Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Xudo kelajakda nimalar qiladi?

Xudo kelajakda nimalar qiladi?

Boshingizga qiyinchilik tushganida, yaqin do‘stingizdan yordam kutganingiz shubhasiz. Shundan kelib chiqib, ba’zilar Xudoni do‘st deb bilmaydi, sababi Xudo ularning foydasi uchun hech nima qilmayapti deb o‘ylaydi. Aslida esa Xudo nafaqat foydamizni ko‘zlab ko‘p ishlarni qilgan, balki biz duch kelayotgan barcha muammolar-u azob-uqubatlarga chek qo‘yadi. Qiziq, Xudo kelajakda nimalar qiladi?

BARCHA YOVUZLIKKA CHEK QO‘YADI

Xudo yovuzlikning manbaini yo‘q qilish orqali unga chek qo‘yadi. Muqaddas Kitobda uning manbai haqida shunday deyilgan: «Butun dunyo Shaytonning hukmidadir». (1 Yuhanno 5:19) Iso ham Shayton Iblisni «bu dunyoning hokimi» deb atagan. (Yuhanno 12:31) Yer yuzidagi ayanchli sharoitlarning asl sababchisi insonlarga ta’sir o‘tkazayotgan Shaytondir. Xudo kelajakda nimalar qiladi?

Tangri Yahova tez orada ishga kirishib, azizi bo‘lmish Iso Masih orqali «o‘limga duchor qiladiganni, ya’ni Iblisni yo‘q qiladi». (Ibroniylarga 2:14; 1 Yuhanno 3:8) Muqaddas Kitobdan ko‘rinib turganidek, Shaytonning o‘zi ham yo‘q qilinishidan oldin «vaqti oz qolganini biladi». (Vahiy 12:12) Xudo yovuzlikka sababchi bo‘layotgan insonlarni ham yo‘q qiladi. (Zabur 37:9; Hikmatlar 2:22)

YER YUZINI JANNATGA AYLANTIRADI

Yer yuzidagi barcha yovuzlikni bartaraf qilgach, Yaratuvchimiz insoniyat va yer uchun qilgan mangu niyatini amalga oshiradi. Nimalarni intiqib kutyapmiz?

Cheksiz tinchlik va xavfsizlik. «Kamtar kishilar esa yer yuziga egalik qiladi, ular tinchlik-xotirjamlikda umr kechirib, behad shod bo‘ladi». (Zabur 37:11)

Foydali noz-ne’matlar. «Yer yuzida g‘alla mo‘l bo‘ladi, tog‘lar tepasida don serob bo‘ladi». (Zabur 72:16)

Shinam uylar va qoniqarli ish. «Ular uylar qurib, bu uylarda yashaydi, uzumzorlar barpo etib, hosilidan yeydi... Tanlaganlarim o‘z qo‘llari mehnatining rohatini ko‘radi». (Ishayo 65:21, 22)

Mana shunday sharoitlarda yashashni istaysizmi? Tez orada har kuni shunday hayot kechiramiz.

KASALLIK VA O‘LIMNI YO‘Q QILADI

Bugungi kunda har bir inson kasallik va o‘limga duch keladi, ammo bu uzoq davom etmaydi. Yaqinda Xudo Isoga «ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin» deya uning to‘lov qurbonligini qo‘llaydi. (Yuhanno 3:16) Natijada nima bo‘ladi?

Kasallik yo‘q qilinadi. «Hech kim: “Men kasalman”,— demaydi. Yurt aholisining gunohi kechiriladi». (Ishayo 33:24)

O‘lim insoniyatga ortiq xavf solmaydi. «O‘limni U toabad yo‘q qiladi, Oliy Hukmdor Yahova barchaning ko‘z yoshini artib qo‘yadi». (Ishayo 25:8)

Insonlar abadiy yashaydi. «Xudoning in’omi Hazratimiz Iso Masih vositasida abadiy hayotdir». (Rimliklarga 6:23)

O‘lganlar hayotga qaytadi. «Adolatli va adolatsiz odamlar tiriladi». (Havoriylar 24:15) Ular Xudoning in’omi bo‘lmish to‘lov tufayli hayotga qaytariladi.

Xudo bularning barini qay yo‘sin amalga oshiradi?

MUKAMMAL HUKUMAT O‘RNATADI

Xudo samoviy hukumat orqali yer va insoniyatga bo‘lgan niyatini amalga oshiradi. U Iso Masihni bu hukumatning Boshqaruvchisi etib tayinlagan. (Zabur 110:1, 2) Iso bu hukumat yoki shohlik haqida o‘z izdoshlariga shunday deb ibodat qilishni o‘rgatgan: «Osmondagi Otamiz... Shohliging kelsin». (Matto 6:9, 10)

Xudoning Shohligi yer yuzi ustidan boshqarishni boshlab, undagi dard-alam va azob-uqubatlarni bartaraf qiladi. Bu Shohlik insoniyat uchun eng a’lo hukumat bo‘ladi! Mana shu sababli Iso yer yuzida bo‘lganida «Shohlik haqidagi xushxabarni» e’lon etishga o‘zini bag‘ishlagan va shogirdlarini ham shunday yo‘l tutishga undagan. (Matto 4:23; 24:14)

Insonlarni qattiq yaxshi ko‘rgani tufayli Tangri Yahova mana shunday ajoyib ishlarni bajarishga va’da bermoqda. Bu sizni Uni tanib-bilishga va Unga yaqinlashishga undamaydimi? Shunday yo‘l tutish sizga qanday foyda keltiradi? Bu borada keyingi maqolada so‘z yuritiladi.

XUDO KELAJAKDA NIMALAR QILADI? Xudo kasallik va o‘limni yo‘q qilib, insoniyatni O‘z Shohligi boshqaruvi ostida birlashtiradi va yerni jannatga aylantiradi