87-BOB
Uzoqni ko‘rib, donolik bilan yo‘l tuting
-
ADOLATSIZ BOSHQARUVCHI HAQIDAGI MASAL
-
TOPGAN BOYLIGINGIZ BILAN «DO‘ST ORTTIRING»
Soliqchilar, ulamo-yu farziylar Isoning yo‘qolgan o‘g‘il haqidagi masalini tinglab bo‘lishdi. Xudo tavba qilayotgan gunohkorlarni kechirishga tayyor ekani ularda chuqur taassurot qoldirishi kerak edi. (Luqo 15:1–7, 11) Endi Iso shogirdlariga murojaat qilib, uy boshqaruvchisi noto‘g‘ri yo‘l tutayotganini eshitib qolgan boy kishi haqidagi masalni so‘zlab beradi.
Isoning so‘zlariga ko‘ra, uy boshqaruvchisini xo‘jayinining mol-mulkini sarf qilganlikda ayblashadi. Shuning uchun boy kishi uni ishdan bo‘shatmoqchi ekanini aytadi. Shunda uy boshqaruvchisi quyidagicha mulohaza yuritadi: «Voy, endi nima qilaman? Xo‘jayinim boshqaruvchilikni mendan olib qo‘yyapti. Yer chopishga kuchim yetmasa, tilanchilik qilishga esa uyalaman». Keyin u kelajagini o‘ylab shunday xulosaga keladi: «Ha, topdim! Boshqaruvchilikdan bo‘shatilganimdan keyin, odamlar meni o‘z uylariga qabul qilishi uchun mana shunday qilaman». Fursatni boy bermay, u xo‘jayinining qarzdorlarini chaqirtirib, ularning har biridan: «Xo‘jayinimga qancha qarzing bor?» — deb so‘raydi. (Luqo 16:3–5)
Birinchisi unga: «2 200 litr zaytun moyi qarzim bor»,— deydi. Balki qarzdor kishi katta zaytunzorga ega bo‘lgan yoki zaytun moyining sotuvchisidir. Boshqaruvchi unga: «Tilxatingni olib, o‘tir va tezda 1 100 deb yoz»,— deydi. (Luqo 16:6)
Keyin boshqaruvchi boshqasidan: «Sening qancha qarzing bor?» — deb so‘raydi. U: «100 qop bug‘doy»,— deya javob beradi. Boshqaruvchi unga: «Tilxatingni ol-da, 80 deb yoz»,— deydi. Demak, u qarzni 20 foizga qisqartiradi. (Luqo 16:7)
Uy boshqaruvchisi xo‘jayiniga qarzdor bo‘lgan kishilarning tilxatini o‘zgartirishga haqli, chunki u xo‘jayinining hisob-kitob ishlariga javobgar. Ushbu kishilarning qarzlarini kamaytirib u o‘ziga do‘st orttiryapti, ya’ni ishini yo‘qotsa ular unga yordam berishadi.
Xo‘jayin nima bo‘lganidan xabar topadi. Garchi u ziyon ko‘rgan bo‘lsa-da, «adolatsiz» boshqaruvchi «donolik bilan» yo‘l tutganiga qoyil qolib, uni maqtaydi. Iso so‘zida davom etib: «Ushbu zamonaning o‘g‘illari o‘z zamondoshlari bilan, nur o‘g‘illaridan ko‘ra donoroq muomala qilishadi»,— deydi. (Luqo 16:8)
Bu bilan Iso, boshqaruvchining usullarini ma’qullamayapti. Shuningdek, qing‘ir-qiyshiq ish yuritishga undamayapti. Unda nega Iso bunday misol keltirdi? U shogirdlariga shunday deydi: «Bu dunyoda topgan boyligingiz bilan do‘st orttiringlar. O‘shanda boyligingiz tugaganda, do‘stlaringiz sizlarni abadiy makonlarga qabul qilishadi». (Luqo 16:9) Demak, donolik bilan yo‘l tutib, uzoqni ko‘ra bilish kerak. «Nur o‘g‘illari» bo‘lmish Xudoning xizmatchilari abadiy kelajakni yodda tutib, moddiy narsalardan oqilona foydalanishlari darkor.
Faqat Tangri Yahova hamda Uning O‘g‘li Iso kimnidir Osmon Shohligiga qabul qilishga yoki bu Shohlik ostida yer yuzidagi hayotni ato etishga haqli. Shunday ekan, biz ular bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishimiz kerak. Shohlik manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida boyligimizdan unumli foydalanishimiz lozim. Shunda oltin, kumush va boshqa boylik o‘z qadr-qimmatini yo‘qotsa ham, kelajagimiz porloq, hayotimiz abadiy bo‘lishi shubhasiz.
Keyin Iso, inson moddiy narsalaridan foydalanishda ishonchli bo‘lsa, muhimroq ishlarda ham ishonchli bo‘lishini aytadi. So‘ng u quyidagicha davom etadi: «Shunday ekan, bu dunyoda topgan boylikka nisbatan ishonchli bo‘lmasangiz, unda kim sizlarga haqiqiy boylikni [masalan, Xudo Shohligining manfaatlarini] ishonib topshiradi?» (Luqo 16:11)
Keyin Iso shogirdlariga, «abadiy makonlarga» qabul qilinadigan kishilardan ko‘proq narsa kutilishini tushuntiradi. Ha, bir vaqtning o‘zida ham Xudoning xizmatchisi, ham bu dunyoda topilgan boylikning quli bo‘la olmaymiz. Oxirida Iso shunday deydi: «Hech bir qul birdaniga ikki xo‘jayinga xizmat qila olmaydi. U yo biridan nafratlanib ikkinchisini sevadi yoki biriga sodiq qolib ikkinchisini mensimaydi. Sizlar ham Xudoning, ham boylikning qullari bo‘la olmaysizlar». (Luqo 16:9, 13)