Asosiy materiallarga o‘tish

Spirtli ichimliklarga to‘g‘ri munosabatda bo‘ling

Spirtli ichimliklarga to‘g‘ri munosabatda bo‘ling

Spirtli ichimliklarga to‘g‘ri munosabatda bo‘ling

O‘TGAN maqolada ismi tilga olingan Toni, spirtli ichimliklarga bo‘lgan moyilligini yenga olganida edi, hozir yashayotgan bo‘lardi. Va hayoti, umuman boshqacha kechishi mumkin edi. U, o‘zicha vaziyatni nazorat qilyapman, deb o‘ylar, va qancha ichsam ham umuman ta’sir qilmaydi, degan fikrda bo‘lgan. Biroq, bunday fikr mutlaqo noto‘g‘ri edi. Nega deysizmi?

Avvalambor, u to‘g‘ri fikr yuritishiga spirtli ichimliklar xalaqit bergan. Buni, Toni tushunganmi yoki yo‘qmi bizga noma’lum. Lekin, spirtli ichimlik uning hissiy, aqliy va jismoniy faoliyatini nazorat qiluvchi miyasiga ta’sir qilgani aniq. Toni qanchalik ko‘p ichgani sayin, o‘zi bilan nima sodir bo‘layotganini shunchalik kam tushunardi.

U sog‘lom fikrlashdan qochib, xumorini qondirish uchun o‘zini-o‘zi aldashga ham rozi edi. Oldingi maqolada eslatilgan Allen esa, ichkilik borasida unda muammo borligini boshida tan olmadi. Uning o‘zi shunday fikr bildirdi: «O‘zimni oqlash yoki muammoning jiddiyligini pasaytirish uchun, bekitib ichardim. Men uchun asosiysi, ichishimning yomon joyi yo‘qligini ko‘rsatish edi». Garchi, atrofdagilar Toniga ham, Allenga ham, ichkilikka qattiq berilganini aytishgan bo‘lsa-da, ular hammasi joyida deb bilishardi. Ha, ularning ikkalasi ham, ichkilikka munosabatini o‘zgartirish uchun, muayyan harakatlar qilishlari kerak edi. Lekin, qanday qilib?

Qaroringiz qat’iy bo‘lsin!

Ichkilikni tashlaganlarning ko‘pchiligi, Hazrati Isoning quyidagi maslahatiga rioya qilishgan: «Agar sening o‘ng ko‘zing gunoh qilishingga sabab bo‘lsa, uni sug‘urib tashla. Chunki butun badaning jahannamga tashlanishidan ko‘ra, a’zoyingdan birining nobud bo‘lgani sen uchun yaxshiroqdir» (Matto 5:29).

To‘g‘ri, Isoning bu so‘zlari, tanamizni jarohatlashimiz kerakligini anglatmaydi. Boshqacha qilib aytganda, Iso bor-yo‘g‘i, ma’naviy holatimizga ta’sir o‘tkazadigan narsalarni chetga surib qo‘yishimiz kerakligini ta’kidlamoqchi edi. Bu oson kechmasligi mumkin. Ammo, shunday qilibgina noto‘g‘ri fikrlardan hamda ichkilikka olib keladigan vaziyatlardan o‘zimizni himoya qila olamiz. Xullas, kimdir sizning ko‘p ichayotganingizga shama qilgudek bo‘lsa, spirtli ichimliklarga bo‘lgan munosabatingizni tekshirib chiqing a. Agar, o‘zingizni nazorat qila olmayotganingizni sezsangiz, ichkilikdan umuman voz kechganingiz ma’qul. Bu qanchalik og‘ir kechmasin, hayotingizni nobud qilgandan ko‘ra, shunday yo‘l tutishingiz oqilonadir.

Garchi, piyonista bo‘lmasangiz ham, ko‘p ichishga moyilligingiz bormi? Agar shunday bo‘lsa, ichkilikka nisbatan munosabatingizni o‘zgartirish uchun qanday qadamlar sizga yordam berishi mumkin?

Yordamni qayerdan izlash kerak?

