Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Mehmondo‘stlik ko‘rsatish quvonchli va juda muhim!

Mehmondo‘stlik ko‘rsatish quvonchli va juda muhim!

Nolimay o‘zaro mehmondo‘st bo‘linglar. 1 BUTR. 4:9

QO‘SHIQLAR: 50, 20

1. Birinchi asrdagi masihiylar qanday sharoitlarda yashagan?

HAVORIY BUTRUS taxminan mil. 62–64- yillar orasida «Pont, Galatiya, Kappadokiya, Osiyo, Bitiniya viloyatlarida tarqalib, u yerda vaqtincha yashayotgan tanlanganlarga» maktub yozgan edi. (1 Butr. 1:1) Kichik Osiyodagi ushbu turli jamoatlardagi har xil madaniyatga mansub masihiylar dalda va yo‘l-yo‘riqlarga muhtoj edi. Negaki, ular ta’qiblaru haqoratlarning o‘ljasiga aylanishgan edi. Ular «olovli qiyinchiliklarga» duch kelishgandi. Bu ular uchun nihoyatda og‘ir zamon edi. Butrus: «Barcha narsa o‘z nihoyasiga yetib qoldi»,— deb yozgandi. Chindan ham, o‘n yil o‘tar-o‘tmas Quddus yo‘q qilinganda, zo‘ravonlikka chek qo‘yildi. Xo‘sh, bunday mushkul paytlarda taslim bo‘lmaslikka ularga nima ko‘maklashgan? (1 Butr. 4:4, 7, 12)

2, 3. Nega Butrus birodarlarini mehmondo‘st bo‘lishga chorlagan? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

2 Shu bilan birga u birodarlarini: «O‘zaro mehmondo‘st bo‘linglar»,— deya undagan. (1 Butr. 4:9) «Mehmondo‘stlik» so‘zi yunonchada tom ma’noda «begonalarga sevgi yoki mehribonlik ko‘rsatish» demakdir. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Butrus imondoshlarini «o‘zaro», ya’ni bir-birini taniydigan va bir-biri bilan muloqot qiladigan masihiylarni mehmondo‘st bo‘lishga chorlagan. Qiziq, mehmondo‘st bo‘lish ularga qanday yordam bergan?

3 Shu yo‘sin ular bir-biriga yaqinroq bo‘lgan. Siz haqingizda-chi, nima desa bo‘ladi? Kimdir sizni uyiga taklif qilganda xursand bo‘lganmisiz? O‘sha kun sizda iliq xotiralar qoldirganmi? Jamoatingizdagilar bilan birga vaqt o‘tkazganingizda, bu, do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlagandir. Aynan mehmondo‘stlikni namoyon etganda, odamlarga ko‘proq shaxsiy qiziqish ko‘rsatib, ular bilan yaqindan tanisha olamiz. Butrusning davridagi masihiylar sharoitlari yomonlashgani sayin o‘zaro yaqin bo‘lishlari zarur edi. Bugun ham «oxirzamonda» yashayotgan masihiylar shunday yo‘l tutishi muhim. (2 Tim. 3:1)

4. Ushbu maqolada qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

4 «O‘zaro» mehmondo‘st bo‘lish uchun qanday imkoniyatlar bor? Mehmondo‘stlik ko‘rsatishga xalaqit qilayotgan to‘siqlarni qay yo‘sin yengish mumkin? Mehmonga taklif etilsak, nimani inobatga olishimiz kerak?

MEHMONDO‘ST BO‘LISHNING IMKONIYATLARI

5. Qanday qilib yig‘ilishda mehmondo‘st bo‘la olamiz?

5 Yig‘ilishlarda. Jamoat uchrashuvlariga kelgan barchani qarshi olamiz, zero hammamiz ma’naviy ziyofatga boramiz. Shu yo‘sin, Tangri Yahova hamda Uning tashkiloti bizga mehmondo‘stlik ko‘rsatadi. (Rim. 15:7) Yangilar kelganda, biz ham mezbonlar sifatida ularni kutib olamiz. Qanday kiyingani yoki pardoz-andoz qilganidan qat’i nazar, ularni qarshi olishga intilamiz. (Yoqb. 2:1–4) Ularda kerakli adabiyotlar bo‘lishi uchun yoningizga o‘tirishga taklif qilasizmi? Shunda, u bo‘layotgan dasturni kuzatishiga va o‘qilayotgan oyatlarni topishiga yordam berayotganingizdan minnatdor bo‘lar. Bu, «mehmondo‘st bo‘linglar», degan chorlovga amal qilishning a’lo yo‘lidir. (Rim. 12:13)

