Muqaddas Kitob — haqiqatning ishonchli manbai
Tarix davomida kelib chiqishi turlicha bo‘lgan aksariyat insonlar Muqaddas Kitobni haqiqatning ishonchli manbai deb bilishgan. Bugungi kunda millionlab insonlar uning ta’limotlariga amal qilib kelmoqda. Ammo boshqalar Muqaddas Kitob eskirgan yoki uydirma deya uni tan olishmaydi. Siz nima deb o‘ylaysiz? Muqaddas Kitobdan haqiqatni topa olasizmi?
NIMA UCHUN MUQADDAS KITOBGA ISHONSANGIZ BO‘LADI?
Muqaddas Kitob ishonchingizga sazovor ekaniga qanday amin bo‘lishingiz mumkin? Aytaylik, bir do‘stingiz ko‘p yillar davomida sizga rost gapirib kelgan. Demak, u ishonchingizni qozongan. Muqaddas Kitob ham mana shunday ishonchli do‘st kabi doimo haqiqatni gapiradi. Ba’zi misollarga diqqat qarataylik.
Haqiqatgo‘y yozuvchilar
Muqaddas Kitob yozuvchilari rostgo‘y bo‘lishgan. Ular odatda xato va kamchiliklari haqida ochiqchasiga aytishgan. Misol uchun, Yunus payg‘ambar Xudoga itoatsizlik qilgani haqida yozgan edi. (Yunus 1:1–3) Ha, Muqaddas Kitob tarkibiga kirgan va Yunusning nomi bilan atalgan kitobda u qanday qilib Xudo uni jazolagani haqida yozgan. Ammo u o‘z munosabatini to‘g‘rilagani haqida aytib, e’tiborni o‘ziga qaratmagan. (Yunus 4:1, 4, 10, 11) Muqaddas Kitobning barcha yozuvchilari rostgo‘y bo‘lgani ularning haqiqatga nisbatan samimiy sevgisidan dalolat beradi.
Amaliy haqiqat
Muqaddas Kitob kundalik masalalarda oqilona maslahatlar bera oladimi? Albatta! Masalan, Muqaddas Kitobda sog‘lom munosabatlarni rivojlantirish borasida qanday maslahat yozilganiga e’tibor bering: «Odamlar sizlarga qanday munosabatda bo‘lishini xohlasangiz, sizlar ham ularga shunday munosabatda bo‘linglar». (Matto 7:12) «Muloyim javob g‘azabni qaytaradi, qattiq so‘z esa jahlni chiqaradi». (Hikmatlar 15:1) Ha, Muqaddas Kitob yozilganidan buyon hozirgacha undagi haqiqatlar amaliy bo‘lib kelyapti.
Tarixiy haqiqat
Ko‘pgina arxeologik topilmalar shuni isbotlayaptiki, Muqaddas Kitobda eslatib o‘tilgan turli insonlar hamda joy nomlari chindan mavjud bo‘lgan va unda tilga olingan voqealar chindan ham yuz bergan. Misol tariqasida kichik bir tafsilotning isbotini ko‘rib chiqaylik. Miloddan avvalgi beshinchi asrda yashagan Muqaddas Kitob yozuvchisi Naximiyo Quddusda istiqomat qilgan tirliklar (Tir shahridan bo‘lgan finikiyaliklar) «baliq va turli xil mahsulotlarni olib kelishgani» haqida aytib o‘tgan. (Naximiyo 13:16)
Muqaddas Kitobdagi mazkur oyatni tasdiqlovchi biron dalil bormi? Ha, bor. Arxeologlar Isroil yurtida Finikiyadan olib kelingan mollarni topishgan. Bu esa mazkur qadimgi ikki xalq o‘rtasida savdo-sotiq munosabatlari bo‘lganini tasdiqlaydi. Boz ustiga, qazilmalar natijasida Quddusda O‘rta dengiz baliqlarining suyaklari topilgan. Arxeologlar bu baliqlarni savdogarlar uzoq dengiz sohillaridan olib kelganiga ishonishadi. Bu dalillarni tahlil qilgach, bir olim shunday xulosaga keldi: «Naximiyo 13:16 da tirliklarning Quddusda baliq sotgani to‘g‘risidagi bayonot haqiqatga yaqin».