1. Chin dildan va muntazam ravishda Alloh Yahovaga ibodat qilishni unutmang. Tangrini xushnud qilmoqchi bo‘lganlarga, Muqaddas Kitobda shunday nasihat mavjud: «Har doim ibodatda va iltijoda bo‘lib, har bir tilagingizni Xudoning oldida minnatdorchilik bilan izhor qilinglar. Shunda inson xayoliga sig‘maydigan, Xudo bergan tinchlik sizning ko‘nglingiz va fikr-xayolingizni xotirjam qiladi» (Filippiliklarga 4:6, 7). Ammo-lekin, bunday tinchlikka ega bo‘lish uchun, nima to‘g‘risida ibodat qilish kerak?

Ichkilikka noto‘g‘ri munosabatda ekaningizni va u bilan kurashishingiz kerakligini, vijdon ila tan oling. Qanday yo‘l tutmoqchi ekaningizni Xudoga ochiqchasiga aytib bering. U albatta sizni qo‘llab-quvvatlaydi va yanada qiyin muammolardan chetlanishingizga yordam beradi. Hazrati Sulaymon shunday so‘zlarni aytganlar: «O‘z gunohlarini yashirgan yutuqqa erishmaydi, ularni tan olib, voz kechgan marhamat topadi» (Hikmatlar 28:13). Ustozimiz Iso esa, quyidagicha ibodat qilishga o‘rgatgan: «Bizni vasvasaga duchor qilmagin» (Matto 6:13). Xo‘sh, qanday qilib ibodatlarimizga muvofiq hayot kechira olamiz va iltijolarimizga qay yo‘sin javob olishimiz mumkin?

2. Muqaddas Kitobni o‘qib taskin toping. Xudoning Kalomi «jonli va ta’sirli» bo‘lib, «jon bilan ruhni... bo‘lgundek suqilib kiradi» (Ibroniylarga 4:12). Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilganlarning ko‘pchiligiga, Muqaddas Kitobni o‘qish va tadqiq qilish ko‘maklashgan. Shu sabab Zaburda ham mana nima deyilgan: «Saodatli odamdir u, fosiqlar maslahatiga yurmas... Illo Xudovandning Qonunidir uning zavq-u orzusi, tun-u kun Tangri Qonuni ila banddir fikri-zikri... U neki qilsa, tole unga yordir» (Zabur 1:1–3).

Allen, Yahovaning Shohidlari bilan birgalikda Muqaddas Kitobni tadqiq qilgani tufayli, ichkilikka bo‘lgan moyillikni yengdi. Uning o‘zi shunday so‘zlarni aytdi: «Agar Muqaddas Kitob va undagi me’yorlar bo‘lmaganida edi, men allaqachon hayotdan ko‘z yumgan bo‘lardim».

3. O‘zingizni tuta biling. Muqaddas Yozuvlardan ayon bo‘lishicha, qadimda yashagan ba’zi odamlar qachondir piyonista bo‘lishgan. Lekin, «Xudoyimizning Ruhi bilan oqlanishgan» va Allohga xizmat qila boshlashgan (1 Korinfliklarga 6:9–11). Buni qanday tushunish mumkin? Avvalambor, o‘zini tuta bilish fazilatini rivojlantirishlari kerak edi. Buning uchun ular ichkilikbozlik va aysh-ishrat qilishni to‘xtatishgan. Bu fazilat, Xudoning muqaddas ruhi, ya’ni qudrati ta’siri ostida paydo bo‘ladi. Injilda shunday ogohlantirish bor: «Sharob ichib mast bo‘lmanglar, chunki bu buzuqlikka olib boradi. Aksincha, Muqaddas Ruhga to‘lib-toshinglar» (Efesliklarga 5:18; Galatiyaliklarga 5:21–23). Boz ustiga, Alloh Yahova, Undan so‘raganlarga O‘z madadini berishini, Iso Masih va’da qilgandi. Shuning uchun «so‘rab turinglar, sizga beriladi» (Luqo 11:9, 13).

Xullasi kalom, Yahovaga munosib tarzda xizmat qilishni istasangiz, nafsingizni tiyib o‘zingizni tuta bilishni o‘rganish muhimdir. Bunda, Muqaddas Kitobni o‘qish va ustidan mulohaza yuritish hamda Xudoga muntazam ravishda sidqidildan ibodat qilish yordam beradi. Agar, bularning barini qilishga ulgurmasangiz, hecham tushkunlikka tushmang. Undan ko‘ra, Allohning Kalomidagi mana bu so‘zlarni yodingizda tuting: «Ruh dalasiga urug‘ eksa, Ruhdan abadiy hayot o‘rib oladi. Shunday ekan, yaxshilik qilishdan bezmaylik. Agar bo‘shashmasak, o‘z vaqtida buning hosilini o‘rib olamiz» (Galatiyaliklarga 6:8, 9).

