Asosiy materiallarga o‘tish

Kelishmovchiliklarni sevgi ila hal qiling

Kelishmovchiliklarni sevgi ila hal qiling

O‘zaro tinch-totuv yashanglar. MARK 9:50

QO‘SHIQLAR: 39, 35

1, 2. Ibtidoda qanday kelishmovchiliklar haqida aytilgan va nega ular bizni qiziqtirishi kerak?

 MUQADDAS KITOBDA tilga olingan kelishmovchiliklar haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Misol uchun, Ibtidoning atigi bir nechta bobini ko‘rib chiqaylik. Qobil Hobilni nobud qiladi (Ibt. 4:3–8); Lamex uni urgan yigitni o‘ldiradi (Ibt. 4:23); Ibrohim (Ibrom) va Lutning cho‘ponlari urushib qolishadi (Ibt. 13:5–7); Hojar Sorani (Soray) nazariga ilmay qo‘yadi va Sora Ibrohimdan xafa bo‘ladi (Ibt. 16:3–6); Ismoil hammaga qarshi, hamma esa unga qarshi chiqadi (Ibt. 16:12).

2 Qiziq, nima uchun bular haqda Muqaddas Kitobda aytib o‘tilgan? Chunki bunday misollardan biz, nomukammal odamlar, tinchlik payidan bo‘lishni o‘rganishimiz mumkin. Shuningdek, qanday qilib amalda buning uddasidan chiqa olishni bilib olamiz. Muammolar bilan kurashib kelgan odamlar haqida Muqaddas Kitobdagi bayonotlarni o‘qish biz uchun foydalidir. Ularning xatti-harakatlari qanday natijalarga olib kelganini o‘rganib, shu kabi vaziyatlarga duchor bo‘lganimizda olgan saboqlarimizga yarasha yo‘l tutamiz. Ha, ushbu misollar bizga juda asqatadi! (Rim. 15:4)

3. Mazkur maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Bu maqoladan Yahovaning xizmatchilari kelishmovchiliklarni nega hal qilishlari kerakligini va qanday qilib buning uddasidan chiqishlari mumkinligini bilib olamiz. Bundan tashqari, muammolarimizni yechishga va Yahova hamda boshqalar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni muhokama qilamiz.

NEGA XUDONING XIZMATCHILARI KELISHMOVCHILIKLARNI HAL QILISHLARI LOZIM?

4. Bu dunyoda nimani olg‘a surishadi va buning natijasi qanday?

4 Shayton odamlar orasidagi kelishmovchiliklar-u mojarolarning asosiy sababchisidir. Misol uchun, u Adan bog‘ida har bir odam Xudodan mustaqil ravishda nima yaxshi va nima yomon ekanini belgilashga qodir, deb da’vo qilgan. (Ibt. 3:1–5) Bunday fikrlashning oqibatlari bugungi kunda yaqqol namoyondir. Bu dunyoda mag‘rurlik, xudbinlik va raqobatni olg‘a suruvchi mustaqillik ruhi hukm surmoqda. Ushbu ruhning ta’siriga berilgan har kim, aslida, o‘z manfaatini ko‘zlash boshqalarga qanday ta’sir qilishidan qat’i nazar, donolikdir, degan Shaytonning da’vosiga qo‘shilgan bo‘ladi. Xudbinlarcha yo‘l tutish janjalga olib kelishi hech gap emas. Shuning uchun, «serjahl odam janjal chiqaradi, serzarda esa ko‘p gunoh qiladi», degan so‘zlarni esimizda saqlasak, yaxshi bo‘lardi. (Hik. 29:22)

5. Kelishmovchiliklarni hal qilish borasida Iso shogirdlariga qanaqa maslahatlar bergan?

5 Iso esa, aksincha, odamlarga tinchlikparvar bo‘lishni va hatto o‘z ziyoniga bo‘lsa ham, kelishmovchiliklarning oldini olishni o‘rgatgan. Tog‘dagi va’zida u, kelishmovchiliklarni yoki yuz berishi mumkin bo‘lgan mojarolarni hal qilish borasida ajoyib maslahatlar bergan. Masalan, u shogirdlarini muloyim va tinchlikparvar bo‘lishga, g‘azab kabi tuyg‘ulardan qutulishga, kelishmovchiliklarni tezda hal qilishga hamda dushmanlarini sevishga chorlagan. (Mat. 5:5, 9, 22, 25, 44)

6, 7. a) Nega kelishmovchiliklarni tezda hal qilish muhim? b) Yahovaning barcha xizmatchilari o‘zlariga qaysi savollarni berishlari kerak?