6. Asosan kimlarni taklif qilishimiz lozim?

6 Dalda berib, taom bilan mehmon qilish. Qadimda mehmondo‘stlikni namoyon etib uyga ovqatlanishga taklif qilish odatiy hol edi. (Ibt. 18:1–8; Hak. 13:15; Luqo 24:28–30) Birga ovqatlanish do‘stlik va tinchlik bo‘lishiga imkon yaratardi. Asosan kimlarni taklif qilishimiz lozim? Bu, hayotimizning bir qismiga aylangan jamoatimizdagi birodaru opa-singillardir. Chunki og‘ir damlar kelganda, biz bir-birimizga suyanamiz. Barchamiz o‘zaro sodiq do‘st bo‘lib, tinch munosabatlarga ega bo‘lishimiz kutiladi. Qizig‘i shundaki, Yetakchi kengash 2011- yili Qo‘shma Shtatlardagi Baytil oilasi uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining muhokamasi o‘tadigan vaqtni 18:45 dan 18:15 ga o‘zgartirdi. Nega deysizmi? Sababi, muhokama ertaroq tugagach, baytilchilar o‘zaro mehmondo‘stlikni namoyon eta olishi mumkin. Boshqa filiallarda ham shunday yo‘l tutishdi. Bu tufayli baytilchilar yaqinroq do‘st bo‘la olishdi.

7, 8. Qanday qilib tashkilotimiz vakillariga mehmondo‘stlikni namoyon eta olamiz?

7 Boshqa jamoatlardan ma’ruzachilar kelganda, tuman nozirlari va ba’zida mahalliy filial vakillari tashrif buyurganda, mehmondo‘stlik ko‘rsatishimiz uchun imkon paydo bo‘ladi. (3 Yuhanno 5–8 ni o‘qing.) Buni qo‘ldan boy bermay, ularga dalda berib, biron taom bilan mehmon qilish mumkin. Siz ham bunga hissa qo‘sha olasizmi?

8 Qo‘shma Shtatlardagi bir opamiz shunday bo‘lishdi: «Yillar davomida erim ikkovimiz uyimizga anchagina ma’ruzachilar va ularning rafiqalarini taklif qilish imkoniga ega bo‘ldik. Har safar bundan zavq topardik — hazillashardik va eng muhimi, ma’nan kuch olardik. Bundan sira ham afsuslanmaymiz».

9, 10. a) Kimlarga turar joy taqdim etish kerak bo‘lishi mumkin? b) Sharoitlari uncha yaxshi bo‘lmaganlar ham bu borada yordamini taqdim eta oladimi? Misol keltiring.

9 Turar joy taqdim etish. O‘tmishda odatda yotib qolishni taklif qilib ham mehmondo‘stlikni namoyon etishardi. (Ayub 31:32; Filim. 22) Bugun ham shunday bo‘lishi mumkin. Ko‘p hollarda tuman nozirlari tashrif buyurgan jamoat a’zolarinikida yotib qolishadi. Tashkilotimiz maktablarida o‘qiydigan va’zgo‘ylar, jumladan, qurilishda ishtirok etadigan ixtiyoriy xizmatchilarning ham tunab qolishiga ehtiyoj bo‘ladi. Tabiiy ofatlar dastidan ayrim oilalar boshpanasiz qoladi va xonadoni ta’mirlanib bergunga qadar, kimningdir uyida yashab turishi kerak bo‘ladi. Bunday qilishni faqat uyi yaxshi jihozlangan imondoshlarimizdan kutmasak yaxshi bo‘lardi, chunki ular ko‘p marta bunday yo‘l tutishgan. Xo‘sh, sharoitlaringiz uncha yaxshi bo‘lmasa ham bu borada o‘z yordamingizni taqdim eta olasizmi?