4. Fayzli muloqotni tanlang. «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi, ahmoqqa yo‘ldosh bo‘lgan esa halok bo‘ladi» (Hikmatlar 13:20). Spirtli ichimliklarga bo‘lgan nuqtai nazaringizni o‘zgartirganingizni do‘stlaringizga ayting. «Sarxushlik, aysh-ishratlar va kayf-safolarga» boshqa aralashmasangiz, oshnalaringizdan ba’zilari hayratda qolishi va hatto sizni haqoratlashlari mumkinligi to‘g‘risida, Muqaddas Kitobda yozilgan (1 Butrus 4:3, 4). Ichkilikka bo‘lgan munosabatingizni qo‘llab-quvvatlamaydiganlar bilan muloqot qilmaslikka tayyor turing.

5. Aniq chegara o‘rnating. «Bu dunyoga uyg‘unlashmanglar. Xudoning yaxshi, manzur, komil irodasining nima ekanini fahmlamoq uchun fikringizni yangilash orqali tubdan o‘zgaringlar» (Rimliklarga 12:2). O‘zingiz uchun o‘rnatayotgan chegarangizni, do‘stlaringiz yoki «bu dunyoga» emas, Xudoning Kalomiga moslashtirishga harakat qiling. O‘shandagina, hayotingizdan mamnun bo‘lib, Xudoni quvontira olasiz. Biroq, shaxsan siz uchun xavfsiz bo‘lgan chegarani qanday o‘rnatishingiz mumkin?

Sog‘lom fikrlashni susaytiradigan spirtli ichimliklarning har qanday miqdorini, siz uchun haddan tashqari ko‘p desa bo‘ladi. Agar, ichib turadigan bo‘lsangiz, o‘zingizga aniq chegara qo‘ying. Shirakayf bo‘lish yetarli demang. Qancha icha olishingizni yaxshilab aniqlab oling. O‘zingiz uchun xavfsiz va aniq bo‘lgan shunday chegara o‘rnatingki, keyinchalik aroqxo‘r bo‘lib qolmang.

6. Yo‘q deyishni o‘rganing. «Sizlarning so‘zingiz faqat “ha” yoki “yo‘q” bo‘lsin» (Matto 5:37). Mehmonga borganingizda, saxiy ammo mulohazasiz mezbonning tirishqoqlik bilan qilgan taklifini muloyimlik ila rad etishni o‘rganing. «Har bir odamga qanday javob berish lozimligini bilinglar, so‘zingiz hamisha fayzli va mazali bo‘lsin» (Kolosaliklarga 4:6).

7. Yordam izlang. Sizning qaroringizni hurmat qiladigan va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlay oladigan ishonchli do‘stlardan yordam izlang. «Ikki kishi bir kishidan ko‘proq ish bajara oladi, ular o‘z mehnatlari uchun yaxshi taqdirlanadilar. Agar bittasi yiqilsa, ikkinchisi turg‘izadi» (Voiz 4:9, 10; Yoqub 5:14, 16). Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish bo‘yicha, Amerika Milliy institutida ham shunga o‘xshash maslahat berilgan: «Iste’mol qilinayotgan spirtli ichimlikni kamaytirish oson emas, shuning uchun yor-u birodarlaringizdan yordam so‘rashingiz kerak bo‘ladi».

8. Qaroringizdan qaytmang. «O‘z-o‘zingizni aldab, Xudo kalomining faqat tinglovchilarigina emas, balki ijrochilari bo‘linglar. Lekin mukammal Qonunga, Xudoning erk beruvchi Qonuniga yaqindan qarab, unga qat’iy amal qilgan kishi, ya’ni unutuvchan tinglovchi emas, balki ishni bajaruvchi kishi o‘z yo‘lida baxtiyor bo‘ladi» (Yoqub 1:22, 25).