6 Agar o‘zgalar bilan tinchlik o‘rnatishdan bosh tortsak, ibodatlarimiz, yig‘ilishlarga borishimiz, va’z qilishimiz va Yahovaga bo‘lgan topinishimizning boshqa sohalarida qilgan harakatlarimiz bir tiyin bo‘ladi. (Mark 11:25) Yahovaning do‘sti bo‘lishni istasak, o‘zgalarning gunohlarini kechirishimiz shart. (Luqo 11:4; Efesliklarga 4:32 ni o‘qing.)

7 Yahova barcha xizmatchilaridan kechirimli bo‘lishni va o‘zaro tinch-totuv yashashni talab qiladi. Biz o‘zimizga shunday savollarni berib ko‘rsak bo‘ladi: «Men imondoshlarimni tezda kechiramanmi? Ular bilan vaqt o‘tkazish menga yoqadimi?» Agar kechirimli bo‘lish masalasida o‘zgarishingiz kerakligini tushunsangiz, unda ibodatda Yahovadan yordam so‘rang. Samoviy Otamiz bunday samimiy ibodatlarni eshitib, ularga albatta javob beradi! (1 Yuhan. 5:14, 15)

AHAMIYAT BERISH ARZIRMIKAN?

8, 9. Bizni xafa qilishganda, qanday yo‘l tutishimiz lozim?

8 Hamma odamlar nomukammal bo‘lgani uchun ertami kechmi kimdir bizni so‘zi yoki qandaydir harakati bilan xafa qilib qo‘yishi tayin. (Voiz 7:20; Mat. 18:7) O‘shanda siz o‘zingizni qanday tutasiz? Keling, quyidagi vaziyatni ko‘rib chiqaylik. Bir kuni Yahovaning Shohidlari o‘tirish uyushtirishibdi. Shunda bir opamiz ikkita birodarimizning oldiga kelib, ular bilan gaplashibdi. Ulardan biri bu opamiz qay tarzda gapirganidan xafa bo‘libdi. Bu birodarlar yakka qolishganida, ranjigan birodar o‘sha opamizni aytgan gaplari uchun tanqid qila boshlabdi. Ikkinchisi esa, o‘sha opamiz qiyinchiliklarga qaramay, Yahovaga sadoqatli bo‘lib, 40-yildan beri xizmat qilib kelayotganini eslatibdi va opamizning xafa qilish niyati bo‘lmaganiga uni ishontiribdi. Bu haqda biroz o‘ylagach esa, ranjigan birodar: «Ha, to‘g‘ri aytasiz»,— deb javob beribdi. Natijada, bu birodar bo‘lgan voqeani unutishga qaror qilibdi.

9 Bu misoldan qanaqa xulosa chiqardik? Xafagarchilikka olib keladigan vaziyatlarga qanday munosabat bildirish o‘zimizga bog‘liq. Sevgi ila yo‘l tutadigan inson kechirimlidir. (Hikmatlar 10:12; 1 Butrus 4:8 ni o‘qing.) «Gunohni kechirsak», Yahovaga yoqadigan ish qilgan bo‘lamiz. (Hik. 19:11; Voiz 7:9) Demak, agar kimdir qo‘pol yoki hurmatsizlarcha munosabatda bo‘lib, sizni ranjitsa, avvalambor o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Uni kechira olamanmi? Bu haqda o‘ylab yurish chindan ham arziydimi?»

10. a) Bir imondoshimiz boshida tanqidga qanday munosabat bildirdi? b) Muqaddas Kitobdagi qaysi fikr unga xotirjamlikni saqlashga yordam berdi?

10 Tanqidga beparvo bo‘lish qiyin kechishi mumkin. Keling, kashshof imondoshimizning misolini ko‘rib chiqaylik. Aytaylik, uning ismi Sojida. Jamoatdagilarning ba’zilari uning xizmati hamda vaqtdan qanday foydalanayotgani haqida salbiy fikr bildirishdi. Bu unga og‘ir botdi va u ma’nan yetuk birodarlardan maslahat so‘radi. U shunday deb bo‘lishdi: «Ularning Muqaddas Kitobga asoslangan maslahati menga boshqalarga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishga va diqqatimni eng katta ahamiyatga loyiq bo‘lgan Shaxsga — Yahovaga qaratishga yordam berdi». Matto 6:1–4 dagi (o‘qing) so‘zlarni o‘qish Sojidaga dalda baxsh etdi. Bu oyatlar unga eng muhimi — Yahovani xursand qilish ekanini eslatdi. «Garchi boshqalar men haqimda salbiy gapirishsa-da, men baribir xursand bo‘lib yuraman. Nega deganda, Yahovani quvontirish uchun qo‘limdan kelganini qilayotganimga ishonchim komil»,— dedi Sojida. Bunday xulosaga kelgandan keyin Sojida har xil tanqidiy so‘zlarga ahamiyat bermaslikka qaror qildi.

KECHIRA OLMASAK-CHI?