Ilmiy haqiqat
Muqaddas Kitob asosan diniy va tarixiy kitobdir. Biroq ilm-fan masalasida ham bu kitob aniq. Bir misolni ko‘rib chiqaylik.
Taxminan 3 500 yil oldin Muqaddas Kitobda Yer «bo‘shliqqa osib qo‘yilgani» haqida yozilgan edi. (Ayub 26:7) Bu fakt Yer suv yuzasida suzib yurgani yoki katta toshbaqa ustida turgani haqidagi afsonalardan keskin farq qiladi. Ayub kitobi yozilganidan 1 100 yil o‘tgach ham, odamlar yer bo‘shliqda osilib turishining iloji yo‘q, u biron narsa ustida turishi kerak deb ishonib kelishgan. Bor-yo‘g‘i uch yuz yil oldin, ya’ni 1687-yilda Isaak Nyuton Butun olam tortishish qonuni haqidagi izlanishlarini chop qilib, Yer markazdan qochma kuch tufayli o‘z orbitasida turishini tushuntirib bergan. Mazkur ilmiy yutuq Muqaddas Kitobda bundan 3 000 yil oldin aytilgan so‘zlarni tasdiqladi.
Aniq bashorat
Muqaddas Kitobdagi ko‘plab bashoratlar qanchalik aniq? Keling, Ishayo payg‘ambar Bobilning qulashi to‘g‘risida aytgan bashoratni ko‘rib chiqaylik.
Bashorat. Miloddan avvalgi sakkizinchi asrda Muqaddas Kitob yozuvchisi Ishayo keyinchalik qudratli imperiyaning poytaxti bo‘lgan Bobil shahri zabt etilishi va oxir-oqibatda u huvillab qolishi to‘g‘risida karomat qilgan. (Ishayo 13:17–20) Ishayo hatto bu ishni bajaradigan insonning ismi Kir bo‘lishini va u shaharni bosib olish uchun daryolarni quritishini aytib o‘tgan. Payg‘ambar shaharning darvozalari ochiq qoldirilishi haqida ham bashorat qilgan. (Ishayo 44:27–45:1)
Amalga oshishi. Ishayoning mazkur bashoratidan 200 yil o‘tgach, Fors shohi Bobilga hujum qiladi. Qiziq, uning ismi nima bo‘lgan? Kir. Bobil qattiq muhofaza qilingani uchun Kir diqqatini shahar ichidan hamda atrofi bo‘ylab oqadigan Furot daryosiga qaratadi. Uning qo‘li ostidagi odamlar kanal qazib, daryo suvlarini botqoqlik tomonga burib yuborishadi. Bu tufayli shahar devori bo‘ylab oqadigan daryo suvining sathi shunchalik pasayib ketadiki, Kir lashkari bilan birga daryoni bemalol kechib o‘ta oladi. Chunki suv ularning sonigacha kelgan. Shunisi qiziqki, bobilliklar daryo tomonga qaragan darvozani ochiq qoldirishadi. Kirning lashkari Bobilga ochiq qolgan darvozadan kirib, uni zabt etishadi.
Ammo bitta tafsilot qolib ketdi: Bobil huvillab qoldimi? Taxminan bir necha asr mobaynida bu shaharda odamlar yashagan. Lekin bugungi kunda Iroqning Bag‘dod shahri yaqinidagi Bobil xarobalari mazkur bashorat to‘liq amalga oshganini isbotlaydi. Ha, kelajakka oid bashoratlar haqida gap ketganda ham Muqaddas Kitob ishonchli.