10 Janubiy Koreyadagi bitta akamiz tashkilotimiz maktabida o‘qigan va’zgo‘ylarni unikida yashab turishga taklif qilgan paytni maroq bilan eslaydi. U quyidagilarni yozgan: «Boshida sal ikkilanib turgandim, chunki endi oila qurgan bo‘lib, kichik uyda yashardik. Biroq bu va’zgo‘ylar biznikida yashagani biz uchun juda quvonchli bo‘ldi. Men va turmush o‘rtog‘im, juftlik sifatida Yahovaga xizmat qilib va birga ma’naviy maqsadlar sari intilib qanchalar baxtli bo‘lish mumkinligini ko‘rdik».

11. Jamoatingizga yangi kelganlarga nega mehmondo‘stlik ko‘rsatishingiz lozim?

11 Jamoatga yangi kelganlar. Hududingizga ba’zilar ko‘chib kelishi mumkin. Ayrimlari va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgani bois ko‘chgandir. Yoki jamoatingizni qo‘llab-quvvatlash niyatida kashshoflar yuborilgandir. Ularning barchasi uchun atrofdagi odamlar, jamoat va ehtimol, hatto til yoki madaniyat yangi bo‘lishi hech gap emas. Ularga dalda berib, birga ovqatlanishga taklif qiling yoki yangi do‘st orttirishga va o‘zgargan sharoitlariga moslashishga ko‘maklashing.

12. Qaysi misol mehmondo‘st bo‘lishda ovoragarchilik shart emasligini ko‘rsatyapti?

12 Mehmondo‘stlikni ko‘rsatganda ovoragarchilik shart emas. (Luqo 10:41, 42 ni o‘qing.) Endigina to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilishni boshlagan paytni eslab, bitta birodarimiz shularni aytib berdi: «Biz yosh va tajribasiz edik, uyimizni sog‘inardik. Bir safar xotinim sog‘inch tuyg‘usidan shunchalar qiynalgan ediki, hech qaysi harakatim yordam bermadi. Keyin kechki payt yetti yarimlarda eshik taqilladi. Qarasak, qiziquvchi bir ayol bizni yo‘qlab uchta apelsin olib kelgan ekan. Uni uyga taklif qilib, bir stakan suv berdik. So‘ng esa choy va issiq shokolad damladik. O‘shanda biz suaxili tilini, u esa ingliz tilini bilmas edi. Ammo o‘sha voqea mahalliy birodarlar bilan do‘stlik rishtalarini bog‘lashimizga turtki bo‘ldi va bu bizga zavq keltirdi».

MEHMONDO‘ST BO‘LISHGA XALAQIT QILAYOTGAN TO‘SIQLARNI YENGISH

13. Mehmonga chaqirish qanday foyda keltirishi mumkin?

13 Mehmonga chaqirishga tortinasizmi? Unday bo‘lsa, maroq ila suhbatlashish va do‘stlashish fursatini qo‘ldan boy berish mumkin. Mehmondo‘stlik yolg‘izlikka qarshi samarali ziddi zahardir. Nega odam mehmon chaqirishga tortinadi, deb o‘ylayotgandirsiz. Buning bir nechta sababi bo‘lishi mumkin.

14. Mehmondo‘stlik ko‘rsatish uchun vaqtimiz yoki kuchimiz yo‘qday tuyulsa, nima qilsak bo‘ladi?

14 Vaqt hamda kuch. Yahovaning xizmatchilari juda band bo‘lib, odatda ko‘pdan-ko‘p vazifalarni bajarishadi. Ba’zilar o‘zini mehmondo‘stlik ko‘rsatish uchun vaqti yoki kuchi yo‘qday his etadi. Siz ham shunday vaziyatda bo‘lsangiz, jadvalingizni ko‘rib chiqsangiz yaxshi bo‘ladi. Xo‘sh, mehmondo‘stlikni namoyon etish uchun kerakli kuch hamda vaqtni topish niyatida ayrim o‘zgarishlar qila olasizmi? Muqaddas Kitobga ko‘ra, masihiylar mehmondo‘stlik ko‘rsatishi darkor. (Ibron. 13:2) Bunga vaqt ajratishning noto‘g‘ri joyi yo‘q, aslida, bunday qilishimiz to‘g‘ridir. Albatta, buning uchun ba’zi ishlaringizni chetga surib qo‘yishga tayyor bo‘lishingiz kutiladi.