Ichkilikka bo‘lgan ishtiyoqni yenging

Qizig‘i shundaki, ko‘p ichadiganlarning hammasi ham aroqxo‘r bo‘lib qolavermaydi. Biroq, ba’zilar shunchalik ko‘p yoki tez-tez ichadiki, oxir-oqibat spirtli ichkilikka moyilligi paydo bo‘ladi. Spirtli ichimlik, insonni ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan qaram qilib qo‘yadigan kuchli moddadir. Shuning uchun, ichkilikka berilgan kishilar bu moyillikdan qutulishlarida, iroda va ma’naviy yordamning o‘zi yetarli emas. Allen quyidagilarni eslaydi: «Ichishni tashlayotganimda, xumorni yengishim qiyin edi. O‘shanda tushunib yetdimki, menga ma’naviy yordamdan tashqari, tibbiy yordam ham kerak ekan».

Ha, ichkilikni tashlash harakatlari samarali bo‘lishi uchun, ko‘pchilik tibbiyotga murojaat qiladi. Bu esa, nafaqat ichkilikka bo‘lgan moyillikni yengishga, balki u holatga boshqa qaytmaslikka ham ko‘maklashadi b. Xumorni yengish uchun, ehtimol kimdir kasalxonaga ham yotar. Yoki, spirtli ichimliklarga tortmasligi va undan umuman voz kechish uchun davolanish kursini o‘tishi mumkin. Hatto mo‘jizalar yaratgan Hazrati Iso: «Sog‘lar emas, bemorlar tabibga muhtojdir»,— deya ta’kidlagan (Mark 2:17).

Allohning maslahatlari hamisha foydalidir.

Muqaddas Kitobga asoslangan foydali maslahatlarni, bizga samimiy qiziqish ko‘rsatayotgan, Xudoyimiz bera oladi. Allen ichkilikni tashlaganiga 24-yil bo‘ldi. U shunday deydi: «Men ham o‘zgara olishimni va bunda Yahova yordam bermoqchi ekanini bilish qanchalik yoqimli, U...»,— Allen birozga to‘xtab, ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a ushlab davom etdi: «U, hamma narsani tushunadi, Unga befarq emasmiz va U kerakli bo‘lgan yordamni hamisha yetkazib beradi. Mayli-yu, Tangrim Yahovaga qoyil qoldim».

Shuning uchun, agar siz ham ichkilikka ruju qo‘ygan bo‘lsangiz, tushkunlikka tushib, endi hech narsa qilib bo‘lmaydi, degan xulosaga kelishga shoshilmang. Allen va boshqa ko‘p odamlar sizning vaziyatingizga tushishgan, ammo ular ichkilikni kamaytira olishgan yoki umuman ichkilikni tashlashgan ham. Va bu ishlaridan hecham pushaymon emaslar. Shunday yo‘l tutsangiz, siz ham achinmaysiz.

Xullas, o‘zingiz uchun nimani ma’qul ko‘rishingizdan qat’i nazar, ya’ni, me’yorida ichasizmi yoki umuman ichishni tashlaysizmi, payg‘ambarning Xudovandga aytgan mana bu so‘zlarini yodda tuting: «Qonuningni sevganlarga buyuk xotirjamlik yordir» (Zabur 119:165).

[Izohlar]

a 8- sahifadagi  «Ichkilikka moyilligim yo‘qmikin?» nomli ramkaga qarang.

b Yordam ko‘rsatish uchun, ko‘plab muolaja markazlari, kasalxonalar va reabilitatsion dasturlar mavjud. «Qo‘riqchi minorasi» muayyan davolanish usullarini reklama qilmaydi. Bor bo‘lgan usullarni, har kimning o‘zi yaxshilab o‘ylab ko‘rishi lozim. Asosiysi, tanlangan davolanish usuli, Muqaddas Kitob me’yorlariga zid bo‘lmasligi kerak.

[8- sahifadagi ramka va rasm]

 Ichkilikka moyilligim yo‘qmikin?

O‘zingizdan so‘rab ko‘ring:

• Oldingidan ko‘ra ko‘proq ichyapmanmi?

• Oldingidan ko‘ra tez-tez ichyapmanmi?

• Tobora quvvati yuqori bo‘lgan ichkiliklarni ichyapmanmi?

• Asablarimni tinchlantirish yoki muammolarimni unutish uchun ichyapmanmi?

