payg‘ambarning ko‘plab ibodatlari yozilgan. Ayniqsa, u shogirdlariga o‘rgatgan ibodat ko‘pchilikka tanish. Bu ibodatdan nimani o‘rganishimiz mumkin?