15. Nima uchun ba’zilar mehmondo‘stlik ko‘rsatish qo‘limdan kelmaydi, deb o‘ylaydi?

15 O‘zingiz haqidagi fikrlaringiz. Aytaylik, mehmondo‘stlikni ko‘rsatmoqchisiz, ammo buni eplay olmayman deb o‘ylayotgandirsiz. Ayrimlar suhbat o‘xshamasligidan yoki mehmonlar zerikib qolishidan xavotirlanadi. Ba’zilar esa uncha ko‘p topmayman va jamoatning boshqa a’zolari qila oladigan ishlar qo‘limdan kelmaydi, degan fikrda. Unutmangki, eng muhimi uyimiz dabdabali emas, balki saranjom, toza va shinam bo‘lishidir.

16, 17. Xavotirlaringizni yengishga nima ko‘maklashadi?

16 Siz ham tortinayotgan bo‘lsangiz, yolg‘iz emassiz. Buyuk Britaniyadagi oqsoqol quyidagilarni aytib berdi: «Mehmonlar uchun tayyorgarlik ko‘rayotganda xavotirlanish hech gap emas. Lekin Yahovaga xizmat qilish bilan bog‘liq har qanday ish baraka va mamnuniyat keltirib, bunday xavotirlardan ustundir. Mehmonlar bilan birga qahva ichib, suhbatlashishdan maza qilaman». Shuni yodda tutingki, mehmonlarga shaxsiy qiziqish ko‘rsatish doim foydalidir. (Filip. 2:4) Deyarli hamma hayotidagi voqealarni aytib berishdan zavq topadi. Aynan shunday o‘tirishlarda bizda ham hayotimizdagi voqealar bilan bo‘lishish imkoni bo‘lar. Boshqa oqsoqol esa: «Jamoatdagi do‘stlarim uyimga kelganda, ularni yaxshiroq tushunib, yaqindan tanishish va ayniqsa, ular haqiqatga qanday kelganini bilib olish uchun zo‘r fursat tug‘iladi»,— dedi. Ha, mehr ila qiziqish ko‘rsatish hamisha mamnuniyat baxsh etadi.

17 Bitta kashshof opamiz tashkilotimizning maktablarida o‘qiydigan va’zgo‘ylarni unikida yashab turishga taklif qilar ekan. U shunday deb bo‘lishdi: «Avvaliga, uyimdagi mebel oddiygina va eski bo‘lganidan tashvishda edim. O‘sha maktablarda ta’lim beradigan birodarimizning xotini menga anchagina dalda berdi. U eri ikkovi tuman nozirlik xizmati bilan band bo‘lganda, moddiy emas, balki ular kabi diqqatini ko‘proq ma’naviy, ya’ni Yahovaga xizmat qilish va sodda hayot kechirishga qaratgan kishilar bilan o‘tkazgan vaqti eng zo‘r haftalar bo‘lganini aytdi. Bu menga onam kichikligimda: “Sabzavot yeb sevgi bilan kun kechirgan afzalroqdir”,— deb aytishlarini eslatdi». (Hik. 15:17) Iloyim, sevgingiz mehmondo‘stlik ko‘rsatishga undab tursin. Aslo tashvishlanmang!

18, 19. Boshqalarga nisbatan salbiy tuyg‘ularni yengishimizga nima qo‘l kelishi mumkin?

18 Boshqalar haqidagi fikrlaringiz. Deylik, jamoatdan kimdir jahlingizni chiqarayotgandir. U haqida salbiy tuyg‘ularingizni yengmasangiz, ular borgan sari yanada yomon tus olishi mumkin. Bu tufayli boshqalarga ham mehmondo‘stlik ko‘rsatish istagingiz so‘nishi hech gap emas. Yoxud kimdir sizni ranjitgandir va uni kechirish qo‘lingizdan kelmayotgandir.