• Ichkilikka moyilligim borligi to‘g‘risida yor-u birodarlarimdan birortasi gapirganmi?

• Spirtli ichimlikning dastidan ishxonada, uyda yoxud safar yo‘llarida muammo paydo bo‘lyaptimi?

• Bir hafta mobaynida ichmasdan tura olamanmi?

• Boshqalar ichishni rad etganida o‘zimni noqulay his qilamanmi?

• Qancha ichayotganimni boshqalardan yashiryapmanmi?

Agar, keltirilgan savollardan bittasiga yoki bir nechtasiga «ha» deb javob bersangiz, spirtli ichimliklarga nisbatan munosabatingizni qayta ko‘rib chiqarsiz.

[9- sahifadagi ramka va rasm]

Qanday qilib oqilona qarorga kelish mumkin?

Ichishdan avval o‘ylab ko‘ring:

Ichganim oqilonami yoki rad etganimmi?

Maslahat. O‘z me’yorini bilmagan odam, spirtli ichimlikni rad etgani ma’qul.

Qancha ichish mumkin?

Maslahat. Me’yorni, o‘zingizni yo‘qotishdan avval aniqlab oling.

Qachon ichmaslik lozim?

Maslahat. Mashina haydashdan oldin, ziyraklik talab etiladigan boshqa faoliyatlarda, diniy ishlarda, homiladorlik vaqtida va ba’zi dori-darmonlarni qabul qilganda.

Qaerda ichish mumkin?

Maslahat. Yaxshi muhitda, yashirmasdan va ichkilikka salbiy munosabatda bo‘lgan odamlar yo‘q joyda.

Kimlar bilan ichsa bo‘ladi?

Maslahat. Mulohazakor ulfatlar-u qarindoshlar bilan ichsa bo‘ladi, lekin ichkilikka ruju qo‘yganlar bilan ichmagan ma’qul.

[10- sahifadagi ramka va rasm]

Ilgari piyonista bo‘lgan kishiga Xudoning Kalomi yordam berdi

Tailandlik Supot ismli bir kishi, mukkasidan ketgan piyonista edi. U, avvaliga faqat kechki paytlari ichardi. Vaqt o‘tib, har kuni ertalablari ham qittak-qittak qiladigan bo‘ldi. Keyin esa, tushlik paytida ham yuzta-yuzta otishni odat qilib oldi. Oxiri, shunchaki bo‘kib ichishni xush ko‘radigan bo‘ldi. Bir kuni, Yahovaning Shohidlari unga Muqaddas Kitobni o‘rganishni taklif qilishganida, u rozilik bildiradi. Ichkilikbozlik, Xudovand Yahovaning nazarida noma’qul ekanini bilgach, Supot ichishni tashlaydi. Biroq, ko‘p o‘tmay yana eski odatini takrorlay boshladi. Uning oilasi ham bunga hayratlanishdi.

Lekin, Supot Yahovani yaxshi ko‘rar va Unga ma’qul tarzda xizmat qilishni istardi. Supotning do‘stlari unga yordam berishda davom etib, qarindoshlarini, umidni yo‘qotmay u bilan birga ko‘proq vaqt o‘tkazishlariga undashdi. Supot Injildagi: «Ichkilikbozlar... Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydilar»,— degan so‘zlar ustidan yaxshilab mulohaza yuritganidan so‘ng, bu qanchalik jiddiy ekanini anglab yetdi (1 Korinfliklarga 6:10). Ha, nima bo‘lishidan qat’i nazar, ichkilikka bo‘lgan moyillikni yengish kerakligini u tushundi.

Bu safar, Sutop ichkilikni butkul tashlashga qaror qildi. Va nihoyat, Yahovaning madadi, Muqaddas Kitobning maslahatlari, qarindoshlari-yu Yahova Shohidlarining yordami tufayli, Supot ma’nan ulg‘ayib, spirtli ichimliklarga bo‘lgan moyillikni yenga oldi. U, hayotini Xudoga xizmat qilishga bag‘ishlaganida esa, oilasi juda baxtiyor bo‘ladi. Endilikda, Supot anchadan beri orzu qilgan niyatiga, ya’ni Yahova bilan yaqin munosabatga ega bo‘lganidan va endi boshqalarga ma’nan yordam bera olganidan rosa xursand bo‘lib yuribdi.