11, 12. a) Birodari undan «xafa ekani»ni bilgan masihiy qanday yo‘l tutishi kerak? b) Ibrohim muammoni qay tarzda hal qilganidan nimani o‘rganishimiz mumkin? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga q.)

11 «Barchamiz tez-tez xato qilib turamiz». (Yoqb. 3:2) Faraz qiling, imondoshingiz aytgan so‘zingiz yoki qilgan harakatingiz tufayli sizdan xafa bo‘lib qoldi. O‘shanda qanday yo‘l tutasiz? Bu borada Iso shunday degandi: «Agar hadyangizni qurbongohga olib kelganingizda, birodaringiz sizdan xafa ekani yodingizga tushib qolsa, hadyangizni qurbongoh oldida qoldiring-da, avvaliga borib birodaringiz bilan yarashing. Shundan so‘ng kelib, hadyangizni baxshida eting». (Mat. 5:23, 24) Ha, Isoning maslahatiga binoan, birodaringiz bilan gaplashib oling. Aslida, maqsadingiz aybni birodaringizga to‘nkash emas, balki xatoingizni tan olib, tinchlik o‘rnatish bo‘lishi kerak. Imondoshlarimiz bilan tinchlikda yashash o‘ta muhimdir.

12 Yuqorida tilga olingan Ibrohim va jiyani Lut haqidagi voqea, qanday qilib Xudoning xizmatchilari munozarali masalani tinchlikda hal qilishi mumkinligining yaqqol misolidir. Gap shundaki, ikkovlarining chorvasiga yer torlik qilgani uchun ularning cho‘ponlari orasida janjal chiqib qoladi. Tushunmovchilikni bartaraf etish niyatida Ibrohim yashash uchun joyni birinchi bo‘lib Lut tanlashiga imkon beradi. (Ibt. 13:1, 2, 5–9) Naqadar ajoyib o‘rnak-a!? Ibrohim o‘z manfaatini ko‘zlamay, tinchlik payidan bo‘lgan. Xo‘sh, u saxiyligidan ziyon ko‘rganmi? Yo‘q, chunki Ibrohim tushunmovchilikni hal qilishi bilanoq, Yahova unga ulkan barakalar yog‘dirishni va’da bergan. (Ibt. 13:14–17) Xizmatchilari ilohiy me’yorlarga itoat etib, kelishmovchiliklarni sevgi ila hal qilishganlari uchun uzoq vaqt davomida zarar ko‘rishlariga Alloh sira ham yo‘l qo‘ymaydi. a

13. Bir nozir qo‘pol gaplarga qanday munosabat bildirdi va bundan qanaqa saboq olishimiz mumkin?

13 Mana zamonaviy bir misol. Anjuman bo‘limlaridan birining yangi noziri bitta birodarga qo‘ng‘iroq qilib, ko‘ngilli xizmatchi bo‘la olish-olmasligini so‘raydi. O‘sha birodar esa qo‘pol gapirib, go‘shakni qo‘yib qo‘yadi. Nega deganda, bu birodar oldingi nozir bilan bo‘lgan kelishmovchilik tufayli haliyam gina saqlab yurgandi. Yangi nozir bundan ranjimadi, ammo bu masalani shundayligicha ham tashlab qo‘ya olmadi. Bir soatdan keyin u o‘sha birodarga yana qo‘ng‘iroq qiladi va uchrashib, masalani birgalikda hal qilishni taklif etadi. So‘ng, bir hafta o‘tgach, ikkovi Yig‘ilish Zalida uchrashadi. Ular ibodat qilib, bir soatcha gaplashib o‘tirishadi va o‘sha birodar oldingi nozir bilan bo‘lgan voqeani aytib beradi. Nozir o‘sha birodarni hamdardlik ila tinglab, u bilan ba’zi oyatlarni muhokama qiladi. Natijada, birodarlar kelishib olishadi va anjumanda birga xizmat qilishadi. Birodar o‘sha nozirdan minnatdor edi, sababi, u xotirjamlik va xushmuomalalik ila gapirdi.

OQSOQOLLARGA MUROJAAT QILISH KERAKMI?

14, 15. a) Matto 18:15–17 dagi maslahatni qaysi vaziyatlarda qo‘llash kerak? b) Iso qaysi uchta qadam haqida aytgan va ulardan qay maqsadda foydalanish kerak?