19 Munosabatlarni yaxshilash uchun Muqaddas Kitobga binoan, hatto dushmanlarga ham mehmondo‘stlik ko‘rsatishimiz lozim. (Hikmatlar 25:21, 22 ni o‘qing.) Shu yo‘sin, kelishmovchilikning oldini olish va salbiy tuyg‘ularni bartaraf qilish mumkin. Mehmonga kelgan odamning ijobiy taraflarini, ya’ni Yahova uni O‘ziga jalb qilganda e’tibor bergan fazilatlarini ko‘ra olasiz. (Yuhan. 6:44) Kutilmaganda mehr ila mehmonga taklif qilish munosabatlar butunlayin o‘zgarishiga zamin yaratadi. Siz aynan sevgi ila mehmondo‘stlik ko‘rsatayotganingizga qanday amin bo‘la olasiz? Buning bir yo‘li Filippiliklarga 2:3 da: «Kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar»,— deb yozilgan maslahatga amal qilishdir. Imondoshlarimizni o‘zimizdan ustun qo‘yish uchun imkon izlash, ularga nisbatan sevgimizni kuchaytiradi va samimiy mehmondo‘stlik namoyon etishimizga yo‘l ochadi. Masalan, ular imon, sabr-bardosh, jasorat yoki boshqa fazilatlarni namoyon etishda bizdan ustun bo‘lishi mumkin.

YAXSHI MEHMON BO‘LING

Mezbon mehmonlarni kutib, tayyorgarlik ko‘radi (20- xatboshiga qarang.)

20. Nega va qanday qilib mezbonga hurmat ko‘rsatishimiz mumkin?

20 Sano bastakori Dovud: «Ey Yahova, chodiringda kim mehmon bo‘ladi?» — deb savol bergan. (Zab. 15:1) Keyin esa, u Xudo O‘z mehmonlarida ko‘rishni xohlagan ilohiy fazilatlarni keltirgan. Bunday kishilar o‘z so‘zida tura biladigan bo‘lishi kerak. Ular haqda shunday deyilgan: «O‘z zarariga bo‘lsa-da, bergan va’dasining ustidan chiqadi». (Zab. 15:4) Mehmonga borishga rozilik bildirgan bo‘lsak, uni shunchaki bekor qilmasligimiz lozim. Boisi, mezbon tayyorgarlik ko‘rgandir va uni besabab bekor qilsak, barcha urinishlari zoye ketadi. (Mat. 5:37) Ayrimlar yaxshiroq tuyulgan taklifni qabul qilib, oldingi taklifga rad javobini berishi mumkin. Xo‘sh, bu sevgi va hurmatdan dalolat beradimi? Mezbon nima taklif qilishidan qat’i nazar, u ko‘rsatgan mehmondo‘stligi uchun chin dildan minnatdor bo‘lish yaxshidir. (Luqo 10:7) Jiddiy vaziyat tufayli taklifni bekor qilishga to‘g‘ri kelsa, bu haqda mezbonga imkon qadar oldinroq aytsangiz, sevgi ko‘rsatgan bo‘lasiz.

21. Mahalliy odatlarni inobatga olish yaxshi mehmon bo‘lishimizga qanday hissa qo‘shadi?

21 Shuningdek, mahalliy odatlarni ham hurmat qilish darkor. Ayrim madaniyatlarda kutilmaganda mehmonga borish yaxshidir, ba’zilarida esa oldindan kelishib olish kerak. Qaysidir hududlarda mezbon mehmonni to‘rga chiqaradi, barcha oila a’zolari esa o‘z o‘rnini bo‘shatishga tayyor bo‘ladi. Ayrim joylarda mehmon mezbonga biron narsa olib kelishi tabiiy, boshqa joylarda esa mehmon qo‘li bo‘sh kelsa yaxshidir. Ba’zi madaniyatlarda birinchi yoki ikkinchi taklifni rad etish o‘rinli, boshqalarda esa bu hurmatsizlik deb sanaladi. Shunday ekan, keling, mezbon bizni taklif qilganidan xursand bo‘lishiga harakat qilaylik.

22. Nega o‘zaro mehmondo‘st bo‘lish juda ham muhim?

22 «Barcha narsa o‘z nihoyasiga yetib qolgan ekan», bunday yo‘l tutish har qachongidan ham muhimdir. (1 Butr. 4:7) Biz yer yuzida hali bo‘lmagan buyuk musibatga duch kelamiz. Ta’qiblar kuchaygani sayin, birodaru opa-singillar orasida kuchli sevgi hukm surishi kerak bo‘ladi. Hozir, Butrusning masihiylarga: «O‘zaro mehmondo‘st bo‘linglar»,— deb aytgan maslahatiga amal qilishning ayni paytidir. Keling, bundan buyon ham mehmondo‘st bo‘lishda davom etaylik. (1 Butr. 4:9)