14 Masihiylar paydo bo‘lgan kelishmovchiliklarning aksariyatini shaxsan o‘zlari hal qilishlari lozim. Biroq Iso aytganidek, ba’zi vaziyatlar oqsoqollarga murojaat qilishni talab etadi. (Matto 18:15–17 ni o‘qing.) Agar xafa qilgan inson birodariga, guvohlarga va oqsoqollarga quloq solishdan bosh tortsa, nima bo‘ladi? U biz uchun «dunyoviy kishiday hamda soliqchi kabi bo‘lishi» kerak. Bugungi kunda bu, insonning jamoatdan chetlatilishini anglatadi. Bunday hollarda u kishining «gunoh»i shunchaki kichik kelishmovchilikni emas, kattaroq bir masalani o‘z ichiga oladi va bu, gunohni sodir etgan va bundan jabr ko‘rgan masihiylar orasida hal qilinishi mumkin. Hal qilinmagan taqdirda esa, bu gunoh insonning chetlatilishiga sabab bo‘la oladi. Shu kabi gunohlar qatoriga qaysidir darajada muttahamlik yoki insonga tuhmat qilib, uning obro‘sini to‘kish kiradi. Iso aytib o‘tgan uchta qadam faqat mana shu vaziyatlarga tegishli. Qolgan vaziyatlarda esa, masalan, zino, gomoseksualizm, murtadlik, butparastlik yoxud shunga o‘xshash boshqa jiddiy gunohlar sodir etilganda, albatta jamoat oqsoqollariga murojaat qilish kerak.

Imondoshingizni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun, u bilan bir necha marta gaplashib olishga to‘g‘ri kelar (15- xatboshiga q.)

15 Iso bergan maslahatning maqsadi — imondoshga sevgi ila yordam berish edi. (Mat. 18:12–14) Xo‘sh, bu maslahatga qanday amal qila olasiz? Avvalambor, yuzaga chiqqan masalani boshqalarning ishtirokisiz hal qilishga urinib ko‘rish kerak. Ehtimol, gunoh qilgan kishi bilan bir martadan ko‘proq gaplashishga to‘g‘ri kelar. Agar bu yordam bermasa, unda gunoh sodir etilishiga guvoh bo‘lganlar yoki bu gunoh qanchalik jiddiy ekanini aniqlashga yordam beradiganlar oldida sizni xafa qilgan kishi bilan gaplashib oling. Ularning yordami bilan bu masalani hal qila olsangiz, imondoshingizni «to‘g‘ri yo‘lga solgan bo‘lasiz». Lekin u bilan bir necha marta gaplashib olgandan keyin ham yarashib olmasangiz, unda oqsoqollarga murojaat qilish darkor.

16. Nega Isoning maslahatiga amal qilishni kelishmovchiliklarni sevgi ila va samarali hal etishning yo‘li, deb ayta olamiz?

16 Ko‘p hollarda Matto 18:15–17 dagi uchala qadamga ham amal qilishga hojat qolmaydi. Buni bilish daldalidir, chunki odatda vaziyat chetlatilishgacha bormay, hal qilinadi. Aksariyat vaziyatlarda gunoh qilgan kishi xatosini tan olib, uni to‘g‘rilashga harakat qiladi. Shunda jabr ko‘rgan kishida uni ayblashga asosi qolmay, u kechirishni ma’qul ko‘rishi mumkin. Qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, Isoning so‘zlari shuni ko‘rsatyaptiki, kelishmovchilik yuz berishi bilanoq oqsoqollarga murojaat qilishning keragi yo‘q. Yuqorida aytilgan ikkita qadamga amal qilinib, gunoh sodir etilganini tasdiqlovchi dalillar bor bo‘lgandagina, oqsoqollar bu ishga aralashishlari mumkin.

17. «Tinchlik payida bo‘lishga» urinsak, qaysi barakalarga ega bo‘lamiz?

17 Ushbu zamonaning oxiri yaqinlashayotgan ekan, nomukammal odamlar bir-birini xafa qilishi tabiiy. Isoning shogirdi Yoqub bu haqda quyidagicha yozgandi: «Bordi-yu, kimdir so‘zida xato qilmasa, u butun tanasini jilovlay oladigan mukammal insondir». (Yoqb. 3:2) Kelishmovchiliklarni hal qilish uchun, qo‘limizdan kelganicha «tinchlik payida bo‘lishimiz» darkor. (Zab. 33:15) Tinchliksevar bo‘lsak, imondoshlarimiz bilan do‘stona munosabatlarga erishib, jamoatimizning yakdilligiga hissa qo‘shamiz. (Zab. 133:1–3) Boz ustiga, «tinchlik ato etuvchi Alloh» bilan ham do‘stligimiz qaymoqlashadi. (Rim. 15:33) Agar kelishmovchiliklarni sevgi ila hal qilsak, bu barcha barakalarni qo‘lga kiritamiz!

a (12- xatboshi) Muammolarni tinchlikda hal qilishda o‘rnak qoldirganlarning ba’zilari: Yoqub bilan Esov (Ibt. 27:41–45; 33:1–11); Yusuf bilan aka-ukalari (Ibt. 45:1–15); Gido‘n bilan Efrayim xalqi. (Hak. 8:1–3). Ehtimol, Muqaddas Kitobdagi shunga o‘xshash boshqa misollar haqida o‘ylab ko‘rarsiz.